Andres Eloy Blanko (1896-1955)

Andres Eloy Blanko (Andrés Eloy Blanco) Venesuelada davlat arbobi va shoir sifatida tanilgan. Tashqi ishlar vaziri va boshqa lavozimlarda faoliyat yuritgan. Badiiy ijodini 1918 yildan boshlagan. 1921 yilda “Ona tuprog‘im” ilk she’riy kitobi dunyo yuzini ko‘rgan. So‘ngra “Ispaniya ohanglari” (1923), “Daraxtlarni ardoqlash vaqti” (1928) va boshqa kitoblari nashr qilingan.

O‘RMONDAGI YoVVOYI

Avval o‘rmonga
daraxt kesuvchilar kelishdi,
So‘ngra – temir yo‘l quruvchilari.

Ular tog‘ning muskullariga
sanchilgan ignadek
o‘rmon badaniga kirib
og‘ritdi yomon.

Daraxt kesuvchilar
daraxtlarni beayov kesib
o‘rmonning qa’riga kirishdi teran,
daf’atan
ularga duch keldi
ming yillik daraxt.

G‘alati kelgindilarning
berahm nigohlaridan
junjikib
shovullagan yaproqlari bilan
titradi ulkan daraxt,
mag‘rur tog‘lik og‘och
ularga gul qorachiqlari bilan
tashvishlanib boqdi.

Daraxtning yo‘g‘on tanasiga
Yoppasiga hamla qildi
gala-gala oyboltalar.

Bag‘ri chopilganida,
payraha-payraha bo‘lib
uchganida vujudi
kuchli tomirlari bilan
tobora mahkamroq
tirmashdi yerga.

Ming yillik tanasi og‘irlashdi ming bora,
daraxt og‘a boshladi bir yonboshga tobora,
tirnoqlari
ona tuproq badaniga sanchildi chuqur.

Nihoyat, qarsillab quladi
ulkan daraxt –
halok bo‘ldi
yam-yashil olam.

TELESKOP

Bir kun oqshom
Ulkan teleskopning quvuri bo‘ylab
Marsdan uchib tushdi bizga so‘z.
Marsda nurdan paydo bo‘lgan so‘z.

Tomchi-tomchi bo‘lib nur
Oqib tushdi nay-quvur ichidan.
Irmoq bo‘lib,
Himolaydan oshib tushdi,
Daryo bo‘lib,
Hindistondan toshib tushdi,
Osiyoni, Yer yuzini bosib tushdi.

So‘ng har uy,
har xonadonda
odamlar
nur zabonli og‘asining
tug‘ilganin nishonlashdi.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi