Fayyod Xamis (1930-1988)

XX asr ispancha she’riyatning yorqin siymosi, tomirida arab qoni oqqan, shoir va musavvir Fayyad Xamis (Fayad Jamís) 1930 yilning 27 oktyabrida Meksikaning Ochokaliyente shaharchasida dunyoga kelgan. Bolaligida ota-onasi bilan Kubaga ko‘chib kelgan. Yoshligida Kubadagi ijtimoiy va madaniy muhitni yaxshilashni maqsad qilgan o‘n birlar guruhi nomini olgan harakatda faol ishtirok etgan. 1954 yili oilasi bilan Parijga ko‘chib borgan. Frantsuz syurrealizmi oqimi asoschisi shoir Andre Breton bilan tanishgach, she’rlarida ayni shu oqim ta’siri kuchayadi. Ayni o‘sha yillarda u ijodidagi salmoqli o‘rin tutgan, xususan kubalik atoqli shoir Nikolas Gilenga bag‘ishlangan «Sayyoh Alba» she’rini yozadi.
1961 yili ro‘y bergan inqilobdan keyin Kubaga boradi va butun faoliyatini inqilobiy o‘zgarishlarga qaratadi.
Fayyad Xamis 1988 yilning 13 noyabrida 58 yoshida og‘ir xastalikdan keyin vafot etgan. Uning ijodi bir qator xalqaro adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan.

BEDOR NAZORATChI

Sintio Viterga

I

Eshitdingmi, qanday sokin nola chekib qobiq yordi kun?
Ko‘ryapsanmi yuzlarga shakl bergan
shu’lalarning kumush yelkanin?
Qishlog‘ini sog‘inib lab tishlaydi qariya ispan.
Barmoqlari sindirmoqda stakanni tovushsiz.
Bedarak o‘g‘ilning xayoli bilan
uning vatanida hozir uyg‘onar ona.
Jimirlagan sharsharaday chiroylidir shisha siniqlari.
Xotirada emas — shundoq ko‘z oldida
paydo bo‘lar olis bolalik
va kulrang qaboqlarga qanot uradi — nima bu?
Kapalakmi yo ko‘zyosh?
Daf’atan ko‘raman: men — go‘dak, «Valekaslik bola»dek,
va menman — qadimiy dumaloq gardishda turgan
bobom suratining bequt soyasi.
Ayt menga, bu derazada hech payt oyna bo‘lmagan, deb ayt,
yo‘qolib borayotgan bu ayanch sharpalar esa —
mening tungi alahlashim samarasi, de.
Eshityapsanmi, xuddi birovni nozaninlar chorlagan kabi,
qanday hirsli kuylar ularning mayin terilari?
Mulat o‘tar uyqusirab itargancha aravasini,
o‘tadi yuk mashinasi usti to‘la jandarm
va mungli jaranglab tor ko‘chalarga
to‘kiladi hurkak shu’lalar
kuygan oy singari badanlaridan.
Oynaning naryog‘ida o‘tirgan do‘stim,
shu yerdamisan? Yoki bog‘dan qulay joy topib,
Tinglamoqdamisan
Yuragingga hasrat bo‘lib quyilayotgan
favvoraning oppoq oqimlarini?

II

Sal naridan o‘tar bir oqsoq odam,
lotereya biletlari sotuvchi kampirlar soyasidek.
Ko‘chadan kelmoqda g‘amgin bir qo‘shiq,
lekin u ko‘ksimni
sog‘inchlarga emas, to‘ldiradi umidga.
Qandaydir bir kema yodimga tushar. Chamasi, zangor.
Kimdir chizgan yelkanlarini, balki u —
bog‘da o‘rindiqda o‘tirgan qizcha.
Ichida suyuqlik bug‘lanib turgan
go‘yo sezgir bir idishman men…
Agar kelsa menikiga anov soqolli naynov,
men unga yo‘qman, deb javob beraman.
Eshityapsanmi? Devorlari
havoga tutun bo‘lib singiyotgan
bu uyda men yo‘qman.
Mening yashil suyaklarim shabnamlarga peshvoz
qayta o‘sadi.

III

Qo‘shni it huradi, qo‘ngiroq jarangin ushlar tish
bilan
ammo uni tishlay olmaydi.
Yolg‘iz men bedorman, xonamda na chiroq,
na bolalarim bor.
Tushunuksiz balandlikka qochar cherkovlar.
Yulduz bo‘lib titroq parvozda
chiqar shahar ustiga to‘rg‘ay,
va xuddi tongdagidek, uylarning oynasi
kirar ol rangga.
Kattiq hushtak chalar edim, oldingi paytlar bo‘lsa,
yugurishib oldimga kelar edi kuchuklar,
mening olis boshmoqlarim izlari esa
tor ko‘chalar tuprog‘iga qolardi tushib…
Ammo bugun men o‘zimdan so‘rayman: kimman?
Otim nima?
Mening ko‘k shag‘alli daryom qayerda, qayda olov, umid
ham kaptar parvozi chizib bergan nafis orolim?
Men esa izg‘iyman qo‘lsiz va tilsiz,
mag‘lublikning chigal go‘shalarida,
dodu faryod vahma solgan qorong‘ilikda.

IV

Choh qazishga borayapman men,
o‘z ajalim urug‘ini dafn etmoq uchun.
U baqraygan intizorlikda
yumilgan qaboqqa o‘xshaydi.
U xuddi yetilgan yurak kabidir.
Tutunlar va yashil maysalar aro bo‘y cho‘zadi u g‘amgin.
O, yomg‘ir birodari!
Men qichqiray, yordam ber, yordam!
Tomirida issiq sharbat oqayotgan ey, yirtqich!
Suyaklarimni sen asra avlodlar uchun!
O, qonim mening!
Tilla bargli terak to‘kar poyiga
moychiroqqa o‘xshash urug‘larini.
Sukunatga eltasan sen meni o‘shanda.
O‘t-o‘lan birodari!
Mendan nima uchun nafratlanasan?
O‘zingga boq, mana, mening kaftimda:
Sen bor-yo‘g‘i qalbimning shaydo va mujmal
aks-sadosisan,
boshqa hech narsa emas.

V

O, eshiklar!
Fonuslar ostida shivirlaydi chang,
g‘ichirlaydi munis daraxtlar
Unutishning ko‘z ilg‘amas halqalariday.
Bilasanmi? Men eshiklarni
qariyb o‘zga tushlarni chertgan kabi cherta olaman.
Derazada paydo bo‘lib o‘sha zahot yo‘qolgan ayol,
menga ko‘z tashladi — men deyarli baxtliman.
Mening qalbim esa, go‘yo bog‘langan yirtqich,
yotar oyoqlarim uchida behol,— mening qalbim
telbalik yaralagan darg‘azab nafosatdir.
Bilasanmi? Men tunlari pichirlash kabi
yopiq eshiklarni o‘taman teshib… Izhori muhabbatdek.

VI

O‘lim kabi tasodifan, taqillar eshik.
Vafodor tabassum, xush hidlar raqsi,
hilpiramagan yelkandek ko‘ylak.
Menga ma’lum tunning barcha marosimlari,
uning eng sodiq va eng jasur soqchisi menman.
Xuddi ayolning kuylayotgan sochlari misol,
ko‘chalarda shamol chayqatayotgan
gullar gulchambari — mening yostig‘im.
Men qo‘rqmayman, yo‘q.
Chang suzar xonamda bamisoli qum,
shu mo‘jaz sahroda,
go‘yo itoatkor va dono ho‘kizning issiq nafasi.
Oynalarni ochiq qoldpr, uyqu bilmas chohlardir bular.
Shu zar nurlar sohiliga yechib tashla kiyimlaringni,
O, qayg‘uli, horg‘in sevgilim,
so‘ngra yuragimga qo‘ygin boshingni,
Axir, taqdirimda paydo bo‘lganingdan so‘ng,
yana ham achchiqroq bo‘lib qolgan shu
yolg‘izlikning qora sharobin ichib yotar bu yurak.

VII

Allaqachon otdi xo‘rozlar tongi, o‘lim xabariday
yo‘laklarda titrar aks-sado.
Qora qo‘llar o‘layotgan kabi shamolda, jim oqadi jang…
Shaffof g‘ildiraklar shaldirayotgan
va qish dami puflaganda uchqun misoli
osmonida qushlar so‘ngan ey, mujmal dunyo.
Kimdir rashkli so‘roqlarin boshlaydi shu dam,
keskin ovoz sindiradi sovuq havoni.
Huv ana, soyada, ustunlar aro,
yalang‘och yorug‘lik quvlagan
tungi sharpa bekinib turar
ko‘zlarida yovvoyi, sokin ehtiros.
Men, xolos, uyqusiz qon tomchisiman,
o‘rgimchakman, soqov so‘ngsizlikda cho‘g‘lanib turgan.
Kim, kim biladi mening to‘g‘rimda?
Kim uyg‘onar meni o‘ylab yarim kechada?
Nastarin tus hujram ham mana,
tantanavor nurga to‘lmoqda.
Nima, eshitmayapsanmi sen, sutfurushning ovozin?
Demak, orom olish vaqti kelmish senga ham,
bu yerda, ayni yalpi xurrak markazida.
Allaqachon lablaring o‘lik, nigohing o‘chgan.

JALLOD QO‘ShIG‘I

Jallod atirgulni mayin silaydi,
jallodning yuziga bir tarovat baxsh etadi atirgul.
Bugun osmon paxtadan, umbaloq oshar qushlar
o‘tkinchilarning bir xil qalpoqlari ustida.
Qushning Balzak haykaliga qo‘ngani bilan
hech kimning ishi yo‘q.
Bertold Brext o‘lgani bilan hech kimning ishi yo‘q,
er yuzi hakamlar, mashshoqlar, jinoyatchilar bilan
er yuzini tor qilgani bilan hech kimning ishi yo‘q.
Er yuzidan uzoqlashar za’far olov, yoz o‘layotir —
hammasidan muhimi shu, bolalar quyoshsiz yashay olmaydi,
yosh va qari, oq va qora yashay olmas quyoshsiz.
Parij ibodatxonasining ko‘hna toshlarida o‘layotir yoz.
Sizning quyma jag‘laringizda o‘layotir yoz,
sizning avtomobillaringizda,
sizning soxta qonunlaringizda
O‘ladi yoz.
Jallod atirgulni mayin silaydi,
jallodning yuziga bir tarovat baxsh etadi atirgul.
Umuman, sen ham — ham avliyo, ham jallodsan —
ham jallod, ham avliyosan.
Bunda juda chalkashib ketib qora qanotlari ostiga
biqinadi advokatlar.
Bir odamning jonini olmoq yo mingini sust olovda
yoqmoq — bir xilda jinoyatdir.
Men qotil emasman, garchi so‘zlarim,
generalning jigariga qattiq botsa ham.
Bugun osmon paxtadan yaralganday, umbaloq oshar qushlar
o‘tkinchilarning bir xil qalpoqlari ustida.
Oltin nur eltadi tumshug‘ida qushlardan biri,
boshqasi qanoti ostida eltar
o‘lgan kunning rangpar jasadin.

ARAB ERTAGI

Sen jimsan, Mariannik, ko‘zlaringda esa
potirlaydi kaptarlar.
Har nigohing, pishgan mevadek, tun qo‘yniga
tushar uzilib.
Men senga bir ertak aytaman, bir betayin hikoyachi
bo‘lsam-da, garchi, boshi qolib, ko‘pincha
oxiridan boshlayman yoxud so‘z yuritaman
yaqinda ro‘y bergan va haqiqatga
o‘xshashga ulgurib-ulgurilmagan bir voqea haqida…
Ammo sening sukunatingda qanotlanar-da,
ertakka aylanar so‘zlarim. Bu ertak senga.
Bor ekanda, yo‘q ekan,
Parij shahri ko‘chalarida
Bin al-Sabuniy degan
bir qaroqchi yashagan ekan.
Bilasanmi Sen-Jermen xnyobonini?
U holda eshit:
bir kuni u yerda kechga yaqin borardi
senga o‘xshash oqbadan bir qiz,
kokillari go‘dak labida moychechak asali edi naq…
Qiz shoshardi, qiz izidan shoshar edi Bin al-Sabuniy,
ko‘zlari yaltirardi xuddi po‘lat xanjarday…
Eshptyapsanmi, Mariannik? U tanladi dulay bir joyni,
orqasiga qarashga ham qo‘rqar edi sho‘rlik qiz esa —
ha, uni qo‘rqitib yuborgan edi
bu dahshatli, bu dumrav sharpa.
Bu kimsasiz jin ko‘chada yetib oldi qizga u,—
qiz qaltirar, qichqirmoqqa yetmas hatto majoli,
qayqi xanjar ro‘paradan yaltirab ko‘ringanda,
shosha-pisha qaroqchi esa sevgisin etdi izhor…
Ammo o‘sha zahoti quyuq bir moviylikka
qorishdi qiz nogahon,
xuddi tongda o‘pqonga yutilgan yulduz kabi…
Oyog‘idan chalgandek birov
gurs etib quladi qaroqchi binafsharang,
namchil asfaltga.
Bechora Bin al-Sabuniy,
barmoqlardan sirg‘alib chiqqan yulduz parvozidan o‘ldi!
Jasadini tongga yaqin Sen-Andre-Dezar
maydoni yonidan topdilar,
qindan chiqqan ko‘zlarining xanjarlari so‘ngan
bir tarzda.
Yuzta ishq dostoni topdilar
ilma-teshik cho‘ntaklaridan,
Kinnairam ismli o‘sha qizga atalgan
yuzta ishq dostoni…
Eshityapsanmi, Mariannik?
Shunday, g‘alat ishlar bo‘lib turadi
novdalardan to‘kilgan kuz alangasi
xas-cho‘p aro, ho‘l asfaltda asta-asta so‘nayotgan
shu Parijda.
Sen hali ham jim o‘tiribsan, mening ertagim esa
qariyb yetdi nihoyasiga,
Sena uzra uchmoqda yana ko‘zlaringning kaptari.
Bu — cho‘kmoqda bo‘lgan tunning birinchi yulduzlari.

BOLALIK BOG‘I BO‘LMAGAN MENGA OSVENSIM

Bolalik bog‘i bo‘lmagan menga Osventsim. Men o‘sdim
o‘t-o‘lan ichida, hayvonlar ichida, bizning kulbada
tuni bo‘yi o‘chmas edi qashshoqlik shami.
Shoxlarda osilib turardi qush inlari va yulduzlar,
va yo‘llarda hadiksirab daydir edi oppoq ot.

Bolalik bog‘i bo‘lmagan menga Osventsim. Esimda,
biz faqat qatl etar edik kaltakesaklarni
va o‘choqlar tutuni faqat — yomg‘irli tunlar edi:
esimda, soy bo‘yida qizlar kulgisi,
terdan shilta bo‘lgan otam ko‘ylagi,
sarkash suvning u dahshatli o‘kirigi ham.

Bolalik bog‘i bo‘lmagan menga Osventsim. Men yerdim
konfetlar, alam yutardim, uchirardim faner samolyot
o‘t-o‘lanlar buluti aro — odam terisi emas.
Ha, menga, chamasi, omad yor edi — men o‘sdim
vatanim quyoshi ostida (hech kim, hayvondek,
zo‘rlamadi to‘rt oyoqlab yurmoqqa),
ammo mendan, kimligimni so‘rasangiz,— soyadan chiqib,
Osventsimda bo‘lganlar qatoriga borib turaman.

JAZOIR TOG‘LARIDAGI YoSh SOLDAT JAN-PER LEPTI ShIKOYaTI

Feliks Pit Rodrigesga

Ko‘ylagimning chap cho‘ntagida
qaylig‘im surati va novvotli bir quticha —
onajonim sovg‘asi.

La’nati miltiqdan yelkam zirqirar,
og‘irlashib borar kundan-kun miltiq,
negaki, men u bilan o‘z uyimni qo‘riqlamayman,
negaki, men o‘ldiraman u bilan
o‘z uyini qo‘riqlashga ahd qilganlarni.

Bilmadim, bolalikning
pushti sopol tomlarini qayta ko‘rarmikanman.
Birimiz qaytamiz mukofot bilan,
boshqamiz — refrijeratorlarda.
chunki u frontga tashiydi oziq,
bizning murdalarni esa Frantsiyaga.

Men miltig‘im o‘qi bilan
osmondagi yulduzlarni ura olmayman,
qonga botgan kaptarlarni otaman,
men — nafosat qotili, daraxtlar qotili,
osmon qotili.

Meni haydab kelmadilar bu yerga sevish uchun —
haydab keldilar miltiq milidan
o‘lim deya qichqirish uchun.

Qulog‘imga generallarning
balandparvoz so‘zlarini qo‘ydilar tiqib,
eshitmasin deya toki daraxt ortidan
menga qarab o‘q uzganlarning quvonchli hayqirig‘in.

Goho yengilgan sherdek yerga qular o‘zlari.

Yuvib ketar yomgir mening etiklarim izini,
ammo mening jinoyatlarim qonini yuva olmas.

Yoki qotil bo‘lib, yo bo‘lib qurbon,
refrijeratorda yoki mukofot olib,
bilaman,
bir tomchi qon bo‘lib mangu o‘laman.

ShU OZODLIK UChUN

Manuel Pavarro Lunga

Shu ozodlik uchun sharros yomg‘ir ostida kuylamoqqa
bor-yo‘g‘ingdan kechishing kerak!

Shu ozodlik uchun yelkangga xalq yelkasi
tegib turganini his qilmoqqa
bor-yo‘g‘ingdan kechishing kerak!

Shu ozodlik deb tong gulidek qalbing ochmoq uchun,
guldurosli fabrikalar, yorug‘ maktablar,
so‘qa zarbidan g‘ichirlayotgan tuproq,
tushlarida kulayotgan bolalar uchun
bor-yo‘g‘ingdan kechmog‘ing kerak!

Ozodlikdan boshqa najot yo‘q,
ozodlikdan boshqa yo‘l ham yo‘q,
ozodlikdan boshqa vatan yo‘q,
she’r ham bo‘lmas ozodlikning yuksak musiqasisiz!

O‘z qashshoqligidan maqtanmoq uchun
azaldan oyoqosti qilib kelgan zotlarni
titroqqa solib qo‘ygan shu ozodlik uchun;
sitamgarlar uchun abadiy tun,
xalq uchun endi yengib bo‘lmas,
takrorlanmas tong bo‘lgan shu ozodlik uchun.

So‘lg‘in yonoqlarni,
yalang oyoqlarni,
teshik tomlarni,
och bolalarni yoritgan shu ozodlik uchun;
shu ozodlik uchun, yoshlik olami uchun;
olam kabi go‘zal,
shu ozodlik uchun
bor-yo‘g‘ingdan kechmog‘ing kerak,
bor-yo‘g‘ingdan — nimaniki talab qilsa u!

Hammasidan — hatto o‘z soyangdan ham!
Hammasidan — hatto hayotingdan ham!

Sulaymon Rahmon tarjimalari