Andres Mata (Andrés Mata) – modernistik she’riyat vakili, adib va jurnalist. U 1886 yildan ilk she’rlari bilan adabiy jurnal va gazetalarda tanila boshlagan. “Listin Diario” (“Yangi xabarlar”) gazetasi muharriri (1886), Venesuela Milliy tarix (1904) hamda Til va adabiyot akademiyalari a’zosi bo‘lgan (1908).
1909 yili Andres Mata maslakdosh do‘sti Andres Vigas bilan “El Universal” (“Butun olam”) gazetasiga asos soldi. Bu gazeta hozirda ham Venesuelaning ko‘p adadli nashrlaridan biri hisoblanadi. Shoirning “Qayg‘uli osoyishtalik” (1898), “G‘amgin ariyalar” (1898) va boshqa she’riy kitoblari muxlislar tomonida iliq kutib olingan.
A.Mata Venesuela elchisi sifatida ham faoliyat olib borgan. Venesuelada Andres Mata nomidagi adabiy jamg‘arma turli sohadagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida faoliyat yuritib keladi.
RUHIYaT VA MANZARA
I
Daraxt soyasida… G‘am yo‘q, ajib hol,
Daraxtlar boshida hilol – tillaqosh.
Novdalar egilar suvga navnihol,
Daryoning tubida yaltiraydi tosh.
Yuragimni ochdim… Mutolaa – dunyo,
Ishondim, yor bo‘lar omad, xayr, iqbol.
Sevgi izhor etib shivirlar daryo,
Sevgi, sevgi, deya nur sochar hilol.
Naqadar soz omad – shuhrat birdam – zavj,
Naqadar soz ovloq. Farah. Sukunat.
Yolg‘izlik. Botiniy fikru xayol avj.
Oyning zar tolasi sochar tarovat,
Daraxt ko‘lkasida suv oqar sermavj.
Daryo tubigacha tiniq. Halovat.
II
Ehtimol, meniki bo‘lmassan, mohtob,
Biroq sen meniki, deb hisoblayman.
Taqdirimda nuqul achchiq dard, azob,
Tong otmas, yurakni o‘tda toblayman.
Sen bilan kurashda zafar yo‘q aslo!
O, og‘riq, o, azob, cheksizsan behad!
III
Dovul zarbasiga uchragan zamon
Daraxtni ildizi saqlaydi omon,
Shamolda qulamas shoxi sinsa ham,
Biroq singan shoxdan suv oqar shu on.
Umid ildiziga suyangay odam,
Odam yarasidan tomchilaydi qon.
I V
Yo rahm ayla yoki o‘y g‘o‘r yoshlikning ko‘zini,
Mehringga loyiq bo‘lay yoki bo‘lay keraksiz.
Gavhar, olmos bezagay oltin uzuk ko‘zini,
Ishqsiz boylik qadrsiz,
ishq qadrsiz yuraksiz.
Oyog‘ingning ostiga tashlagayman o‘zimni,
Jonim, sening yo‘lingda
yo xok bo‘lay, yo olmos.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi