Ozarboyjon xalq shoiri Rustamzoda Sulaymon Aliabbos o‘g‘li (Süleyman Rüstəm) No‘vxoni qishlog‘ida temirchi oilasida tug‘ilgan. 1928 yili Ozarboyjon Davlat universitetining sharq fakultetiga kirgan, so‘ngra 1929 yilda Moskva Davlat universitetining adabiyot va san’at fakultetiga o‘tkazilgan.
Ozarboyjon Davlat akademik drama teatri direktori, “Adabiyot gazetasi” bosh muharriri, Ozarboyjon Oliy Kengashi raisi bo‘lib ishlagan. 1989 yil 10 iyunda Bokuda vafot etgan.
TUG‘IShGAN ShAHAR
Toshkent, qadim shahar, quloq sol bir oz,
Qardoshing, Bokuning shoir o‘g‘liga.
“Jon”, deydi, bag‘ringda kuylagan bu soz,
Bog‘ingda, bog‘changda joy ko‘rsat unga.
Tilimdan tushmaydi shuhrating, oting,
Suhbatda men nuqul sha’ningni deyman.
Ko‘zimdan bir lahza yiroq bo‘lmading,
Men seni har qayda Vatan atayman.
Birdir bayrog‘imiz, birdir orzumiz,
Birdir qo‘shig‘imiz el orasida.
Payqar sof ishqimni har yigit, har qiz,
Shoir ko‘ksimdagi so‘z daryosida.
Ey, zangor do‘ppili, gul kiygan shahar,
Ona beshigisan qahramonlarning,
Manglayda quyoshday porlaydi zafar,
Issiq quchog‘isan mard insonlarning.
Men senga maftunman yillardan beri,
Mening armonimda, tilagimda sen.
O‘zbek qardoshimning dilbar shahari,
Tuqqan shaharimday yuragimda sen.
MENSIZ
Bir kun bu dunyodan o‘taman men ham,
Yulduzlar, oy, quyosh chiqadi mensiz,
Ayriliq sharbatin totaman men ham,
Odamlar chamanga boqadi mensiz.
Hayot yoziladi cho‘ziq yo‘llarda,
Aylanar dunyoni qish ham, bahor ham,
Yomg‘ir ham, do‘llar ham, pag‘alab qor ham –
Ko‘kdan yer yuziga yog‘adi mensiz.
Ellardan qimirlar adl teraklar,
Tuproqdan qalqadi gullar, chechaklar,
Loladek kuladi dardsiz yuraklar,
Daryolar, buloqlar oqadi mensiz.
Farqlanmay qoladi qishloq va shahar,
Xushvaqt umr ko‘rar avlodi-bashar,
Ulug‘ ayyomlarda baxtli yigitlar
U ayyom qo‘lini siqadi mensiz.
Baxtini baxtimda topadi olam,
O‘chirib qo‘yilar lug‘atdan “alam”,
Vatanning yerida, qo‘lida qalam,
Shoirlar sayrga chiqadi mensiz.
Armonli tugamas dunyoda yo‘lim,
Mening nuri-diydam yagona o‘g‘lim,
Yurtning dilbariga bag‘ishlab ko‘nglin,
Qo‘liga uzukni taqadi mensiz.
Shod davron suradi bu tug‘ma ellar,
Sevib seviladi ozod ko‘ngillar,
Yigitlar qalbida tannoz go‘zallar
Yana ishq o‘tini yoqadi mensiz.
1956
ILK MUHABBAT
Sevib sevilganlar ko‘p yaxshi bilar,
Bo‘lmas-kan vafosi ilk muhabbatning.
Poylaydi oshiqni to qabrgacha
Shirin mojarosi ilk muhabbatning.
Mening aytganlarim shikoyat emas,
Yurakni yoquvchi hikoyat emas,
Haqiqiy oshiqqa kifoyat emas –
Tuganmas jafosi ilk muhabbatning.
Sevgisiz gul, chechak bitmas, ey ko‘ngul,
Inson murodiga yetmas, ey ko‘ngul,
Negadir, bilmayman, ketmas, ey ko‘ngul –
Boshimdan savdosi ilk muhabbatning?
Bu dardga ne qilgay Luqmonning qo‘li?
Qo‘limga tegmasdan jononning qo‘li –
Qoqdi qopqamizni hijronning qo‘li –
Shumikan ma’nosi ilk muhabbatning?
Men uni sevgandim bir ilk bahorda,
U meni tashladi bo‘ronda, qorda,
Har yara sog‘ayib unutilar-da,
Sog‘aymas yarasi ilk muhabbatning!
1944
Maqsud Shayxzoda tarjimalari
O‘RNINI BOSA BILMAS
Men qo‘llari qabariq, vatanimda bir bog‘bon,
Bog‘chamning gullarini yot qo‘llar uza bilmas.
Kezib yursin jonimday aziz yorim xiromon,
Ishqimning sharorasin ko‘r ko‘zlar ko‘ra bilmas.
Yuragimning ko‘zidir mening dunyoga darcham,
Ko‘rganlarim naqsh bo‘lib dilga yozilar har dam.
Dunyoning qo‘shiqlari bari bo‘lganda ham jam,
Bir ona allasining o‘rnini bosa bilmas.
AXTARING
Bir kun yodingizga tushsam mabodo,
Bu ona yerlardan meni axtaring.
Besh-olti qo‘shig‘i muallifini
Sevgan ko‘ngillardan meni axtaring.
Ilk bahor chog‘ida,
Isa bog‘ida,
Oraz qirg‘og‘ida
Sayr etgan chog‘da
O‘rdakli ko‘llardan meni axtaring.
Eng aziz bilganim jonajon Vatan,
Umidim bosadi na tuman, na chang,
Karvon-karvon bo‘lib ma’noli kechgan –
Oylardan, yillardan meni axtaring.
Bu ko‘rar ko‘zimni,
Yurak so‘zimni,
Mening bor vujudim,
Mening o‘zimni
Kuy sevgan dillardan meni axtaring.
QIMMATI YO‘QDIR
Siynasi daryoday she’r-la toshgan
Shoirning quyoshsiz sahari yo‘qdir.
Qora kun ham o‘tdi, yorug‘ ham boshdan,
Demanglar, dunyodan xabari yo‘qdir.
Bu tuproq o‘g‘lining orzusi ziyod,
Yorqin cho‘qqilarga to‘liqdir hayot.
O‘zini menga do‘st bilmagan bir zot –
U kim dilda toza gavhari yo‘qdir.
Sevgisiz va dardsiz kechirgan umr
Hayotmas, hulyodan izlagan huzur.
Vatansiz, onasiz, betole’, benur
Kuni o‘tganlarning bir qadri yo‘qdir.
Zulfiya tarjimasi
ISYoN KUTAR
Uzoq ellarning mehnatkash yoshlariga
Vujudingni ezar ekan qayg‘u alam, asorat,
Bas qil bunday yotmoqlikni, qo‘zg‘al, tur, bu na holat!
Yana ofat changal solar, ana ko‘rib turibman,
Nahot seni uyquda-yu g‘aflat aro ko‘rib turibman,
Qani go‘zal, olov yoshlik, dushmaningga hamla qil,
Isyon ko‘tar, yana isyon, bu kurashni sharaf bil!
Ruhlaringni kemirmasin u “madaniy” zotlar, tur.
Ko‘zlaring och, ey qardoshim, atrofga boq, qani yur!
Yana dahshat tuzog‘ini qo‘ymoqdalar, ana boq.
Yana senmi qon qusarsan? Qanday dahshat, bu evoh!
Mana bizda bahor fasli, gul-chechagu nur, quyosh…
Nega sening ko‘zlaringdan yosh oqadi, achchiq yosh?
Nega boyqush yayrab yurar sening ona yurtingda?
Haqqing olmoq niyat bo‘lsa yosh qalbingda, qaddingda.
Oyoqqa tur, uni yo‘q qil, g‘animatdir har bir dam.
Ko‘r-chi, nima talab etar sendan yangi bu olam:
— Isyonchi bo‘l, isyonchi bo‘l, isyonchi bo‘l beomon!
Sharqning yongan chirog‘ini qayta yondir, ey inson!
Tur, yig‘lama, yoshlaring art, qiynalmasin axir jon.
Isyon ko‘tar, isyon ko‘tar, do‘stlaring-la yonma-yon!
Zanjirlarni parchalab ot, seni kutar hurriyat,
Isyon bilan, isyon bilan, yo‘l topadi haqiqat!
Shuhrat tarjimasi
NE HOJATDIR…
Maroqli o‘tarkan majlisda suhbat,
Palov ne hojatdir, osh ne hojatdir?
“Og‘zi bo‘sh” odamlar oldida gullab
Etmak o‘z siringni fosh ne hojatdir?
Axir u Vatanga ko‘ngil bermagan,
Bir gul undirmagan, bir gul termagan,
Fitna-yu fasoddan yuz o‘girmagan,
Qabrining ustiga tosh ne hojatdir?
Bodani qo‘lidan sira qo‘ymagan,
Maqtovu shuhratdan ko‘zi to‘ymagan,
Vatanni tuymagan, elni tuymagan —
Yuraksiz odamga bosh ne hojatdir?
Oydin Hojiyeva tarjimasi
MENING ILHOMIM
Men ilhomni, hamma bilur, bo‘shliqlardan olmayman.
Barmog‘imni peshonamga qo‘yib o‘yga tolmayman.
U shoirdan, bu shoirdan ko‘chirmayman she’rimni,
Shoir kabi bu hayotda bilaman o‘z yerimni.
Meni ta’rif etsalar ham tez-tez so‘zning boshida,
Bundan boshim aylanmaydi umrimning bu yoshida.
Siynam bir kon, qo‘lim bolg‘a, so‘zim esa temirdir,
Mehnatimning natijasi, ozmi-ko‘pmi, she’rimdir.
O‘sha meni Vatanimga va xalqimga bog‘lagan,
Ilhom to‘la yuragimni shu qadar yosh saqlagan.
VASIYaT
Aziz bolam, yaqin kel, yaxshi quloq os menga,
Kel, so‘zlayin otamdan ne qoldi meros menga.
Ellik yil temir yanchgan po‘lat bolg‘a, bel, parkor,
Orzumizdan yaralgan bu davlatga e’tibor.
Ona tuproqqa hurmat, xalqqa chuqur muhabbat.
Bu – charchashni bilmagan qo‘llarimdagi quvvat.
Bularsiz yashamasdim, o‘tmasdan dildan-dilga,
Tushmasdi shoir nomim bularsiz tildan-tilga.
O‘g‘lim, ko‘zing yaxshini, yomonni ajratolsin,
Mayli, bu oddiy meros ham mendan senga qolsin.
Uyg‘un tarjimasi
ARZIM BOR
Men sevay, sen sevma, kel, shunday bo‘lsin,
Senga sev demoqqa ne jur’atim bor?
Yurak o‘zingniki o‘zing bilarsan,
Mening ham ahdimda sadoqatim bor.
Mendek sevgan qani yorug‘ dunyoda,
Boshimdan ketmagay sira bu savdo,
O‘lsam ham sirimni ochmasman doda,
Sandan yor, sanga yor shikoyatim bor…
Yaxshi tanimaysan meni hali san,
Yor solding oshiqlik dildan-dilga san.
Naylayin man shundoq, san ham a’losan,
Maning ko‘p to‘zimlik muhabbatim bor.
* * *
Buncha kulmas gul-chechak, san bo‘lmasang, man bo‘lmasam,
Oy, quyosh kerak bo‘lmagay sen bo‘lmasang, men bo‘lmasang.
Shubhasiz, san, man-bizmiz, biz- san, man ham,
Yo‘q qanotlanmas tilak, san bo‘lmasang, man bo‘lmasam.
El, vatan ko‘yida biz yo‘llarda qonlar- ter to‘kmasak,
Ishq ila urmas yurak sen bo‘lmasang, men bo‘lmasam.
Muhtasham ko‘klardagi yulduzlarning dunyosiga,
Kim bo‘lar ming bir bezak san bo‘lmasang, man bo‘lmasam?
Biz shaharlar solgaymiz jon bergaymiz tuproqlarga,
Dasturxon non ko‘rmagay, san bo‘lmasang, man bo‘lmasam…
ILK MUHABBAT
Sevib-sevilganlar go‘zal deb bilur,
Bo‘lmaydi vafosi ilk muhabbatning.
Izlaydi oshig‘i so‘ng manzilidek,
Shirin mojarosi ilk muhabbatning.
Mening aytganlarim shikoyat emas,
Yurakni yondirgan hikoyat emas,
Haqiqiy oshiqqa kifoyat emas-
Tuganmas jafosi ilk muhabbatning.
Sevgisiz gul-chechak bitmas, ey ko‘ngil,
Inson murodiga yetmas , ey ko‘ngil.
Negadir, bilmayman ketmam, ey ko‘ngil,
Boshimda savdosi ilk muhabbatning?!
Bu dardni naylaydi Luqmonning qo‘li?
Qo‘limga qo‘yilgan jononning qo‘li,
Eshigimiz chertar hijronning qo‘li,
Shumidi ma’nosi ilk muhabbatning?
Men uni sevganman bir ilk bahorda,
U mani tark etdi, bo‘ronda qorda.
Har yara bitadi, unutilganda,
Tuzalmas yarasi ilk muhabbatning!
Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi