Vaja Pshavela (ვაჟა-ფშაველა) Gruziyaning tog‘li hududi – Pshavining Chargali qishlog‘ida, o‘z qadimiy an’analari, boy tarixi va qaynar buloqdek folkloriga ega bo‘lgan muhitda tug‘ilib, voyaga yetgan. Shoirni olamga tanitgan nom: “Vaja Pshavela” – “Pshavilik er” yoki “Pshavilik kishi” demakdir.
U o‘z she’rlarida vatandoshlarining jonli obrazlarini va tabiatning ko‘ngilni hayratga soluvchi manzaralarini yaratdi. O‘z dostonlarida yorqin xarakteri bilan bir umr estetik ta’sir etuvchi – kuchli, barkamol, dovyurak odamlar obrazlarini jonlantirdi. Aluda (“Aluda Ketelauri”), Gogotur (“Gogotur va Apshina”), Zviadauri, Jokola (“Mehmon va mezbon”), Kviria, Zezva, Luxumi (“Baxtrioni”) kabi qahramonlar shular jumlasidandir.
NE SIR, YaRALIBMAN MEN INSON BO‘LIB
(Qo‘shiq)
Ne sir, yaralibman men inson bo‘lib?
Ne sir, go‘zal, oliy, bilgisiz olam –
Aro, bulutlarning to‘pida to‘lib,
Yaralmabman bo‘lib bir qatra shabnam?
Ne sir,yuksaklarda, birov sermab tig‘
Meni yomg‘ir, qordek quvlamas har dam?
G‘amu tashvishlardan aylarkan forig‘
Meni boshqa qaysi yo‘l bilan egam?
Dargohiga olsa edi qaytarib,
Ayrilmasa edi mendan hech qachon,
Shunda shod yashardim, bo‘lmasdim g‘arib,
Qutulardi achchiq qismatdan bu jon.
Quyoshdan zavqlanib, toshib qalb nahri,
Bepoyon yurtlarga suzsam erta-kech,
Tepada – kun, pastda – zaminning bag‘ri,
Vatanimdir ular – ikkov birga, esh.
Havolardan qarab, tog‘lar silsila –
Teva qatoriga aylardim havas,
Unda, men baxsh etgan bahra – nam ila
Ko‘klam chechaklari ungay basma-bas.
Yosh dilim berardim sochilib-sakrab,
Tong – kunga, shom – oyga: shu qo‘sh suluvga,
Yurtim tomonlarda, issiqdan qaqrab
Chatnagan cho‘llar ham to‘yardi suvga.
Serqirra qorlarga do‘nsam silinib,
Zarra parvoyimga kelmas buyuq ham,
Parchinlansam, ko‘kdan qoyaga inib,
Mangu davom etmas: o‘limim – bir dam.
O‘lganday bo‘lardim va o‘sha zahot,
Bir qarasang, yana urar edim barq,
Ko‘klam olamiga qaytardimu bot,
Uni tabassumga qilar edim g‘arq.
(1913)
HAYoT QONUNI
U – hayotning tartibi: adl, shay,
Azaliy va olamga sherik.
Bizlar o‘lsak – boshqalar kelgay,
O‘lgan o‘rnin egallar tirik.
U bor – hayot jonli, so‘limdir,
Har bir holda kerakdir voris,
O‘zni asrash uchun, o‘limni
Yaratdi u ish tutib xolis.
Go‘yo o‘nggan eski bir libos –
Qarilikni ko‘tarmas ta’bi:
Yangiyu yosh unga xushu mos –
Jo‘sh uradi ezgu matlabi.
Bizning shaxsiy dunyoviy zavqqa,
Muhabbatga yetishgan zavol –
O‘lim shudir, nazdimizla, ha,
Bor olamga yalpi bu kor-hol.
Bu hayotda muhabbat mangu,
O‘liklarga o‘likdir, biroq,
Uchar yal-yal kapalakday u,
Tiriklarga tirikdir har choq.
Jonli yurak urib turganda,
Qaynaganda qon bilmayin had,
Gunafshaday otadi xanda
Bor olamga tojdor muhabbat.
Tog‘ echkisi sakrar: o‘yi – ul,
Ul deb yangrar bug‘u karnayi,
Oshiqona kuylaydi bulbul,
Tarqaladi nastarin kayfi.
Tabiat ham ul deb olar tin,
Uning amri – barchaga ixlos…
Otdi o‘smir dengizga o‘zin,
Esu hushin yedi ehtiros!
Shon top, olam bunyod qiluvchi,
Ne ish – avval belgilaguvchi!
(1895)
Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi