Tariganu (Tariganu) – indoneziyalik shoir, rassom, musiqachi. O‘tgan asarning murakkab 60-yillarida yosh shoirning zulm va istibdodga qarshi yangragan ijodi ko‘pning nazariga tushadi. “Quyoshga peshvoz chiqib” (1982) to‘plamida “Sen kelding”, “Bo‘sa” kabi mehr-muhabbat kuylangan she’rlari barobarida “Mullalar”, “Mujohidlar” singari siyosiy mazmundagi asarlari ham o‘rin olgan.
MUHABBAT MO‘’JIZASI
Ayvoningga, ana, yonboshladi oy.
Sen ham oysan.
Tabassuming telba qildi, sevgilim.
Qalaysan?
Kaftimni kuydirar qaynoq kaftlaring.
Bo‘g‘zimga tiqildi bor hayajonim.
Ichimda bir yo‘lbars o‘kirdi birdan:
Bormisan, jonim?!
Tilim ishq sharobin totardi tinmay,
Tortinmay…
Ketyapman. Kuzatib kelding eshikka.
Kaftlaring chizig‘i – xatning satriday,
Barmoqlar oralab kelar nafasing,
Labingning ifori jannat atriday.
So‘zlaysan, abadiy pokdir ismatim.
Hayot – sokin suvda nilufar gulmas.
Yaxshilik, yomonlik uyqash qismatim,
Axir, jangsiz aslo g‘alaba bo‘lmas.
Yo sen qalbim tuqqan yo‘lbars qurboni,
Yo ishqning makridan chiqadi jonim…
Men keldim!!!
ChANGALZOR JINI
Gohida keladi changalzor jini,
Gap boshlar ohista,
Avrar yosuman.
Chorlar meni sekin changalzor tomon.
Chirildoq tashlayman uning oldiga,
Burgutga qurbonlik berganday tovon.
Jin sekin chekinar, kechar o‘chidan.
Yo‘qolib boradi tuman ichida…
Karim Bahriyev tarjimasi