Malachi Edvin Vetamani (Malachi Edwin Vethamani) – Taylor universiteti professori, Nottingham universiteti faylasufi. Zamonaviy malay adabiyotining yirik namoyandasi, shoir, publitsist, hikoyanavis. Bir qator xalqaro mukofotlar sovrindori.
YoShLIKDAGI TUYG‘ULAR
Yoshlik tuyg‘ulari shafaq rangida –
Kuyuk, oshkora
So‘nmoqda quvvat
Bemajollik ta’qib qilmoqda
Besamarlik undar ruhiyat sari
Aqlsizlik aqlni qilar kalaka.
Mudhish haqiqatlar so‘nik orzularning
O‘rnin egallar –
Butkul tugatar.
To‘zg‘ib yurar istaklar
Ta’sirin o‘tkazar inqiroz
To‘xtovsiz ixtilof charchatgan uni
Aql, yo‘qolgan quvvatga to‘kadi ko‘z yosh.
NOTANISh YO‘L
Manzil olis, masofa olis,
Ayon etmog‘imning o‘zi noayon.
Ro‘paramda turadi tilsim
Ro‘paramda adog‘siz makon.
Ne maxluqot, ne sinoat u,
Zulmat ichra to‘qnashgan devor.
Oyog‘ini sudragan bazo‘r
Ona maymun g‘amboda, nochor.
Mashinaning g‘alat tovushi
To‘xtatdimi seni yo‘lingdan?
Oyog‘ingda turibsan titrab,
Hadikdasan mendan… o‘limdan…
Sekinladim, sekin tobora
Senga tikdim ikki ko‘zimni.
“Chekinarmi bu jonli devor?”
Degan xayol chulg‘agan ko‘yi.
Yo‘q, sen-da menga tikilding uzoq,
So‘ng qichqira ketding daf’atan.
Ko‘zlaringda aks etar so‘roq,
Ko‘zlaringni qayg‘u qoplagan.
O‘tdim-ketdim sening yoningdan,
Ortga qayrilmoqqa betlamas yurak.
Ich-etimni tirnar qayg‘u ham uyat,
Lek Hayot degani baridan yuksak!
QASAM
Hozir hayajon-la jaranglar ilk So‘z,
Istaklar, orzular birlashgan nuqta.
Ilk so‘z. So‘ngso‘z.
Uzun kechalarda tasalli, taskin,
Tuyg‘ular ozodlik istaydi bunda.
Hamkorlik o‘limga qadar. Tugamas.
Huzur-halovatning o‘yi shundadir,
Asir istaklarning ko‘z yoshi shunda.
Xira soya bir zum tark etmas.
Parvozlar to‘g‘nag‘ich izmida,
Eslatar bolalik o‘yinlarini.
O‘lim tomon eltar Ozodlik.
Tugab bitar muattar ifor,
Qo‘li bilan imlaydi O‘lim.
Sen aytasan takror va takror:
“Bajaraman! Shu so‘nggi so‘zim!”
Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi