Esekel Martines Estrada (1895-1970)

Esekel Martines Estrada (Ezequiel Martínez Estrada) – argentinalik taniqli shoir, yozuvchi. Adabiyot sohasida Milliy mukofot va “Kasa de las Amerikas” mukofoti sovrindori. “Tilla va tosh”(1918), “Argentina”(1927), “Hajviya”(1929) kabi kitoblari ko‘p tillarga o‘girilgan.

O‘Z YoRINGNI IZLA, TOP, HAYoTIN NURAFShON QIL…

O‘z yoringni izla, top, hayotin nurafshon qil
Mayli, nasibasini sening-la ko‘rsin baham.
Kurashlar maydonida chekilgach dardu alam –
G‘alabadan hech o‘zga malham topilmaydi, bil.

Sen qalbingga qo‘yib ber, yo‘l boshlar muhabbatga,
Ishq sirin undan bo‘lak, bilmaydi axir hech kim.
Dildan o‘zga anglamas, taqdirdir shunday tilsim,
Qo‘ling tutib chorlagay haqiqiy tugal baxtga.

Sen o‘shal jononni top. Chekingay qaro tunlar
Zulmatlar ortda qolib, charog‘on kulgay kunlar.
Do‘stim, seni siylagan baxting hech tark etmasin,
Mehr to‘la nigohlar ishq-la boqib yursin deb,
Omadsiz kunlaringda suyanch bo‘lib tursin deb,
Qo‘lingdagi qahrabo qadahlar chil-chil sinsin.

OMOCh

Mana u chin vafodor,
Metin og‘a, do‘st – itoatkor
G‘aroyib xislati bor
Eng qadimiy, muqaddas omoch.
Ko‘ksingdagi xazina sarhadlarida,
Changu gil qoplagan puchmoqlarida,
Oltinu zar zumradlarni-da
Zulmatlar qa’ridan sug‘urib olar.
Turibmiz ojizlar safida
Qarshimizda oddiy mo‘jiza
Muhabbat va aql
Gullarki bor budin to‘kib yasangan!
U shunchalar parishon edi,
Bu o‘limmi-tushmidi, bilmay
Bir alpozda jon taslim qildi,
Chin halol, pok edi, izoh ham bermay,
Shunchalar pokiza,
Karu gung kabi.
Men o‘lgan ekanman! – tushimda ko‘rdim.
Uyg‘ondimu, angladim,
Tushimda uyg‘oq edim.
Noiloj, tan olaman,
Farqi yo‘q, deyman menga.
Ammo shuni bilaman,
To‘y o‘tgandan so‘ng unga
Yolg‘izligi bilinar
Va shundan so‘ng anglaydi,
Xuddi avvalgi kabi, yolg‘izligicha qolar.
Ketasanmi? Mayli ket, endi menga farqi yo‘q,
Sen bundan ham ilgari
Yiroqlarda eding-ku.
Eman bargin uzgancha,
Ayrildim, deb o‘yladi,
Ammo uni shamolning
chalg‘itganin bilmadi.
Barchasin tinglab, ko‘rib,
Donishmandlik qilmadi,
Nechun asrlar osha
Yashaganin bilmaydi.
Atirgulga qurt aytar, tushida ko‘rganini,
Go‘yo uning kapalakka aylanib qolganini.
Ular shunchalar beg‘am,
Bir-birin sevishardi,
Hammasiga qo‘l siltab,
beparvo yurishardi.
Ammo ular tomonga endi qaray olmayman,
Bundayin qilmoqqa yetmaydi kuchim.
Yana qayta yo‘qotib qo‘ymaslik uchun,
Seni takror topa olmayman.
Ammo qalbda azoblar dardim yashirin,
So‘zla ta’riflab bo‘lmas –
Kuylash osonroq,
Shuning uchun endi yonib, yonib kuylayman.

MUQADDIMA

Keksalikning tashvishi, mayli, chidasa bo‘lar,
Ammo ijozat bering, haqiqatni aytishga.
Xotir susayib borar, ammo shunday kun kelar,
Hayotingiz haqida boshdan-oyoq o‘ylashga.

TAShRIF

Bayramga kelib qoldim qadrdonim shahrimga,
Tongga qadar raqs, orkestr olmadi tin.
Mushaklar gumburlaydi, mening kamtar sha’nimga
Aslida bunga sabab dunyoga kelgan kunim.

AJDODLAR MEROSI

Otam menga qoldirgan o‘tkir nigohlarini,
Yangi sarguzashtlarga tashnaligim ham undan.
Onam esa, qismatim – she’riy kitoblarini,
Majozlarga qalbimni jo qilganim ham shundan.

ILK BOR YO‘LGA ChIQISh

O‘yinchoq otim tinmay dukurlab yer tepadi.
Garchi osonmas, quyosh tomonga yo‘l olamiz.
Qo‘limda nozik nayza, ispan ritsari kabi
Buyuk Esplandianadek zafar quchib qaytamiz.

BIRINChI HARAKAT

Timsolimni tutunda chizib ko‘rmoqchi bo‘ldim,
Donishmand Prometey loydan yasab ko‘rgandi.
Ilk dimoqqa urilgan tamaki changidan so‘ng
“Tutun” so‘zi yodimga o‘zga ma’no solmaydi.

KETISh

Etiklarimni kiyib, yo‘lga tayyor turibman,
Ohista qo‘l ko‘tarib, endi vidolashamiz.
Sezdim, qaytishim dushvor, darak berib turibdi,
G‘amgin botqoqlik, tog‘lar. Xayr, do‘stlarim. Essiz!

QABR TOShIDAGI BITIK

Barchasiga borimu bisotim to‘lov qildim,
Sirlar to‘la Xudoga dilda chin ixlos tuydim.
Go‘zallik Haqligiga sajda qilib topindim,
Ammo bunda o‘limning ko‘ksiga boshim qo‘ydim.

Rus tilidan Dilorom Abdurahmon tarjimasi