Xulio Kortasar (1914-1984)

Xulio Kortasar ( Julio Cortázar; haqiqiy ismi Jyul Florensio Kortasar; 26 avgust 1914 — 12 fevral 1984) — argentinalik adib va shoir. «Argentinaning birinchi raqamli adibi» — XX asrning 60-70 yillari jahonning nufuzli tanqidchilari mashhur yozuvchi Xulio Kortasarga shunday ta’rif bergan edilar. Bu baho hozir ham o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Yozuvchining «Imtihon», «Yutuq» kabi romanlari, «Ta’qibchi», «Manuyelning kitobi» kabi qissalari, «Boshqa bir osmon», «Janubiy shosse», «Avtobus», «Iblis so‘lagi», «Istilo qilingan uy» kabi hikoyalari jahon adabiyotiga munosib ulush bo‘lib qo‘shildi. Xulio Kortasar nasrning barcha janrlarida barakali ijod qildi. She’rlar ham yozdi.

BIR AYoLNING YO‘QLIGI HAQIDA

Men yaxshi anglayman,
yo‘qsan u yerda,
ko‘chada,
op-oydin shahrimizda ham.
Barcha yolg‘onlarda,
barcha ro‘yoda.
Na bu dunyodayu,
na u dunyoda…

Xo‘randaning bo‘g‘iq ovozi
va yohud nozik qo‘l ishoralari
ofitsiyantni chorlaganida…
Tiqilinch metroda
yo‘l olayotgan
go‘zal tashvishlar va tubassumlarda…
Omonat kitoblar,
mahzun qo‘shiqlar,
qayta uchratmayman seni ehtimol,
“Uchrashguncha” degan vidolarda ham.

Endi,
butkul yo‘qsan xayollarimda,
Endi, so‘zlarimni eshitmassan hech.
Xatto, telefonning xotirasidan
Raqamingni izlab topa olmayman…
Go‘zal libosidan
na bir ayolning,
topgum,
na qirmizi qo‘lqoplaridan…
Qahr bo‘g‘a boshlar meni, azizim,
Axir yashamadim sendan narida.
Shokolad olaman, sen uchun emas,
G‘amgin kunlarimning kulgulariga.
Sen kelmas bekatda yo‘ling ko‘zlayman,
Hammadek boshimni qotiraman men,
Hammadek ovqatlar yeyman erta-kech…

Eng ko‘hna o‘ylarni topgan bir damda,
Men yaxshi anglayman,
sen yo‘qsan,
sen yo‘q,
Tashqarida, xatto ichkarida ham,
Seni asrayotgan ko‘ngil tubida,
sen yo‘qsan…

Na bog‘da izing bor,
nada sahroda,
Na daryoyu dengiz taloto‘pida.
Sen yo‘qsan,
sen yo‘qsan,
sen yo‘qsan axir,
Balki, yodimda ham qolmassan hatto.

Qachonki o‘ylasam,
sezsam yo‘qliging,
Bir hikmat keladi aqlimga oliy:
“Seni eslamoqlik yo‘lida Xudo
meni eslamaydi hech qachon…”

* * *

Latif yolg‘onlarda yashamoqdaman:
tuzatib yoqamni,
bo‘yinbog‘imni,
ko‘zgular qoshida aylayman ta’zim,
uydan chiqib ishga oladirman yo‘l.

Har kun soat to‘qqiz degan bonglarda,
Tangrilar topshirar jonini bir-bir
gazetlarning uzun satrlarida…

Ortiq sening uchun azoblanmayman,
Ichimda bir bo‘shliq sezaman abad —
ikki yuziga ham tayoq urilgan,
barabanga o‘xshar bu bo‘shliq, faqat.

Ba’zan oqshom chog‘i rohat olmoq-chun,
nimadir o‘qisam —
(Yangiliklar,
yohud BMTning debatlarimi,
yoxud valyutaning oshgani haqda) —
Qop-qora sochimga o‘xshar hasrating…
Ko‘ksimni ezmadim sendan o‘zga deb,
Faqat ko‘p narsaga yetganday zavol,
istardim, qaniydi, qidirsam, topsam:
masrurlikni,
hamda
dudoqlarimda
yashamoq istagan tabassumlarni…

* * *

Aytgin, haqiqatni uchratganmisan —
oydin yulduzlarni, pokiza qorni,
bahorning marmardek qadamlarini?

Aytgin, haqiqatni almashasanmi —
bir ko‘za suvgami yo issiq nonga,
yo sevgan ayoling yanoqlariga?

Boshing uzra tushgan og‘ir zarbadek,
axir anglaysanmi hislar tobini?
Xavo yetmay o‘lgan ojiz yurakning,
bir o‘tgan kechasin ming azobini?
Sen hech sezasanmi,
taslim bo‘lmoq va
har nedan ayrilmoq iztirobini?

Har imdodi ila o‘rtar joningni,
ayt-chi, bilmaysanmi,
ne uchun kerak —
qo‘llaring, ko‘zlaring, yuraging, ruhing?

Ularni birma-bir yo‘qotganmisan,
ko‘zingdan yosh misol oqqanmi bari,
istasang, boshqatdan yaralarmi, ayt?

* * *

Sensiz yashamoqqa majbur bo‘lsam men,
Kel, dilim ko‘r bo‘lsin, yo‘l xatar bo‘lsin.
So‘kilgan chakmon-la kezdim shaharni,
endi yemak topmoq besamar bo‘lsin.

Shunday farovonlik, to‘kinlik ichra,
jonim ozor topsa, xullasi kalom.
Xotirda saqlayman mudom nomingni,
hech ne uningchalik bermagay orom.

Juda sevmaganman, balki, men seni,
biroq baxtim endi puch bo‘lar ekan,
anglayman, bormadim asli farqiga,
nelar hadya etding dilga, hurbadan.

Hamisha o‘zimni aldab yashadim,
ko‘z oldingga kelgum shundayin bu dam:
Men —
eshigi yopilib, ochilmas sira,
g‘amgin xonadagi yolg‘iz bir odam.
Devorning ortida o‘choq hovuri,
yaqinda uzilgan nonning hidiyu,
bir hovli shodlik…

Sendan ayrilmoqlik —
Dunyoga go‘yo
bir ko‘z-la boqmoqdir, tingla so‘zimni:
Bir kun bu azobdan xalos bo‘lsam gar
senga tutadirman ikki ko‘zimni…

MEHMONDORChILIKDAN KEYIN

…hamma uyimizdan chiqib ketganda,
bo‘sh shishalar, talangan dasturxon
va bizsiz yillarning ustidan kechib,
faqat,
yolg‘iz qolsak sen va men…

Anglamoqlik, naqadar go‘zal,
farishtadek eding mast onlarda ham…

Vaqt esa o‘tajak jim
ikkimizni
qoldirib oqshomlar hayajonida…

Qolgan bir sen eding, hamma ketganda,
chorlayotir bizni
beboshlikning mayin yostig‘i —
yangi tongni kutib olmoq va
birga bu dunyodan o‘tmoqlik uchun.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi