An Xyon Mi (1972)

An Xyon Mi Janubiy Koreya adabiyotining kenja avlod shoiralaridan. U 1972 yili Janubiy Koreyaning Kangvon-do viloyati Tebek shahrida tug‘ilgan. U Seul Sanoat Universitetini tamomlagan bo‘lib, 2001 yili Janubiy Koreyadagi nufuzli “Munxak Dongne” nashriyotida o‘z she’rlari bilan ko‘rinish bera boshlagan. 2012 yili u ushbu nashriyotning “Eng yaxshi debyut” sovriniga ega bo‘ldi. 2006 va 2009 yillari she’riy to‘plamlari chop etilishi ortidan Shin Dong Yob nomidagi adabiy mukofotni qo‘lga kiritgan.

VAQT

Jimjitlik haqida bergan savolga
Eng yaxshi javobing bo‘lar – sukunat.
Vaqt haqida ham fikr shudir bemalol,
Bizning izmimiz-la yurmaydi soat.

Qaysi bir yoz fasli Tebek tog‘ida
Qurigan daraxtga tushgandi ko‘zim.
O‘sha chog‘ oldimda, qalb ardog‘ida
Shivirlab aytgandim senga dil so‘zim.

“Yillar o‘tib sening yoshingga yetsam
Sendek inson bo‘lmoq istayman, rosti”.
Vaqtning xukmi bilan qadam-baqadam
Shu tanish maskanga oyog‘im bosdim.

Vaqt esa so‘roqqa tutar tinimsiz:
“Uning kabi bo‘loldingmi endi, xo‘sh?”
Javob berolmasman, tuyg‘ular xissiz,
Yonimdagi daraxt kabi jonsiz, bo‘sh.

SASSIZ QURIGAN DARAXTGA QARAYMAN…

Shamol quvib keldi tumanni asta
Ko‘rinmaysan: o‘n yetti qadam qo‘ydim.
Sening vaqtingga men bo‘lib payvasta,
Mening vaqtim kelmabdi – qarab qo‘ydim.

Sen haqingda menga savollar bisyor,
Javob ham, isbot ham xayolan naqddir.
“Jimjitlikka seni qo‘yib beozor,
O‘zi indamasdan ketgan bu VAQTdir.

O‘n yettita qadamni tashlab nihoyat
Ko‘rmoq uchun keldim quruq daraxtni.
Inson istar sevgi gullashin g‘oyat,
Unutma so‘ngso‘zni aytguvchi vaqtni.

Tebekga kelib angladim shuni:
Sevgi o‘lsa ham qurigan daraxt qolishin…

AYoL YoMG‘IR

Amazonkaliklar kunbo‘yi yoqqan yomg‘irga
Ayol yomg‘ir,deya ta’rif berishmas bejiz.
Chunki bu dunyoda g‘am-qayg‘uli taqdirga
Shunday uzun yig‘lar ekan Ona…Ayol… Qiz…

“Yig‘lamagin, yig‘lama”, deya ovutgancha,
Qo‘lidagi go‘dakdan ham yig‘laydi uzoq.
Chanqoq bolasiga ko‘kragini tutgancha,
Dilbandidan ko‘proq yig‘lar,ovozda titroq.

“Yig‘lamagin, yig‘lama”, deya ovutgancha…

Otabek Yo‘ldoshev tarjimalari