Xose Fornaris (José Fornaris) – Kuba shoiri.
O‘LKAM TONGI
Muncha go‘zal, muncha shukuhli
Uyg‘onishning quvonch huzuri.
Sirli titrar nam yaproq uzra
Sahar chog‘i oyning oq nuri.
Ana, to‘ti, qanot qoqadi,
Guayava shoxlari ora.
Maftun etar sehrli patlar,
Tovlanarkan rango-rang, sara.
Tovlanadi goh zumrad bo‘lib,
Jimirlaydi kahraboday goh.
Bunda xurmo — jannat mevasi,
Mangolardan ko‘z quvonar, oh!
Qahvazorlar oralab tongda,
Uvatlaru so‘qmoqlar bo‘ylab,
Afrikalik qorovul borar
Nayiga dil rozini so‘ylab.
Boshlanadi qushlar chug‘uri,
Sayrab qolar qumrilar yonib,
Har tomondan vovullar itlar,
Qo‘y-qo‘zilar ma’rar uyg‘onib.
Chigirtkalar chirillab hali,
Zavqqa to‘lib chalar sozini.
Chala uyqu qishloq xo‘rozi
Ishga solib bor ovozini,
Bo‘ynin cho‘zib qanot qoqarak,
Tong otdi deb bermoqda darak.
Men bo‘lsam-chi, yerdan ko‘z uzib,
Tikilaman ko‘kka yuz burib.
Osmon uzra tumanlar ora,
Erib borar xira oy nuri.
Bilamanki, mana shu osmon,
Angliyaning osmoni misol
Bo‘lsa hamki rutubatli — nam,
Go‘zalroqdir asli yuz chandon
Italiya osmonidan ham!
Mening uchun juda ham aziz,
Bolaligim tiniq osmoni,
Porlab turgan shu yorug‘ quyosh.
Bir zamonlar unga entikib
Boqmaganmi, onam ko‘zda yosh?!
Shu yerda men birinchi da’fa,
Sevgan edim o‘tda tutoqib.
Va sevgilim chakkasi uzra
Qo‘ygan edim nilufar taqib.
Men shu moviy osmon ostida
Qamishzorlar ichra ulg‘aydim.
Havosidan gupurdi qonim,
Navosidan keng quloch yoydim!
Butun qalbim bilan sevaman
Yurt osmonin haddan ziyoda:
Axir menga bundan go‘zalroq
Boshqa Vatan yo‘qdir dunyoda!
Fayzi Shohismoil tarjimasi.