MAKTUB
Ko‘p shukr bo‘lsin sanga, yo Mustain,
Ummating saqla yomondan, yo Amin,
Qolmadi bu yurtda chun bir ahli din,
La’natullohi alayhim ajmain.*
Soldi islom o‘rtasiga bir nifoq,
Qolmadi bir kimsada hech ittifoq,
Barchalar dindan chiqib, kofir-mazoq,
La’natullohi alayhim ajmain.
Saltanat dardiga tushdi podishoh,
Iddaoda beklaru ashobi joh,
Sotdilar el mulkini beishtiboh,
La’natullohi alayhim ajmain.
Bor ekan davlatda bunday vuzaro,
Bu qo‘mondon, bundayin bir umaro,
Bizga oz bu boshga tushgan mojaro,
La’natullohi alayhim ajmain.
Saltanatda har talon, aldov va fol,
Zulmu hiyla, kufru tama’, suyi hol,
Lofu yolg‘on birla keldi ko‘p zavol,
La’natullohi alayhim ajmain.
Fisq-fujuru o‘g‘riliklar beqiyos,
Op-ochiq rishvat, xiyonat, iltimos,
Barcha bu ahvolga bo‘ldi xosu mos,
La’natullohi alayhim ajmain.
Yo‘q-ku muslimlikda munday fe’lu hol,
Kim bular — erkakmidir yoxud ayol?
Er bo‘lib ketding-ku ey, millat, uyol!
La’natullohi alayhim ajmain.
Yaxshilik chiqmas bu bek, poshosidan*,
Asli bizdanmas, chatishgan rasvosidan,
Otboqar peshvosidan, vosvosidan,
La’natullohi alayhim ajmain.
Birlashib bir to‘p chalish, orsiz, dayis,
Qo‘shmachi, qo‘shqo‘llashib bo‘ldi rais,
Haybati davlat-la soldi dong‘u iz,
La’natullohi alayhim ajmain.
Oqibat haqdeb azobda qoldilar
Elni aldab, g‘aflat ichra soldilar,
Eski, ajdod intiqomin oldilar,
La’natullohi alayhim ajmain.
Yo‘q bularning xayr ila himmatlari,
Bizgamas, kofirgadir rag‘batlari,
Millatim mahvindadir g‘ayratlari,
La’natullohi alayhim ajmain.
Bo‘lmasaydi yurtda xoin vahshati,
Yiqmas erdi shonin Usmon davlati,
Chiqmas erdi bu urush, el ofati,
La’natullohi alayhim ajmain.
Qayda harb etsa, ajab, islomiyon,
Bir urushmas, ko‘rsatish ul, begumon,
Mulku elni boy berur ul kofiron,
La’natullohi alayhim ajmain.
Shu urushmi? Aldama, ey muttaham,
To‘p otilmasdan turib bir to‘p odam
Bo‘ldilar taslim, berib bayroqni ham —
La’natullohi alayhim ajmain.
Tog‘da ul o‘n ikki ming askarni ko‘r,
To‘pu miltiq, olati harb benazir,
Bir o‘q uzmay bo‘ldilar, hayhot, asir,
La’natullohi alayhim ajmain.
Toleyi yo‘q, o‘n ikki ming qahramon
Ne uchun yovga asir tushsin? Hamon —
Haybatiy-la taslim etsa Rusiyon,
La’natullohi alayhim ajmain.
Ul soat maydonda yangrab yov so‘zi,
O‘rdumiz bosdi o‘rab, qirdi o‘zi,
Qonga g‘arq bo‘ldi samovotning yuzi,
La’natullohi alayhim ajmain.
Vodarig‘o, dog‘da qoldi ummati,
Insu jinsni yig‘latur bu ofati,
Jonni berdik yovga, bu ne kulfati,
La’natulpohi alayhim ajmain.
Tog‘u tosh to‘ldi asir-la beshuur,
Bu ne ish — shundoq asoratmi bo‘lur?
Bizga qilganlar javobin ham olur,
La’natullohi alayhim ajmain.
Bizni kofir haydadi bir qo‘ydayin,
Ostimiz muz, ustimiz qor, ko‘p qiyin,
Titramaqdan chokuchok bo‘ldik tayin,
La’natullohi alayhim ajmain.
Jon to‘zarmi bunga, kunlar purazob,
Qahrining o‘tinda biz bo‘ldik kabob,
Jumla olam ohimiz tuymas, xarob,
La’natullohi alayhim ajmain.
… So‘zni to‘xtat endi, Darvish, shu yetar,
Eskilar derlar-ku, kun kundan batar,
Ummati Haq etdi kuffordan xazar,
La’natullohi alayhim ajmain.
1904 yil
_____________
* Ularga Ollohning la’nati bo‘lsin. (arab.)
* Posho — harbiy unvon, general (tarj.)
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi