Ali Nazmiy (1878-1946)

Ali Nazmiy (Əli Nəzmi) Ganja yaqinidagi Sarob qishlog‘ida tug‘ilgan. Eski maktabda tahsil olayotganida, otasi vafot qiladi va savdogar qishloqdoshi bilan 1885 yilda Buxoroga keladi. Do‘konda ishlaydi, o‘qiydi, rus tilini ham o‘rganadi, matbuotga qiziqadi va ilk she’rlarini yozadi. Bir muddat Samarqandda yashagach, 1901 yilda qishlog‘iga, onasining yoniga qaytadi.
1904 yilda Tiflisga boradi, J.Mamadqulizoda kabi ozariy ma’rifatparvarlar bilan tanishadi, matbuotga qatnasha boshlaydi, “Sharqiy Rus” gazetasida she’rlari bosiladi. 1907 yilda Bokuga keladi, “Mulla Nasriddin”, “Zanbur”, “Mazali”, “To‘ti” kabi hajviy jurnallarda ko‘plab asarlarini e’lon qiladi. 1916 yili Ganjaga qaytadi.
Bir muddat maktabda dars beradi, 1926 yildan keyingi hayotini matbuotga bag‘ishlaydi, asosan gazeta va jurnallarda xizmat qiladi. 1946 yil 4 yanvarda Bokuda vafot etgan.
U bir necha taxallus bilan ijod etgan. Dastlabki ikki kulliyoti Sijimquli taxallusi ostida bosilgan. Ali Nazmiyning Ganja za Bokuda o‘nlarcha kitobi nashr etilgan: “Sharobchi” (1908), “Sijimqulinoma” (1927), “Balki shu yaxshi bo‘ldi” (1930), “Uch Mashhadiy” (1935), “Hajviyot o‘qlari” (1946), “Tanlangan she’rlar” (1950), “Tanlangan asarlar” (1959), “She’rlar” (1963), “Mulla Nasriddinchi shoirlar” (1986).

TOPIShMOQ

Top, ko‘ray, qaysi
viloyatdir ul,
O‘ljani olgan kim? Bola-chaqami?
Har ahli jahlu jaholatga qul,
Xoni, mullasi — ilon, baqami?
Nomi ozod yurt, o‘zi istibdod,
Qayda hokim, bek — barchasi jallod?
1912 yil

BO‘LAJAKMI

Fahmingcha sening, millatimiz shod bo‘lajakmi?
Vayrona shu yurt, mulkimiz obod bo‘lajakmi?

Barbodu talon haqqimiz, insonligimizdek,
Qul bo‘lgan oti qul yana, barbod bo‘lajakmi?

Qurbon bo‘layin, menga shu jumboqni tushuntir:
Shul eski papaxlar yana ijod bo‘lajakmi?

Doim qolajakmi asoratda musulmon?
Zanjirni uzib, ul-da yo ozod bo‘lajakmi?

Boshlarga balo yomg‘iri har dam yog‘ajakmi?
Yo kun chiqaru bizga-da, imdod bo‘lajakmi?

Hurriyat, adolat va musovotni jamoli
Bul o‘lkada ham jilvalanib, dod bo‘lajakmi?

ADOLAT

Ey, dunyoda o‘zi yo‘g‘u oti bor,
Insonlarning dardlariga darmon sen.
Ey, yo‘lingda hamma ko‘zlar intizor,
Shu hayotda shirin orzu-armon sen.

Mansub bo‘lsin har ne kasbu har dinga,
Hir kim uchun sensan suyanch, muddao.
Har yer to‘liq yomonlik, zulmu kinga,
Qaydasan sen? Yo‘qsan, puchdir iddao.

Ey adolat, ey muborak kalima,
Bor bo‘lsang, kel! Yo‘qman, dema, yo‘q dema…
Bor bo‘lsayding, sendir otning qashqasi,
Kimdir kulib, yig‘lamasdi boshqasi.

HURRIYaTDAN KIM QANDAY ULUSh OLDI

O‘lkamizga kirib keldi hurriyat,
Millatlarga bo‘lgay endi shu qismat:
Fin xalqiga – yirtiq-yamoq istiqlol,
Polyaklarga – bir qop va’da, pok-halol!
Ukrainga – muxtoriyat, suv, tuproq,
Turkistonlik muslimlarga shapaloq.
Litvalikka – istagancha ixtiyor,
Buxorolik, xivalikka – zahri mor.
Kazaklarga – ne’mat to‘la Kuban, Do‘n,
Lazginlarga, cherkaslarga – “Pasho‘l vo‘n!”
Latishlarga – bir oz ulush bo‘lsa, bas,
Juhudlarga, tatarlarga – bo‘sh qafas.
Xoxollarga – yer ber, yangi buyruq ber,
Qrimligu qirg‘izga musht-yumruq ber.
Ruminlarga – yurt va uy-joy, yo‘l, iqbol,
Erli-yurtli gurjilarga – his-xayol.
Greklarga – ne bersang ber, sep sepki,
Ozarbayjon turklariga – ming tepki.
O‘ruslarga – muxtoriyat, og‘alik,
Armanlarga – imperiyada darg‘alik.

 Ozarbayjon tilidan Tohir Qahhor tarjimasi