Aziz Deraman (Aziz Deraman) – zamonaviy Malayziya she’riyatining yorqin vakillaridan biri. Pasir-Putix (Kelantan shtati)da tug‘ilgan. Ko‘p yillar mobaynida Til va adabiyot kengashi ruhbari sifatida faoliyat yuritgan. “Sen va men” (1994), “Hayot quvvati” (2001) singari to‘plamlari nashr etilgan.
SENING ChEHRANG
Oqshom tushar. Tushimda – pari,
Notanish va lekin go‘zaldir.
Ufqning alvon shafag‘i ichra
Men bilan so‘zlashmoq istaydir.
Men cho‘karman uning ko‘zida,
Xazinamni etarman tortiq.
Uning nozikligin etib his,
Hayajondan tuyarman og‘riq.
Shafaq kuylar qo‘shiqlarini
Bu dunyoning bor lisonida.
Ko‘rdim, oqib borardi sarob
Turfa rang ufqning shomida.
U yana ham bo‘ldi mubtalo.
Umid chertar ko‘ngil torimni.
Kuylardi u, bilardi go‘yo
Mening dardu armonlarimni.
Ufq badtar alvon, qarshimda
Qizarardi badtar ul jonon.
Kuylardi u ichkin, baralla
Ilk muhabbat haqida nolon.
Umidlarin kuylar edi u,
Yondirardi ruh, jonlarimni.
Go‘yo bilar mening g‘amimu
Yurakdagi armonlarimni.
Tong… Ketadi ufqqa botib.
Men esa hali ko‘p eslab yurarman,
Uning chehrasini,
Nolalarini.
XOTINNING MING‘IRLAShI
“Aqldan ozdingizmi?” – degan jumla
Bexos tillaridan uchdi sevimli xotinimning.
Bu ikki so‘z uchdi ittifoqo,
Hazillashib aytildi,
Ammo yuragimga tushdi og‘rinib.
Ha, hokimiyat aqldan ozdirganlar bor,
Boylik aqldan ozdirganlar ham ko‘p,
Ayollardan aqlin yo‘qotganlar bor,
Kiyim, hasham aqlin olib qo‘yganlar ham ko‘p.
Bu dunyoda aqlni oladigan narsalar bisyor,
Garchand bu odamlarni “telba” demaslar.
Bu so‘zlarni turlicha tushunish mumkin.
Men ham ma’lum ma’noda ozganman aqldan.
Yuragimni hapriqtirgan ishqdan aqlimni yo‘qotganman.
Hijron, ayriliq onlarida aqldan ozayozgandim.
Ko‘pincha ishdan ham shoshadi aqlim.
Bolalarimni va nabiralarimni telbaday qucharman.
Ammo, xotin,
Sendan o‘zgasiga qaraydigan darajada aqldan ozmadim.
O‘G‘LIM
O‘g‘lim
Sanashni o‘rgandi:
Bir,
Ikki,
Uch,
To‘rt,
Besh…
Men keyin uning
So‘zlarni o‘rganishini
Istayman,
Ma’nosini
Sanoqda,
Hatto juda ulkan
Sonlarda ifodalab bo‘lmas
So‘zlarni:
Iymon,
Vatan, Millat,
Shavkat, Nomus va Qadr.
Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimasi