Ziraddin Qafarli (1955)

Ziraddin Qafarli (Zirəddin Qafarlı) 1955 yilda Ozarbayjonning To‘viz tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirgandan keyin 1972—1973 yillarda ishchi bo‘lib ishlagan, harbiy xizmatdan so‘ng 1983—1989 yillarda M. Gorkiy nomidagi Dunyo adabiyoti institutida o‘qigan. “Yozuvchi” nashriyotida (1989— 1993), Ozarbayjon TVda (1993—1997), Adabiy targ‘ibot byurosining Sumgait bo‘limida (1998—2008) ishlagan. Hozirda Ijtimoiy TVda ishlaydi.
Adabiy faoliyatini 70-yillarda boshlagan. Bu kungacha uning beshta she’riy kitobi chop etilgan. “Dunyo bilan yuzma-yuz” (1989), “Haqdan kelgan og‘riqlar” (1991), “Seni kutaman” (2002), “Bu yo‘ldan o‘tgan otliq” (2005), “Qaydasan umrim-kunim” (2008).

DUNYo TAMIZLANAR, DUNYo POKLANAR

Ne-ne yo‘llar yurib horidi dunyo,
U ham o‘z otini minmoq istaydi.
Shunday yona-yona qovrildi dunyo,
Suvlarga otilib cho‘mmoq istaydi.

Bevaqt erkimizdan bu dunyo bezdi,
Olisda gizlanmak istaydi yana.
Uni chirk qopladi, uni kir ezdi,
Dunyo tamizlanmak istaydi yana.

Balki jonga tekkan odamlar bari,
Horg‘in, xafasidir vaqtning, asrning.
Yozda gul-chechagi, yonbagri, jari,
Qishda ko‘rpasidir vaqtning, asrning.

Axir yurt — uyadir bu Yer kurrasi,
To‘g‘ri bo‘larmi hech yonmoq bu Yurtga?!
Der edik: jonimiz har bir zarrasi,
Biz yomon, xor boqdik ammo bu Yurtga.

Go‘yo jim har narsa, jimjitdir ellar,
Hayot boshdan-oyoq achidi shunday.
Gullamaydi gullar, o‘smaydi gullar,
Bizning dunyomiz ham ranjidi shunday.

Kiftida ne uchun yuk bo‘ldik uning?
Toshib dengizlanmak istaydi dunyo.
Bu mening so‘ngimdir, bu sening so‘nging,
Bizdan tamizlanmak istaydi dunyo.

TERMA

Men-ku seni hech unuta olmayman,
Xotiralar, bas, ne uchun yig‘laydi?!
Erda, ko‘kda qaror tuta olmayman,
Qolgan heching, ketgan ko‘ching yig‘laydi.

Bo‘m-bo‘sh qoldi o‘ngu so‘lim, kel ko‘ray,
Ayt, qaydasan, sirli gulim, kel ko‘ray.
Bosdi uyim, sindi qo‘lim, kel ko‘ray,
Hiq-hiq etib sensiz ichim yig‘laydi.

Bu yolg‘izlik yuragimga dard bo‘ldi,
Ziraddinman, uvol ko‘zim to‘rt bo‘ldi,
Bir ortga qayt, ohlarimga ko‘k to‘ldi,
Yo‘llaringda bir ko‘karchin yig‘laydi.

DARDIM

Ne-ne yerga bo‘lingansan,
Bu yoz dardim… bu qish dardim…
Bir olam dunyong bor sening,
O‘z dunyongga sig‘ish, dardim!

Na ketarsan, na qolarsan,
Yana qayga bosh urarsan?!
O‘zing to‘lib bo‘shalarsan,
Bulut dardim, yog‘ish dardim.

Bir oh tortar ko‘k terandan,
Ko‘klarim suv, ko‘klarim nam,
Hasratimning ko‘klaridan
Bulut dardim, yog‘ish dardim.

Uzma safni siyraklatib,
Qatorlarni zaiflatib,
Ko‘zlarimga to‘lma yotib,
Yuragimga yig‘ish, dardim!

TO‘KILGAN TO‘LMASA…

Bu dunyo deganing, bilasan o‘zing:
Javobsiz savoldir, savolsiz javob.
Ustida kezganing bu yer yuzining
Bir uchi gunohdir, bir uchi savob.

Men sening qadringni balki bilmadim,
Axir bu hasratni tashiyman qancha?!
Bir gal yo‘l azobin cheka bilmadim,
Endi xush kunlarni yashayman qancha?!

Bo‘ynimga oldim-ku gunohlarimni,
Yo‘qotdim sanog‘in e’tiroflarning.
Ilohi, bir shunday gunoh bo‘larmi,
Ayt, nadir gunohi qalbi soflarning?

Chindan-da yashashim yashamoq emas,
Chindan-da aldangan bir avomdirman.
O‘xshashlik — kimgadir o‘xshamoq emas,
Pishgan yo pishmagan g‘o‘ra, xomdirman.

Borgan yo‘llarimni ortga qaytarib
Osganim ma’quldir bo‘ynimga arqon.
Men bu gunohlarni, bu sitamlarni
Vanchalik olayin bo‘ynimga, qachon?

Dunyoda gunohsiz yashab bo‘lmaydi,
Axir bir Haqqi bor bu haqsizlarning!
Hol shuki, to‘kilgan hech vaqt to‘lmaydi,
Gunohi bor emish gunohsizlarning…

Miraziz A’zam tarjimasi