Oyar Vatsiyetis (1933-1983)

Atoqli latish shoiri Oyar Ottovich Vatsiyetis (Ojārs Vācietis; 1933 yilning 13 noyabrida Trapen volostining (bugun Ap o‘lkasi) Dumpi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1949 yili, hali maktabda o‘qib yurganida ilk she’ri e’lon qilingan. U Latviya davlat universitetining latish filologiyasi fakultetini tamomlagach (1957), «Liesma», «Bērnība», «Draugs» jurnallarida va Riga kinostudiyasida ishlagan.
Ilk she’riy to‘plami «Olis sayohatlar epkini» (Tālu ceļu vējš) nomi bilan 1956 yili nashr etilgan. Shundan keyin shoirning 17 she’riy va 2 nasriy kitobi chop etilgan. Mixail Bulgakovning «Master va Margarita» romanini latish tiliga tarjima qilgan. Oyar Vatsiyetis qator mukofotlar bilan taqdirlangan.
Shoir 1983 yilning 28 noyabrida Riga shahrida vafot etgan.

* * *

Yig‘lasangiz ham mayli,
Kulsangiz ham:
Mening bir otim bor –
U tunlar qo‘shiq aytar.
Qo‘shig‘ining kuyi yo‘q.
Qo‘shig‘ining so‘zi yo‘q.
Asli olganda-ku, o‘sha otning o‘zi yo‘q.
Lekin, do‘stlar, bari bir
Tunlar qo‘shiq aytuvchi
Oti borlar dunyoda
Yashab o‘tgay bearmon.

* * *

Qani, yur, ko‘zi ko‘r odam,
O‘tkazib qo‘yaman seni ko‘chadan.

Mashinalar uchar boshlari garang,
Farroshlar dangasa –
Yo‘llar sirpanchiq.

Yolg‘onniyam qotiryapman-da!

Harakatga to‘la ko‘chadan
Ko‘r odamni o‘tkazib qo‘ymoq –
Menga shuning o‘zi kifoya.

Yolg‘onniyam qotiryapman-da!

Bormoqchi emasman, biroq, men o‘zim
Ko‘rga izma-iz.
Qayerga borishniyam yaxshi bilmayman
Aslini olsak.

Mengayam qo‘limdan yetaklab yurib
Yo‘l ko‘rsatishga bir odam kerak.
Ko‘r bo‘lsa
Yanayam yaxshi.
Bekorga ko‘chaga chiqmas hech qachon
Ko‘r odam.

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Mung‘ayib, qunishar jiqqa ho‘l tomlar,
Yomg‘ir namgarchilik haqda bo‘zlaydi.
Derazamga kelib qo‘ngan xazonlar
Vido qushlaridek hazin so‘zlaydi.

Po‘lat izga tobe temir tulporning
Kishnashidan qolar dudli xotira,
Menga tinchlik bermas poyezd chiptamni,
Kimdir sotib oldi, degan o‘y sira…

Zarang daraxtining gulxani otash,
Unda xazon kabi raqs tushar sharor,
Menga azob berar bog‘larda yakkash,
Menimas, o‘zgani kutayotgan yor…

Radio ovozi misli bir ma’dan,
Har satr po‘latday titraydi zir-zir,
Menga tuyuladi nogoh, daf’atan,
Bitmagan she’rimni tugatmish kimdir…

Ming manzil muntazir,bariga bormoq…
Xohishu istakning yo‘q ekan haddi…
Oh netay, qalbimga abadiy hamroh,
Har narsaga havas va rashkning dardi…

Oh, Ona! Onajon, sendan o‘tingum,
Rost so‘yla, bilaman, alday olmaysan,
Ayt menga,volidam, men tug‘ilgan kun,
Yorug‘ kun edimi chindan nurafshon?

Agar shunday bo‘lsa, ayt, Ona nechun,
Nega menga hamroh doim suronlar,
Bolalik chog‘imdan qalbimda quyun,
Yurakda turnalar qilar fig‘onlar…

Ayt menga Onajon, ayt, Ona nechun?..

* * *

Ayoz shamol hushtak chalib, uchib yurar,
Quloch yozib quchar yashil xiyobonim.
Tunda yig‘lab, kunduzlari qah-qah urar,
Bedor ko‘l ham o‘zgartirar oy jamolin.

Bizlar esa kechib oppoq quyun-qorni,
Borgaydirmiz, ko‘zin yumib yotar zamin.
Bu bo‘ronda ko‘rolmasmiz lek Bahorni,
Hech kim aytmas uning uyi qaydaligin…

Izlarimiz ko‘mib tashlar qor bo‘roni,
Toki hech kim so‘qmog‘imiz topolmasin.
Uzoq muddat cho‘zilar qish qahratoni,
Yurakda ham kengliklarda g‘arib, mahzun.

Va bir kuni hammasiga qo‘lni siltab,
Voz kecharmiz,susayadi tomirda qon.
O‘shal chog‘da dilga taskin bitta sabab:
Biz ham Yerga nedir berdik, do‘stim, ishon.

O‘lim, sovuq, jaholatni qochirganmiz,
Garchi ajal bitar bir kun shum qazoni:
Er bag‘riga bitta gavhar yashirganmiz,
Qitiqlasang, unib chiqar bug‘doy doni…

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimaci

* * *

Tong shu qadar ulkanki,
mening kichik darchamga
sig‘a olmay tovlanar.

Quyosh shu qadar ulkanki,
qamashtirib sochar nurlarin,
shunday bo‘lar shodiyonalarda
va o‘ziga unnay boshlar.

Mening esa
oxirigacha ko‘rilmagan
tushim qoldi.

U shunday yangrog‘u yaynoq
va hatto bo‘ysunmas so‘zga,
va yana mana men boyman
yakun topmagan o‘zim bilan.

Yakunlanmaganlik –
bu ham bir parchasi
baxtli birlikning
go‘yo qo‘l yoki
oyoq kabi.

Yakunlanmaganlik –
tirik qalb harakatining garovi
va bu belgi – yakun topmagan.

Ulkan tongning yorug‘ligida
mening barcha devorlarim –
manzaralarim,
ularda ko‘rinar faqat
kechagi g‘ubordan aritmaganim.

* * *

O‘g‘lim, mana senga bir uyum tuproq.
Barcha so‘zlarning debochasi –
zamin.

Unda qasrlar qur, ko‘prigu yo‘llar.
Qachondir ularni chindan qurarsan.
Erni hayda yoki tashib ko‘r,
mayli sepgin uni usti boshingga,
tilingga tekkizib totib ko‘r uni.
O‘rgan uni yaxshilab,
nima o‘zi yer?

Shunday o‘rganginki, uni sen,
toki, ishonib bo‘lmasin turli gaplarga.
Quloq solma.
Tuproqni cho‘ntakka joylash mumkin.
Joyla agar kerak bo‘lsa.
Ishonma, agar kimdir senga:
“Bu parcha yer meniki”, desa.
U odam xasta.
Bu yer senikidir.

O‘rgan yerni
unda qadding adl tutishing
va shu yer uchun turishing kerak.
Uni asrashing va unga qo‘shilishing bor.

Biroq buning bari keyin,
hozir esa – yaxshilab o‘rgan.
Tuproq uzra imirsilayvergin,
mayli, uni changitib ham ko‘r.

Qachonki, bu tuproqqa sen urug‘ ko‘mib qo‘ysang,
shunda ko‘rasan barini o‘z ko‘zing bilan.
Men ham keyin bas qilaman
senga tuproq tashishni.

O‘shanda biz belkurak va o‘yinchoqlarni
boshqa bolakayga beramiz.

* * *

Eng baland
daraxtning uchida,
titrayotgan
yolg‘iz yaproq uzra
kahrabolar sochib yozilgan:
Tong!
Uyg‘onib ketdim.

* * *

Yorug‘ tunda
ayricha afsun bor,
u izn bermas qo‘nishga,
parvozda ushlab turar.
Tuyg‘u va orzuning izmida
sirli kuchla balandladingu
parvoz qilasan
erga tegmasdan.

Qandaydir tushlar
ko‘rilmay qolgan,
qandaydir fikrlar
aytilmay qolgan,
qandaydir mehr
sodir bo‘lmagan
uchayotgan o‘tgan lahzalar
senga qaytmoqda yana
yog‘ayotgan gulbarglar kabi,
go‘yo igna sanchilgandek
og‘riqli,
xira tortgan va uniqqan
eski kinolentalardek
ko‘zga tashlana boshlar.

Yorug‘ tunda
biror narsa haqda
xayol surish
aqlga sig‘mas,
chunki borliqning
yalang‘och mohiyati,
ayondir senga.

Baayni nota belgilari
orkestr cholg‘ulariga tushmas.

Yorug‘ tunda
men o‘qishga urindim –
biram yorug‘ edi,
biroq bir necha so‘zlardan so‘ng
so‘na boshladi harflar.

Va men o‘qir edim
yorug‘ tunda
afsonaviy oppoq,
aql bovar qilmas
varaqni.

* * *

Dardlashamiz shu bir so‘z bilan,
biroq har kim
o‘zicha kuylar,
chunki har kimning o‘z davroni,
o‘z quvonchi va sevgisi bor.

Har birimizning:
ibtidomiz,
davomimiz
va poyonimiz bor.

Va bu intiho yiroqlashishin xohlab,
birga bo‘lishni istadik
kuylash uchun
shu bir xil so‘zni.
Mening har bir so‘zimga sening,
sening so‘zingga
uning so‘zi chiqmoqda peshvoz.
Va barchasi
yorug‘ bir daryodek
quyulmoqda qo‘shig‘imga.
Va mana, olam uzra
qudratli bir ibtido,
cheksiz bir davomiylik jaranglamoqda,
mutlaqo,
mutlaqo ko‘rinmas intihosi.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi

EYNShTEYNNOMA

Doston

1

Uni kimga tenglamoq mumkin? Galileygami?
Yo‘q.
Garchi tiriklayin qovurganlar
Har ikkovin ham.

Faqat o‘z boshidan kechirgan bilar
yolg‘on va palidlik o‘chog‘i ichra
fikrlarining
nechog‘ buralib
jizg‘anak bo‘lishligini.

Uni kimga tenglamoq mumkin?
Jordano Brunogami?
Yo‘q.

Garchi zamonamiz inkvizatsiyasi
yuz minglab Eynshteynlarni
yoqib yuborgandir gulxanlarida.
Unter-den-Lindenda bo‘lgan edi
bu inkvizatsiya.

Uni qiyos etsammikan yulduz bilan yo?
Yo‘q.
Garchi yulduz kabi suyukli edi u.

Bu oddiy sevgi emas.
Zotan qay birimizning
xotinimiz yo qallig‘imiz – yulduz?
Yo‘q.
Hech qachon yulduz bo‘lmagan.
Baribir yulduzlarga ko‘ngil qo‘yamiz.
O‘n sakkiz ming olam sevgisi bilan.

Kimga tenglay?
Bu savolning o‘zi ne uchun?
Eynshteynni faqat Eyshteynga
tenglash mumkinligini
har bir hujayramiz bilan
sezib turibmiz.

Insoniyat ufqidan
suzib o‘tdi momiq oq bulut.
Eynshteyn peshonasi uzra esa
oppoq sochlar buluti.

2

Nechun skripkasin yodga olamiz?
Skripkada qanaqa nisbiylik nazariyasi
yashay oladi?

Sindirib ko‘rsangiz
skripka shaklidagi havodan boshqa
hech vaqo
topmaysiz undan.

Endi esa
insoniyat uchun
yadro fizikasidan ham
mavhum va muhimroq
allanima borday uning ichida.

Ruhan qancha katta bo‘lsa qay odam,
o‘zida boshqa bir odam yaratmoq uchun
shunchalar jon-jahd ila
intilaverar.

Shuhrat cho‘qqisida bo‘lsa ham
Van-Gog
yangi Van-Gog uchun naqadar
ayovsiz talashganini
eslab ko‘ring bir.

Agar qay yerda ilmu-fan
tirikchilik manbai emas
haqiqiy ilmu-fan bo‘lsa,
u ham san’atdir.

Turli galaktikalar,
ehtimolkim, san’at,
ilm-fan – boshqa-boshqa
galaktikalarga mansub hosila.
Ehtimol, antigalaktikalarga
Mansubdir ular.
Ammo
nima bo‘lganda ham
Planetalardir ular.

Portretdagi Eynshteyn
skripkasin chala boshlasa,
raketalar qaldirog‘in eshitaman men,
o‘zga olamlarga uchib borayotgan
insonni ko‘raman.

3

Tanaffus qilamiz.
Matbuot konferentsiyasiga
yig‘iling, odamlar!

Koshkiydi,
aql-idrok ham
hamnafas bo‘lsa bizga bu yerda.

Tanishing:
Yan Maydanek – chex,
Xilda Ravensbruk – olmon ayoli,
Xaim Mautxauzen – juhud.
Ulardan tashqari
bir necha million
vatandoshlarimiz ham shu yerda.

Ko‘lankalar kollonasida turganlarning
hammasini bir-bir tanishtirishning
hech imkoni yo‘q.
Zotan, savollarga ular emas,
sen javob berasan,
ey aql-idrok!

Ne ish bilan ovorasanki,
o‘t o‘chiruvchilaring yong‘in tugagandan keyin
kultepa ustiga kelgaylar doim?

Kuzatuv minorangdan turib
hech narsa ko‘rmayotgan bo‘lsang mabodo,
mana senga
turli davrlardan qolgan suyaklar,
xarobalar va
to‘kilgan qonlar.
Ushbu qorishma
qurilish qilmoqchi bo‘lsang,
Oygacha ham yetadi.

Lorkani nishonga olib,
Motsartni zaharlamoq bo‘lishganini
ko‘rmoqliging shart, anglamog‘ing shart.

Nima bo‘ldi,churq etmay qolding,
ey aql-idrok?

Nechun G‘arbiy front gulduroslari
Rollan ovozidan balandroq bo‘lib,
nima uchun Fuchik nidolarini
epigraflar bo‘g‘ib tashladi?

Ultratovush bugunga kelib metall qirqayotir,
sen esa, ey aql-idrok,
mum tishlagan soqov misol turibsan!

Tag‘in jim qolding,
bu esa doim
biror falokatning darakchisidir.

Tanaffus tugadi,
savol-javob ham.
Maqsadimiz – yaqindagina Eynshteyn
okean ortida jon saqlab qolishi mumkinligini
bildirmoq edi.
Endi esa hech yerda najot qolmadi unga.

4

Yo‘q, samoviy nusxalar haqdamas gapim.
Qo‘llarning o‘rnida qanotlar o‘sgan,
ko‘zlari o‘rnida chiroqlar yongan Eynshteynni
tasavvur aylang.

Holbuki, sening
ikki qo‘ling va
ikki ko‘zing bor, ya’ni yiqilsang
qo‘ling sinishi va yoki
so‘qir bo‘lib qolishing mumkin.
Jazo – muqarrar.

Buyuklik tubanlik bilan
haqiqat mavhumot bilan to‘qnash kelgan on:
tergov qilarlar:
– Sening ham xuddi biz kabi
ikkitagina qo‘ling borligiga qaramay,
nechun ko‘p narsaga erishmoqqa
jur’at etding sen?

Mahkumsan!

Jisman mavjud bo‘lganing,
Sinadigan qo‘llaring,
ko‘r bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan
ko‘zlaring uchun
takror va takror
ko‘ksingni o‘qlarga tutasan,
gulxanlarda yonasan,
krematoriy mo‘rilaridan
buralib-buralib
tutuning ko‘kka o‘rlagay.

Xudoni rad etding, deb o‘kirarlar!
Iblisga sheriksan, deb o‘kirarlar!
Irqing past, deb o‘kirarlar!
Aslida esa –
Bruno,
Lorka,
Eynshteynsan.

O‘zlarini qodir haqday bilarlar,
Butkul beboshliklar qilarlar.

Buyuklik xiyonat sanalgay bunda,
Ammo, taqvo deganlari shu.

Insoniyat
enkaygancha miltiq o‘qtalib,
shamshir silkitib,
raketalar bilan qo‘rqitib,
turg‘unlik –
zavol ma’budiga,
toshga
sig‘inayotir.

5

Seni qachon topamiz,
ey butun olamning
yangicha tortishish qonuni?
Necha yorug‘lik yilidir,
sengacha bo‘lgan masofa?
Eynshteyn, ayt-chi,
bu qancha bo‘ladi yer vaqti bilan?

Go‘daklar azob ichra
tavallud topishi kerakmi?
Bu – mumkin emas.

Ammo bunday uqubat asrlar o‘tib,
bir odatiy hol bo‘lib qoldi.

Ko‘paymoqqa jazm aylab,
katta xato qilgan ekan
eng birinchi hujayra.
Menimcha bo‘linmoqni u
o‘yin deb bilgan.
Gapim unga qattiq tegdimi?
O‘rtanaversin.
Bu bir buyuk tarixiy ondir!

Mana, necha asrlarkim har bir kashfiyot
shunday uqubatlar bilan tug‘ilayotir.

Katta xato qilgan
eng birinchi hujayra.
Qabul ayla, ey odamizot,
shodlik bilan dunyoga kelgan
dastlabki shodlik lokomotivini
yaralgan holicha sen shodlik bilan.

Qabul ayla, ey odamizot,
muborak qo‘llar yaratgan
Paganini musiqasini
xuddi shunday muborak qo‘llaring bilan.

Bu – sening buyukliging,
Sening ilk qadamlaring,
Bu – sening umring…
…sharmisorligingmas.

Teleskopim yulduzlarga yo‘nalgan edi.
Uni burayapman o‘zimga tomon.

Kun kechirgum faqat non bilan.
Barmoqlarim elar oyning nurini,
biroq, hayotimni ko‘p qadrlayman,
uni tortib olgaylar
faqatgina meni burdalab.

Hech kishiga kerak bo‘lmasa umrim,
men yashamay o‘tgan ekanman.

Rus tilidan Shernazar Qo‘shnazarov tarjimasi