Chon Chhol (郑澈) – koreys shoiri. U koreys tilida birinchi marta “Songan kasa” deb nomlangan she’riy to‘plamni tuzgan. Unga kasa – lirik she’rlar va 80 dan ortiq sijo kiritilgan. Uning she’rlari koreys xalqining milliy qo‘shiqlariga aylangan. Shoir vafotidan so‘ng, 1632 yili nevarasi uning yetti jildli “Songan asarlari”ni to‘plab nashr qilgan. 1685 yilda Songan Koreyaning boshqa mashhur shoir va yozuvchilari qatori “Munchxon” – “Yorqin adib” unvoni bilan taqdirlangan. Bugungi kunda Chon Chxol koreys milliy she’riyati asoschilaridan biri sifatida hurmat bilan tilga olinadi. Chon Chhol tug‘ilgan kun butun millat tomonidan keng nishonlanadi.
* * *
Uning vafodori bo‘lmoqlik uchun,
Faqat vafo uchun keldim jahonga;
Bizni taqdir o‘zi qo‘shgandi mangu,
Nahot shundan falak bexabar bo‘lsa?
Faqat unga edi gul yoshligim ham,
U ham yolg‘iz meni sevardi – yolg‘iz,
Mehru oqibati, dildan sevishi –
Jahonda har nedan qimmatroq edi!
Sevganimdan aslo judo bo‘lmaslik –
Shu edi umrimda birgina armon!
Yoshimiz qaytganda, ne vajdan axir,
Biz hijron dog‘ida, men azobdaman?
Dunyodan ham kechib, yor-la ko‘shklarda,
Farog‘atda shirin yashardim qandoq!
Sharmanda hayotga tutqunman hozir,
Shundan oldin so‘ng bor taragandim soch.
Uch yilki, sochlarim ko‘rmaydi taroq,
Upa-eligim ham tayin turibdi,
Lekin pardozga ham ortiq xushim yo‘q,
Netayki, ko‘nglimda sog‘inish dardi,
Bag‘rimni ezadi qayg‘um, o‘z nolam,
Ko‘zlarimda bo‘lsa yosh oqin-oqin.
Odamzod umrining bir cheki bor-ku,
Mening qayg‘um cheki ko‘rinay demas!
Kimsaga tutqizmay, chopar ekan vaqt,
Daryoday oqarkan, ketga burilmay,
Ko‘z ochib-yumguncha aylanarkan yil,
Ketib ulgurmayin, qayta kelarkan;
Nimaniki ko‘rsam, neki eshitsam –
Sevgimni yodimga solar hammasi!
U o‘z sevgilisini ko‘klamda sog‘inishi mana qandoq:
Bahor shamollari esdi nogahon,
To‘zg‘idi, hademay, qor tepalar ham,
Hademay, derazam tagida, qarang,
Olxo‘ri gullabdi, biram xushbo‘yki!
Faqat nechun tiniq ko‘klam gullari,
Xush bo‘y taratishar bunchalar nechun?!
Tun bo‘ldi, oy keldi mening yonimga,
Bolishimda tushgan oyning shu’lasi –
Yorim ruhi bo‘lib ko‘rindi go‘yo,
Bir nafasda shodu baxtiyor bo‘ldim.
Gullagan bir shoxni sindirib darhol,
Yubormoq istadim yorimga sovg‘a.
Uni o‘rar edi qanday tuyg‘ular,
Seni ko‘rganida, olxo‘ri shoxi?
U o‘z sevgilisini yozda sog‘inishi mana qandoq:
Daraxtlar gul to‘kdi, lekin qaytadan
Qalin, yashil barglar qopladi barin;
Men yotaman gullik pashshaxonada,
Shoyilar ketida hech kim ko‘rinmas.
Nilufargul parda chetin sal ochib,
Oltin tovus gullik parda osaman.
Ko‘nglimni ezg‘ilar hasratu alam,
Kun uzundan-uzoq, go‘yo so‘ngi yo‘q,
O‘tirib bichaman ipak kiyimlik,
Besh rang ip tanlayman naqsh tikish uchun,
Oltin andozada chamalab raso,
Yor uchun tikaman chiroyli ko‘ylak,
Oltin qo‘llar – axir mening qo‘llarim,
Tikib ham tugatdim, qanday soz va bop!
Taxlab, oppoq qorday yashm qutichaga
Solaman, yorimga yubormoq uchun.
Yor turgan tomonga qarayman uzoq,
Lekin yo‘lda turar qop-qora tog‘lar.
Mashaqqatli yo‘l bu, xatarli yo‘l bu,
Ikki ora – uzoq, necha ming farsax.
Shunday yo‘ldan qo‘rqmas kishi bormikan,
O, kimda bor ekan shunday o‘ktamlik?
Qanday baxt, gar ochsa qutichani yor,
Bu – diydor ko‘rishmoq degan so‘z axir!
U o‘z sevgilisini kuzda sog‘inishi mana qandoq:
Bir kecha olamni qopladi qirov,
G‘ag‘alab o‘tishdi ko‘kdan g‘ozlar ham;
Boshpanamga chiqdim men g‘amgin, munglug‘,
Billurin pardani ko‘tarib qo‘ydim.
Yarqirardi shu payt ko‘kda to‘lin oy,
Yulduzlar chaqnardi milt-milt shimolda.
Shodumon o‘yladim: Bu – o‘sha, o‘zi!
Istadimki, oyning yorug‘in olib,
Feniks gumbazida yorga yuborsam.
Toki mening yorim oy yorug‘ini
U gumbaz avjiga qo‘ndirib qo‘ysin,
Yorishsin koinotning butun go‘shasi,
Toki xilvat tog‘lar, tor dalalarda
Doim yorug‘ sochsin porloq bir kunduz.
U o‘z sevgilisini qishda sog‘inishi mana qandoq:
Qalin qor olamni oqqa o‘radi,
Erdayu osmonda muzladi hayot;
Odamzod izini izlash ne hojat,
Na darranda, na qush izi bor qorda!
Agar bu janubda, Syaoshuyda,
Xushbaxt elda sovuq shunchalar bo‘lsa,
U yashm saroyda naq qahraton deng?
Elpig‘ichda quyosh nurin yelpisam,
Iliq epkin bersa yorim yurtiga.
Qani, tepamdagi porloq shu’lalar
Yorimni isitsa yashm saroyida!
Yaxshi ko‘ylak kiyib, jindak bar urib,
Zangori yenglarim shimargan holda –
Uy bo‘sag‘asida xayolga toldim:
Qanday sharmisorman yorim oldida!
Quyuq qorong‘ulik. Olam qorong‘u.
Ipakka o‘rog‘liq fonus yonida
Yolg‘iz o‘tirdim men bu qish kechasi.
Hatto komungoda o‘ynay ham dedim.
Dil siyoh! Yorimni ko‘ray deb tushda,
To‘shakka egildim sekin umidvor,
Lekin baxmal ko‘rpa og‘ushi ham muz,
Qachon bitar ekan bu yovuz kecha?!
Kun ketidan – kunlar o‘tib boradi,
Oy ketidan – oylar ketib boradi,
Qanchalar urinmay, lekin bir zum ham
Ko‘z o‘ngimdan ketmas yorim xayoli.
Hamisha, hamisha uni o‘ylayman,
Bu yolg‘iz dilimda o‘chmas naqsh go‘yo,
Mening bu dardimning shifosi ham yo‘q,
Yuz Pyan Syao ham ko‘makdan ojiz.
Meni qiynayotgan bu azoblarda,
Azizim, evohki, birov gunohkor.
Oh, tezroq o‘lsaydim, keyin dunyoga
Sho‘x kapalak bo‘lib, qayta kelsaydim!
Xushbo‘y chechaklarga, gullarga qo‘nib,
Shirasini emib, uchsam, charx ursam,
Keyin sekin qo‘nsam yor yelkasiga –
Yor meni tanimay qolar edi-ya!
Mirtemir tarjimasi
* * *
Dengiz tindi, sohilda yurdim,
Seni kutdim – nega kelmaysan?
Oy tog‘ osha chiqdi osmonga,
Seni kutdim – nega kelmaysan?
Axir seni qayda kutayin?
Seni qanday, ayt, unutayin?
* * *
Yuragimdan oyu yulduzni
Yulib olib osmonga otdim.
Huv, to‘qson liga cho‘zilgan
Osmonda oy-yulduzim qotdi…
Oyim yonsin, yulduzim yonsin,
Uni ko‘rib yorim quvonsin…
* * *
Mayli, garchi bitta oq ko‘ylagim bor,
Men uni yaxshilab yuvib olaman.
Quyoshning tig‘ida quritib yak bor,
Dazmollab tong payti kiyib olaman.
Top-toza matoning ostidan birdan
Ko‘tarilar qanot misoli elkam…
* * *
Bir soya sirg‘aldi sokin suv uzra
Ko‘prikdan o‘tardi qari ruhoniy.
“Yurmagan yo‘ling-ku qolmagan, aytgin,
Taqdir qayga eltar ushbu on seni?”
Yo‘lidan to‘xtamay chol menga shu dam
Osmonni ko‘rsatdi hassasi bilan…
* * *
Kommungoning bir torin chertdim –
U kuyladi,farog‘at bor deb…
Yana bitta torini chertdim –
Mung yangradi,dil yorga zor deb…
Toki firoq bor ekan, yorim,
Kim aytar: g‘am,hasrat bekor deb?..
* * *
Yorim bilan xayrlashar on
Kuz shamoli sochardi xazon.
Mana,erib ketdi muzu qor,
Gullarini uyg‘otdi bahor.
Qayg‘urarman: hech darak bermas –
Nahot, endi u menga yormas?!
Xurshid Davron tarjimasi
* * *
Komungoning* bir torin chertib
Orom topdi pajmurda ko‘nglim.
Boshqasini chertdim so‘ng asta –
Anduh ila bo‘zlay ketdi tor.
Er yuzida yasharkan hijron,
Qanday qilib yo‘q bo‘lsin hasrat?!
___________
* Komungo – olti torli koreys xalq cholg‘u asbobi.
* * *
Nigohimda bir-bir aks etar
Shafaqrangli osmon va daryo.
Qamishzorlar uzra yolg‘iz g‘oz
Faryod tortib sokin uchmoqda.
Mana, kuz ham oxirlab qoldi…
Biroq yo‘qdir do‘stimdan xabar!
* * *
Bekorchi yashadim va sayoq kezdim,
Havoga sovurdim ko‘p yillarimni.
Maqsadim yo‘q edi hayotda chunon
Va qila olmadim munosib yumush.
Demak, fursatim ham qolmadi endi,
Faqat o‘yin bo‘lar qolgan umrim ham!
* * *
Nilufar barglari uzra uzzukun
Tinmay savaladi kuzak yomg‘iri.
Biroq birortayam iz qolmas edi
Uning kamalakvash nafis sirtida…
Sen ham shunday gardsiz bo‘lib qol,
Shu gulga o‘xshagin, ey, mening ko‘nglim!
* * *
Nega kelib qolding, xushqad qarag‘ay,
Tog‘ so‘qmog‘i uzra jar yoqasiga?
Inonmassan, vaqtu soating yaqin,
Qachon ayrilasan o‘z osmoningdan?
Balki sen odamlar tog‘dan tushirib
Chopib tashlashlarin kutayotgandirsan?
* * *
Men balki buyuk Szya I* uchun
Esi past bo‘lib ko‘rinarmidim:
Bunda go‘yo yolg‘iz – bir o‘zim
Olam dardin olib ketyapman.
Yoxud inson haqida tinsiz
Hasrat to‘kib yig‘lamoqdaman!
___________
* Szya I (mil. avv. 201–169) Xitoyda yashab o‘tgan davlat arbobi, shoir va olim. Imperatorning o‘g‘li halokat tufayli vafot etganida Szya I bir yilgacha motam tutib, o‘zi ham qazo qilgan ekan. Shoir bu she’rida o‘z kechinmalarini Szya I taqdiriga mengzashga harakat qilgan.
* * *
Er qazo qildi – hasrat yoshlari
Oqib kelar ko‘kraklar uzra.
Bilaman, bugun ona sutida
Achchiq ta’m bor – ingrar chaqaloq.
Kichkintoy, ayol kabi tutma o‘zingni –
Chunki erkak bo‘lib o‘sishing kerak!
* * *
Hech vaqong bo‘lmasa kiyishga,
Tortib olma yaqiningdan qabosini.
Hech vaqong bo‘lmasa yeyishga,
Kun o‘tkazma zorlanib aslo!
Bulg‘anish osondir har boshga,
So‘ngida tozarish mushkuldir!
* * *
Toki tirik ekan otang va onang
Hurmat qil ularni, taomildir shu.
Ne naf nadomatdan olamdan o‘tgach –
Aslo so‘zlaringni eshitmas ular!
Ota-onang uchun farzandlik qarzin
Qaytarib bo‘lmas hech ko‘z yoshi bilan!
* * *
Topilmas do‘st u kabi sodiq
Qarindoshlar ichra ham hatto.
Va faqat u menga ayta olar
Nomunosib ish qilsam agar.
Mabodo u dunyoga kelmaganda,
Inson bo‘lib qolarmidim men?!
Rus tilidan Davron Jabbor o‘g‘li tarjimasi