Dalya Saukaytite (1950)

Dalya Saukaytite (Dalia Saukaitytė) – litvalik shoira, adiba va jurnalist. Vilnyus universitetini tamomlagach, ko‘p yillar gazeta-jurnal va nashriyotlarda faoliyat olib bordi. Bir qator adabiy mukofotlarning laureati.

UYG‘ONISh

Avgust. Salqin tushar oqshom chog‘ida,
Issiq ham g‘animat, endi g‘animat.
Alvido, azizim, ishq osmonida
Yulduzlar so‘ndilar, so‘ndi muhabbat!
Toza shabnamlardan junjikar etim,
Hali ham sevarsan, senda yo‘q gunoh.
Sendanmas, o‘zimdan qochib betinim,
Donishmand avgustdan tilayman panoh!

***

Qaytgim kelsa ortimga bir kun,
Charx ursa bema’ni, beo‘xshov savol.
Ehtimol, hech qachon bo‘lolmas uyg‘un,
Sening so‘zlaring va mendagi xayol.

Xotira eshigin yoparman xunob,
Shudring yuvsin endi bu yo‘l g‘uborin.
Balki shunda tinar dilda iztirob,
Unutarman shunda sochlar iforin.

Yuzimni tark etar xavotir, so‘rov,
Yaproqlar ortidan kular yog‘dular.
Endi ikki yo‘lni bo‘lishdik ikkov,
Uchrasholmas ekan bizning tuyg‘ular.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi