Nikolas Gilen (1902-1989)

Nikolas Gilen (Nicolás Cristóbal Guillén Batista) 1902 yilning 10 iyulida Kubaning Kamaguey deb atalgan shaharchasida tavallud topib, 1989 yil 16 iyunida Gavanada vafot etgan. Dastlab huquqshunoslik bo‘yicha o‘qigan,ammo keyinchalik adabiy ijod bilan shug‘ullangan. 1930 yili ilk she’riy to‘plami chop etilgan. Nikolas Gilen Lotin Amerikasi she’riyatida katta mavqe egallagan va Ovrupo bilan Afrika madaniyatini o‘zida ifoda etgan «qora she’riyat» oqimining eng yirik vakillaridan biridir.

TOPIShMOQLAR

Tishi — tongdir, terisi — naq tun,
teri — bulut, tish — xuddi qordir.
Kim bo‘lishi mumkin bu?
— Negr.

O‘zi zaif, lekin bosh egar
unga bari — qarilik, yoshlik.
Kim bo‘lishi mumkin bu?
— Ochlik.

Qulga qul-u, xo‘jalar uchun
goh halokat, goho tog‘-tog‘ zar.
Kim bo‘lishi mumkin bu?
— Shakar.

Irg‘itarlar boyonlar uni
qilganida shafqat dag‘dag‘a.
Kim bo‘lishi mumkin bu?
— Sadaqa.

Yuragimga qamab ko‘zyoshin,
u kulmoqni o‘rgandi qasddan.
Kim bo‘lishi mumkin bu?
— Menman.

SOLDAT, OTIShNI O‘RGAN

Soldat, otishni o‘rgan,
shunda sen yarador qilmaysan meni.
Yo‘lga o‘xshash uzundir hayot.
Mo‘ljalga ol yuksakni, quyini emas,
o‘qing menga tegmasin uchun.

Quyida senu men, biz — yonma-yonmiz,
ey soldat-o‘rtoq.
Quyida senu men, biz — yelkadoshmiz
bitta botqoqda.

Quyiga qarab otmoq mumkin emas hech:
quyida — men bor.
Soldat, otishni o‘rgan,
shunda sen yarador qilmaysan meni.
Yo‘lga o‘xshash uzundir hayot…

MEHNAT VA QAMChI

Qamchi,
mehnat va qamchi.
Quyosh barvaqt uyg‘ondi
va ko‘rdi negrni qullikda tanho.
Yalang‘och badan qondir
yalang‘och paykal aro.

Qamchi,
mehnat va qamchi.
Uchib o‘tdi qichqirib shamol:
«Bu qo‘llarda, eh, qancha qudrat!»
Qoni unga dedi: «Ketdik, bas!»
U qoniga dedi: «Ketdik, bas!»
U tik turdi qonga belanib.
Shakarqamish dengizi cho‘chib,
unga yo‘l ochib berdi.
So‘ngra — cho‘mdi sukutga osmon,
osmonning ostida — qonga botgan qul,
biroq bu qon — quldorning qoni.

Qamchi,
mehnat va qamchi,
biroq bu qon — quldorning qoni,
qamchi,
mehnat va qamchi,
biroq bu qon — quldorning qoni,
biroq bu qon — quldorning qoni.

Abdulla Sher tarjimalari

SOZ

Shom jimligin chertib uzoqda
Bunday tiniq, bunday lazzatli,
E, voh, u soz qanday hasratni
Kuylayotir, ingrar ne haqda?

Kimning mohir qo‘llarida u
So‘ylayotir bunday dahshatli?
Allaqanday latif hasrat-la
Seskantirar yurakni, yohu!

Shamol esa mudroq nafasda
Shaffof nola shiddatin asta
Keltiraru o‘yimga singar.

Fig‘on qilar yurak ham besas,
Simlar go‘yo qaydadir emas,
Xuddi mening ko‘ksimda ingrar…

TO‘RTINChI MOTAM

I. FEDERIKO

Men chertaman ohang eshigin:
— Federiko!..— To‘q, to‘q, to‘q.
Bir to‘tidan javob eshptdim:
— Federiko yo‘q, yo‘q, yo‘q.

Men oynaband eshikni chertdim:
— Federiko! Bormisan?..— Ammo
Bir qo‘l imo qilar tun sari:
— Uni olib ketdi bmr daryo.

Men lo‘lining uyiga keldim,
Chertdim eshik, derazani boz:
— Federiko!..— Sado yo‘q, bildim,
Zulmat hokim bu uyda, xolos.

Devorlarni mox bosib ketgan,
Paqir yo‘qdir quduqda bu kun.
Po‘papakday — kaltakesaklar
Bosib ketgan hovlini butun.

Yumshoq shilliqqurtlar to‘lg‘onib
Nurab ketgan o‘choqda yotar.
Qirmiz-qirmiz javzo shamoli
Xarobalar xokini titar.

Qaydadir u? Qayda soviydir
Otash lo‘li nigohi, ma’yus?!
Federiko, senga ne bo‘ldi?
Nechun, nechun kelmaysan hanuz?!

II. QO‘ShIQ

Bir yakshanba tuni u ketdi,
Hanuz, hanuz kelmaydir, e, dod!
Qo‘llarida gulsafsar edi,
Ko‘zlarida — butun samovot,
Guli konga bo‘yaldi, endi
Qoni muzlab qolibdir, hayhot!

III. GARSIA LORKA

Qo‘ng‘ir nard*, qip-qizil qalampirmupchoq,
Muzlagan mohtobning ostida zaytun;—
Sen, Granadada, Federiko, oh.

Ular-la xayollar surarding har tun;
Limonzorning makkor qorong‘usida
Oyning torlarida yangrardi gardun.

Yulduzlar anqiydir. Dasht uyqusida.
Tun harir etagin eltib tumandan,
Oshiqlar so‘qmog‘in yopar osuda.

Bandi lo‘lilarni ko‘rding daf’atan.
«Federiko!..» — jimjit tashlashar nigoh,
Lekin kon chinqirar ochiq yaradan.

G‘uboru g‘am bosgan yuzlari ham, oh,
Kuygan oyoqlar ham g‘arib hasratda
Nochor qadam bosib qichqirar, e, voh!

Oyning dog‘laridek ko‘kish suratda
Kattayu kichigi parishon mutloq —
Sudralib borishar tund sukunatda.

Federiko, ular uzra sen shu choq
Barcha bahorlarning rangiga cho‘mgan
Moviy qush bo‘lib uch! Senikidir shan
Oy va nard, zaytun va qalampirmunchoq!
_____
* nard — bir xil xushbo‘y o‘simlik.

YO‘L BO‘YLAB

Yo‘lda, yo‘lda,
yo‘lda!
Men ketyapman, qayon — bilmayman,
yo‘lda;
men ketyapman, ketyapman pulsiz,
yo‘lda;
men ketyapman zo‘r qayg‘u bilan
yo‘lda.

Uzoqdadir meni axtargan —
yo‘lda;
kutgan odam butkul yiroqda —
yo‘lda;
men gitarni ыo‘ydim ko‘ndalang
yo‘lda.

Qanday chaqqon bo‘lmish oyoqlar
yo‘lda;
uzoqni ham ayon ko‘rursan
yo‘lda;
qo‘lni qattiq qisadi barcha
yo‘lda.

O‘z g‘ussamni tuta olsaydim
yo‘lda;
aylar meni bu g‘ussa ado
yo‘lda;
umurtqamni sindirdim shundan
yo‘lda.

Mayli, uzr so‘rgay u mendan
yo‘lda;
men o‘ldirgum yashamoq uchun,
kuylamoq va yashnamoq uchun
o‘ldiraman qayg‘uni yo‘lda,
yo‘lda,
yo‘lda.

JAVOB BER!

Sen Vatanni tark etdingmi, ayt,
Javob ber:
Bunday yashil diyor qayda bor,
Bunday zangor yer,
Qayda bunday xurmo va osmon?—
Javob ber?

Sen unutding ona tilingni,
Javob ber.
«Yu end ay» deb o‘zga tilda yo
Qilasan takbir?
Soqov bo‘lib yashaysanmi yo —
Javob ber?!

Otang sening bu yurt haqida,
Javob ber,
O‘la turib aytmaganmidi:
«Jannatdir!»
Qayda chirir sening suyaging,
Javob ber?!

So‘yla, badbaxt, so‘yla, javob ber,
Javob ber!
Bunday yashil diyor qayda bor,
Bunday zangor yer,
Qayda chirir sening suyaging,—
Javob ber!

ChILI BILAN XAYRLAShUV

Alvido!.. Boz qanot qoqmoqda dilim,
Lekin mis qiyofang ma’yus nur kabi
Mening yuragimda ketgaydir, Chilim!

Ochiq xat singari ochurman qalbim:
Sen mening yurtimsan! Men uchun ham g‘am
Baxtsiz odamlarning gezargan labi.

Olib ketmoqdaman: men bilan hamdam
Ipak va temiring, kaptar, vulqoning,
Cho‘g‘lanib yonguvchi ul qorlaring ham.

Men olib keturman qirlar armonin
Va daydi it kabi yelib-yugurgan
Magellan bo‘g‘ozi shamol-bo‘ronin;

Kopnue gulin ham — xushbo‘y ufurgan
Va yangi bir tongning alvon tusida
Ovloqda men uchun ta’zimda turgan.

Bir malak yotarkan tinch uyqusida,
Oson eltdi meni uzum sharobi
Xush ifor taratgan go‘zal izidan;

Olib ketgum ko‘plab yara hisobin,—
Ko‘rdim goh yiqilib, goh turganingni,
Ochko‘z olomondan tortgan azobing;

Ul bo‘ri to‘dasin quturganini,
Lashkarlar to‘lqinin isyonin ko‘rdim,
Asov g‘alayoning o‘kirganini.

Tuz, dori yaltirab g‘aroyib nurdan,
Oqshom men dashtlarda titrarkan yelib,
Ochiqqan ko‘zlarnnng g‘ussasin ko‘rdim.

Ko‘mir do‘zaxiga, turib-yiqilib,
Tushdim va konchilar bilan men totdim
Ajal havosidan, yurak siqilib.

Darddoshman, quroldosh. Dushmanlar zotin
Garchi yasholmasman sen bilan qirib,
Lek shahid partizan — Manuel* otin
Olib ketajakman bir bayroq tsilib!
_________
* Manuel Rodriges (1786—1818) — Chili mustaqilligi uchun kurashgan.

QORA DENGIZ

Parishon va bir binafsharang
Dengiz uzra tun.
Baliqchilar ovozidan tang —
Bezovtadir tun.
Dengizdan tun sari ko‘tarilar oy,
Oyni quchar tun.
Dengiz — misli tun.
Tun qa’rida fahat bir qo‘shiq
Sokin to‘lqin uzra taralar;
Tun qa’rida faqat bir qo‘shiq.
Baliqlar ham tinglar: suzmoqda
Tun bag‘rida faqat bir qo‘shiq
Yoqib-yoqib muzdayin suvni.
Tun qa’rida faqat bir qo‘shiq…
Tun qa’rida faqat bir qo‘shiq…
Tun qa’rida faqat bir qo‘shiq…
Dengiz — misli tun.
Oh, mulatkam, oltin sevgilim,
Oh, mulatkam, sevgilim, nurim,
Oltinda ham, kumushda ham — sen;
Qalampirmunchog‘u po‘rtahol gul-la
Och erkak dengizning bo‘yidasan sen,
Shu dengizning qo‘ynidasan sen.

YaLPI QO‘ShIQ

Karag‘ayga chiq, kabutarim,
Nazar solgin eng baland shoxdan:
Ko‘rinmasmi mening dilbarim,
Kelmasmikin u o‘rmon yoqdan?

— Nelar kezar boz sizning o‘yda?
Dilbaringiz hozir bu zamon
Yong‘oq chaqib o‘ltirar uyda!

Kabutarim, kutarman o‘pich,
Dilbarimga eslatgin buni.
Ko‘p bor va’da berdi-yu, u hech
Bir bor hadya etmadi uni.

— Nelar kezar boz sizning o‘yda?
Dilbaringiz hozir bu zamon
Qahva ichib o‘ltirar uyda!

Dilbarga ayt, kabutarim, tez,
Ko‘mmoqdalar — men bo‘ldim ado,
Tobutimning boshida shu kez
Aytib qolsin so‘nggi alvido!

— Nelar kezar boz sizning o‘yda?
Dilbaringiz makkajo‘xori
Eb o‘ltirar bu zamon uyda.

Mirzo Kenjabek tarjimalari

YaShIL KALTAKESAK

Antil, Antil dengizida –
Karib ham deydilar, – uni
vahshiy dolg‘alar savalab,
harir ko‘pik yalab-yulqar,
quyosh-chi, olgay zabtiga,
ko‘ksidan itarar shamol,
qo‘shig‘idan sizar yoshlari –
xaritada chayqalar Kuba:
ko‘zlari ho‘l toshlar kabi
uzun yashil kaltakesak.
Tikanli poyadan to‘qir toj
unga shakarqamish qandi,
lekin u qandoq ham topsin qadr,
axir, uni kiyar cho‘ri;
uzoqdan qarasang – qabo kiygan malika,
qabo kiygan cho‘ri – boqsang yaqinroq kelib,
dardlilarning dardlisi –
xaritada chayqalar Kuba:
ko‘zlari ho‘l toshlar kabi
uzun yashil kaltakesak.
Ammo, ey sen, sohildagi
sobit qo‘riqchi –
dengiz zindonboni, unutma,
nayzalar uchmoqda balandda o‘rtana,
borliqni buzguday tashlanib po‘rtana,
olov tilin cho‘zib qilmoqda tantana,
nazaringdan chetda qolmasin hech
uyg‘oniboq, tirnoqlarini
xaritadan uzmoqqa shaxd etgan –
ko‘zlari ho‘l toshlar kabi
uzun yashil kaltakesak.

ANTONIO XOTININI O‘G‘IRLASh

Ichay seni bir yutim qilib,
bir simiray o‘tkir may bilib,
tomchi qo‘ymay sipqora qolay
jazavali raqsga sirilib!
Epchil, olov va kuydirmajon,
shu – qo‘shig‘im ko‘klab chiqqan don!
Sholro‘moli titrar hubobday,
kimo‘zar raqs jununvash xobday,
Antonio jahli chiqsa gar,
kuzatar yo nariga ketar,
nima qilsa hamki, xotini
tun bo‘yi men bilan raqs etar!
Gabriela, mahtaldir parvoz,
qanotlaring
qushday erkin yoz,
ko‘ksingda dil
potirlasin oq qushga hamroz,
tezroq, tezroq o‘ynay qol,
raqs maqomi
quloqlarda jaranglar xushhol!
Ketolmaysan bundan, duragay,
ketar bo‘lsang, osmon nuragay,
sonlaringda marjonlar tizib,
qanddan chuchuk ter chiqar sizib.
Jaranglar maqom, jaranglar,
jaranglar, jaranglar maqom,
maqom jaranglar, jaranglar,
ko‘ngil – rom, rom!
Ko‘zlaringning qora donlari
mehrigiyo xonumonlari,
Antonio qaytsa bo‘lmas g‘ash,
so‘rmas hatto hazil aralash
ne jin urdi raqs onlari…
Antonio anoyi emas,
boshqalar ham hech narsa demas,
yo olgancha ilkis bir zarbni,
farqlayolmay na sharq, na g‘arbni,
kalovlanib, xayoli to‘nglar,
boshi oqqan tomonga jo‘nar,
yo shu taxlit ochilar foli,
ketar-yitar – ne bo‘lar holi…
Jaranglar, jaranglar maqom,
jaranglar, jaranglar, ayon…
Epchil, olov va kuydirmajon,
shu – qo‘shig‘im ko‘klab chiqqan don!

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi