Ahmad Kamol Abdulloh (Ahmad Kamal Abdullah) – malayziyalik shoir, novellanavis, dramaturg, adabiy tanqidchi. Kamol taxallusi bilan tanilgan. 2000 yildan Malayziya milliy universiteti falsafa fanlari doktori. Falsafiy, lirik she’rlari mashhur. “Tafakkur” (1972), “Meditatsiya” (1972), “Davr” (1975), “Kaktuslar” (1976), “Soat kafgiri” (1983), “Oq bandargoh” (1989) to‘plamlari muallifi.
MARJON
Men marjonni bilaman –
Dengizda poyonsiz shodaga tizilgan marjon.
Bilaman men marjonni –
Jilvalangan pichoqday
Keskir, beomon,
Dengiz malikasin nozik siynasiga qadalgan
Qilich tig‘i kabi qirrador,
Suv parisin yuragin yorgan
Bo‘ron monand
Kuchli, shiddatkor.
Ajal kabi yoprilsa quyun,
U dengizchining og‘ir uyqusini
Olov ranglari ila asraydi.
U marvarid izlovchining g‘ururini parchalar.
Uni qirg‘oqqa tortadilar,
Qaytishni istamaydi u.
Na izi bor,
Na chandig‘i bor qonsiz muhabbat yarasining –
Faqat ko‘zlar va siynalar,
Faqat lablar va zabon.
Marjonga bo‘ronning qichqirig‘i,
Urhosi yopirilmoqda.
Go‘yo simfoniya
Osmon nazmiga oshufta
Keksa musiqachining yuzini izlamoqda.
Zaminning shivirlashini
hech kimsa anglay olmaydi.
Bu to‘lqinlar yig‘isi,
Bo‘ronning ichkin uvillashidir.
Men marjonni bilaman –
Ichimda yashirin marjonni.
Men marjonni bilaman –
she’rning satrlariga berkingan Marjon.
Ichimda yashayotgan,
Yarasidan toza qon sizib chiqayotgan
Oq chag‘alayga hech kimning ichi achimas…
* * *
Rabbim, Sendan minnatdorman,
Odamlarning ovozi – shoiri bo‘lmoq uchun
Sen meni tanlading.
Shoirlar suvlarning tilini bilar,
Quyoshning, osmonning, oyning,
Tog‘larning, qorlarning, to‘lqinlarning
Tilini bilar shoirlar…
Minnatdorman O‘zingdan, menga madadkorsan
Bu so‘z ummonida suzishda, tushda kezishda,
Ajib muhabbatingning
Oydin kiyimini kiyib yurishda.
Madadkorsan yig‘lashimda, azoblarimda,
Taqiqlangan mevani totib yonishimda.
Tomog‘imda yara – qon oqadi, sizadi.
Og‘rig‘im qichqirar va iltijo qilar,
Sanchilgan tikanning tig‘i – otash o‘q.
G‘amlar titratadir, ishq ilohiydir,
She’riyat – sukutda, qog‘ozda so‘z yo‘q.
Rabbim, Sendan minnatdorman,
Meni tanlading,
Hidoyat aylading, erk berding menga,
To‘xtab qolmaslikka,
Tushkun bo‘lmaslikka kuch berding,
Ko‘hna tilsimlarning g‘orini ochding.
Mana, mening zanjirlardan qutulgan o‘zligim
Asrlarning tajribasini egallamoqda.
O‘zingga shukur, men
Azaliy kuchni sezaman,
To‘lqinlarning diltortar nozlanishlarini ilg‘ayman,
Ertak to‘qiyotgan chorloqlarning ovozini eshitaman
Va aks ettira olaman.
Rabbim, meni tanlaganing uchun minnatdorman.
Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimasi