Sesar Kalvo (César Calvo; 26 iyul 1940, Ikitos, Peru – 18 avgust 2000, Lima, Peru) – perulik jurnalist, shoir. U “Generación del Sesenta” (“Olmishinchi yillar avlodi”) guruhiga mansub shoirlardan biri. Romanlari italyan va ingliz tillariga tarjima qilingan.
ShOIR XONASIGA TAShRIF
Shoir xonasiga tashrif buyuring.
Ostonadan —
Yuragimgacha —
Agar sanasangiz —
Ellik pillapoya kambag‘alchilik.
Undan ko‘tarilib,
Chapga buriling.
Agar yo‘lda
Mening qayg‘umning yelkasiga suyanib,
Mehr ro‘moli to‘qiyotgan
Onamni ko‘rsangiz,
Shoirning xonasi qayerda deb,
Undan so‘rab ko‘ring.
Sarg‘ayib-sarg‘ayib yo‘qolayotgan
Bahorga tikilib turgan
Evelichani uchratsangiz agar,
Undan so‘rab ko‘ring,—
Mening yuragim qayda
Va qaydan borilar shoir xonasiga.
Agar yig‘layotgan quvonch uchrasa,
Yana uchrasa bepoyon qumzor,
Qayerga borishingizni
Qum donalaridan so‘rab ko‘ring,—
Shunda shoir xonasiga kirib borursiz.
Mana — stol va chiroq,
Mana — qonim to‘la siyohdon.
Boshqasida ayriliq — lim-lim…
O‘rgimchak to‘r solgan burchakda chalkashib yotar
Kimningdir chang bosgan ko‘zyoshi,
Stolda esa qog‘oz.
Vaqt og‘ir boshini egib o‘ltirar
Qog‘oz ustida ..
Shoir xonasiga tashrif buyuring,
Erinmay bir qarang shoir xonasiga
Mening yuragimdan
Har bir yurakkacha
Ellik pillapoya sabru toqat,
O‘rtoqlar, chopqillab chiqingiz undan.
(Agar meni
Topa olmasangiz,
So‘rab ko‘ring, qayerlarda men
Olov yoqayapman yong‘in chiqargani.)
VARAQA
Yozilmagan so‘zlar
Bugundan boshlab
Jimlik
va bulbulning sozidan nafis.
Oy nuri bag‘rida
Chiroyli so‘zlar
Uyatli so‘kishday yetar quloqqa.
Murda is burqsigan hayot haqida
Yana nima deyish mumkin,
Do‘stlarim?
«Bu hayot — pokiza shabada kabi
Tiniq va go‘zal», deb yozmoq mumkinmi?
Bu hayot — har kuni
Tuproqqa qorisa bizni,
Bu hayot har kuni
Makkorona bo‘g‘sa,
Hatto zaharlashsa
Yomg‘irlarni ham…
«Uyat!» deb aytguvchi,
Axir, topilar…
O, didi oliylik,
Tili nafislik —
Chekin nariga!
Axir yo‘q,
Axir, yo‘q,
Gullarning shiviri —
Qotil kuz ularga
O‘zini bahor deb tanishtirgan.
Shoirlar ko‘ksidan
Favvoraday otilgan
Yulduzli — daryolar ham yo‘q,
Qayg‘ular ham yo‘q —
So‘nggi qatra yoshgacha
Ichib ado qildi uni ablahlar.
Hozir o‘zim ham ko‘rib qoldim:
Ikki qarg‘a qo‘ndi
Mening ham tilimga
Eshityapsizmi, shoirlar!
Eshitinglar!
Eslab qolinglar!
Anchadan buyon bizning yerimizda
Hamma chiroyli so‘zlar bo‘g‘izida
Tiqilib turar
Qon va yolg‘izlik.
Usmon Azim tarjimalari