Rasul Rizo (1910-1981)

Ozarboyjon xalq shoiri Rasul Ibrohim o‘g‘li Rizayev (Rəsul Rza) Go‘ychoy tumanida tug‘ilgan. 1927—1937 yillarda Zakavkaze universitetida, Moskva Millatlar institutida o‘qigan.
Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi raisi, Ozarboyjon Kinematografiya qo‘mitasi raisi, Ozarboyjon Entsiklopediyasi Bosh muharriri, Xabar agentligi raisi bo‘lib ishlagan.
1981 yilda Bokuda vafot etgan. U shoira Nigor Rafibeylining umr yo‘ldoshi, yozuvchi Anorning otasi, yozuvchi Gunel Anorqizining bobosidir.
Shoirning ilk she’ri 1927 yilda “Qizilqum” to‘plamida chop etilgan. “Derazamga tushgan yog‘du”, “Tuyg‘ular, tushunchalar”, “To‘zim”, “Janublar, shimollar”, “Qizil gul bo‘lmasa edi”, “Bir kun ham inson umri”, “Xalq hakimi” kabi o‘nlab she’riy kitob va dostonlari nashr qilingan. Bulardan tashqari u bolalar uchun ham asarlar, ilmiy-tanqidiy, publitsistik maqolalar ham yozgan, chet tillardan Ozarboyjon tiliga o‘nlab badiiy durdonalarni tarjima qilgan.

KO‘NGIL

Omon ko‘ngil, sening dastingdan omon!
Meni bu savdoga solgan sen o‘zing.
Visol ohanglari yangragan zamon,
Hijron torlarini chalgan sen o‘zing.

Umidlar yosh kabi to‘kildi-ketdi,
Ishqim chok-chokidan so‘kildi-ketdi,
Men yondim hajrida, u kuldi, ketdi,
Ayriliqda bo‘zlab qolgan men o‘zim.

Fuzuliydan o‘rgan muhabbat nadir,
Sevinchdir, g‘ussadir, g‘amdir, noladir,
Bir kun firoq dardi uzun yilchadir,
Ahdiga vafoli qolgan men o‘zim.

IRODA

Bu kunning kechasi, ham ertasi bor,
Kelib ketdi kunlar.
Kelar, yana ketar bir zamon.
Umidlar, orzular
Bor edi kecha,
Bugun ham bor,
Ertaga ham bo‘lur begumon.
Quyosh porlagandi kecha,
Bugun ham,
Ertaga ham bo‘lur nurafshon.
Kechani umid-la yakunlab doim,
Ertani umid-la boshlaylik har on.

Nosir Muhammad tarjimasi

SADOQAT

Turnani otdilar
ayni sahar chog‘,
Olis ufqlarda
qosh qizarganda.
Lolalarning naqshi
ko‘l uzra – chiroq,
Soyasi adirlar
qirda o‘landa.

Turna yolg‘izmasdi,
juft edi turna,
Balki muhabbatdan
suhbati bordi…
Nomard o‘qqa uchdi
bo‘lsa-da harna,
Lolalar titradi,
O‘tlar qizardi.

Kerdi qanotini
ikkinchi turna,
Yuksaldi ko‘klarga,
balki qochdi u.
Balki bu ma’nosiz,
zolim o‘limni
Ko‘rib telbalandi,
shundoq shoshdi u.

Turna uchdi, uchdi,
quyida qoldi
Baland bulutlarning
ustki qatlari.
Ko‘kda bir ko‘rindi
qatra yosh kabi

Va birdan yig‘di-yu
u qanotlarin,
Erga kelib tushdi
Og‘ir tosh kabi.

Ozarbayjon tilidan Razzoq Abdurashid tarjimasi

RANGLAR TURKUMIDAN

Oq rang

Uyqudagi go‘dak tabassumi.
Umid.
Ta’masiz bir yaxshilik.
“Sizda saraton yo‘q”, –
so‘zlari aytilgan daqiqa.
Inson saodatiga sabab bo‘luvchi hamma narsa…
Hatto –
Tasalli uchun aytilgan yolg‘on.
Va yana insoniy bir do‘stlik.

Oq rangning sevinch tusi

Buvining belbog‘i.
Vatan tuprog‘i.
Gul ochgan bahor butog‘i.
Kabutar qanotlari.
Shimol qori.
Go‘dakning sutga bulangan yuz-ko‘zi.
Sho‘rvaga yuzlamcha botirib chiqarilgan
Qoshiqdan olingan lazzat.
Shubhalar tarqab ketgan kun.
Do‘stning qo‘li.
Echilgan tugun.
Inson nomiga loyiq
Ishlar, ishlar, ishlar.

Bo‘zrang

Ko‘plarga qorishib yitganlar.
Har tuproqda bitganlar.
Jonsiz barmoqlar orasida
so‘ngan sigaretning uzun guli.
Etkin gullar – yelim qog‘ozga o‘rog‘liq.
Bo‘sh kunlar,
bo‘sh yuraklar.
Ham undoq, ham bundoq odam.
Odatdagi ko‘ngilsiz kulgi.
Sovuq tanholikdan
sochlarga qo‘ngan kumush.
Etim bir qizaloqning
uniqib ketgan etagi.
Vaqtning tussizligi.

Moviy

Dolg‘asiz dengiz.
Iztirobsiz muhabbat.
Samoning teranligi.
Degoning “Raqqosalar”i,
Yosh bir rassom chizgan quyosh.
Ko‘zlar osoyishtaligi.
Insonning o‘ylari.
Muz orollar orasida
suv ko‘chalari.

Qora

Nomard dushman.
Shuurga yashiringan qo‘rquv.
Abadiy ayriliq azobi.
Yashash uchun suringanlar izdihomi.
(Xasta bo‘lib suringanlar bundan xorij).
G‘irt yolg‘on.
Dudoqlarni kuydirgan oh.
Qatl kuniga ochilgan saboh.
Dog‘ tushgan so‘zlar.
Ko‘zlardagi uchqun.
Sochlar, qoshlar.
Qoranafas bo‘lgan jayronning eti.
Va yana
ba’zi inson niyati.

Ozarbayjon tilidan Usmon Qo‘chqor tarjimasi

AYRILMAYLIK

Hayoling men bilan, sen uzoqdasan,
Hijroning yo‘llari umr qadardir.
Va yolg‘iz oqshomda samoga boqsang,
Sening xayolingman, birga safardir.

Kel, ort panjarani, boqib yuz- yuzga,
Bir sen bo‘l, biri men, bioi ko‘zlaring.
Visol g‘arq bo‘larkan hijron dengizga,
Oq bir yelkan bo‘lsin u so‘ng so‘zlaring…

Bir sen bo‘l, biri man, birdir dardimiz,
Yig‘laylik to‘yguncha, kulib to‘yguncha.
Boshni-boshga qo‘yib bu muhlatda biz,
To‘ysin eshiklari mushti to‘yguncha. .

To‘ysin qo‘y ochmaylik, zeriksin tilak,
G‘amli hijron qolsin eshikda mushtoq.
Bir on visolingga talpinsin yurak,
Sog‘inamiz qayta biz ayrilmayoq…

KO‘ZLAR

Ko‘plari dod dedi, isyon ko‘tardi:
“Yozimni xazonga bermasin ko‘zlar!”
Men ham qo‘l qo‘yayin shunday deganga,
Or bo‘lsin bu ahdi so‘zona, ko‘zlar!

Biri qora dedi, biri ola ko‘z,
Bu chehrang ko‘z dedi, u piyola ko‘z,
Manga na egri ko‘z, nadir balo yeo‘z,
Ruhimga xush kelar milyonlab ko‘zlar!

Rangini bilmadim, sariqdir, bo‘zdir,
Ko‘ngil havolandi, ming yerga yuzdi.
Anchaki, sevgimning bojini buzdi,
Qo‘ymadi hayronman bir yonga ko‘zlar.

Yana bir daryodir shoir hayoli,
Ko‘tardim bo‘ynimda she’rni, boboli.
Biri olcha terur, biri giyohni,
Hech bilmadim boqur qayona ko‘zlar…

Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi