Karlo Kaladze (1907-1988)

Karlo Kaladze (კარლო კალაძე) XX asr gruzin she’riyatining yorqin namoyandalaridan bo‘lib, bu millat adabiyotining yuksalishiga hissa qo‘shgan zabardast shoirdir.
She’riy tafakkur kengligi, poetik umumlashmalar yorqinligi, obrazlilik, gruzin xalqiga xos bo‘lgan olovnok ehtiros, shiddat – hammasi Karlo Kaladze she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlarini tashkil etadi.

DARYoLAR

Uchdi qayg‘um, yurakda zorim,
Uchdi manim oromim tamom.
Uch tulporim, uch, ey tulporim,
Bo‘shliq tomon, cheksizlik tomon.

Uch, tulporim, tortilgan kamon,
O‘q singari otil, vaqt o‘tar.
Botqoqlardan uchib o‘t omon,
Tovoningda chaqnasin o‘tlar.

Uch, tulporim, yiroq-yiroqqa,
Tuqqan yerda qolmasmiz hamon…
Ko‘rdimki men ona tuproqda
Bobolarning xokin za’faron.

Dumbul ko‘ngillarni yonlab uch,
Olis ajdod ko‘ringay butun,
Kecha – qonlar talashgan bir kuch,
Asriy kurash unutdir – bu kun.

Balki yovdir o‘shal tomonda,
Olinmagan xunimdir manim.
Huv, qubbadan balki nishonga
Olur meni bilgisiz g‘anim.

Uch, tulporim, qadaming bos-da!
Tun hududsiz azal och erur.
Jarliklardan zangor libosda
Qarag‘ayzor men tomon kelur.

Telbalardek tog‘lar qochadir,
Hayqiradi yalong‘och ro‘yo.
Jarlik, tog‘lar og‘zin ochadir,
Bo‘g‘izidan otilar daryo.

U tarafda nelardir g‘olib,
U tarafda kimlar turadi?..
Daryal uzra yolini yoyib
Vahshiy Terek ohlar uradi.

O‘chirgay Vaqt g‘animlik korin.
Balki o‘char nomsiz ovozim.
Uch, tulporim, uch, ey tulporim,
Qani sening buyuk ovozing?

Parchala sen, rutubat g‘orin,
Uch, bilgisiz diyorlar kutar.
Uch yuragim, uchqur tulporim,
Tovoningdan sachrasin o‘tlar.

Shamol bo‘lib g‘uboring quvib,
Aragvadan uchib o‘tgayman.
Hasratimni Terekda yuvib,
Vatan, tashna qalbim tutgayman.

Vatan bo‘ylab yiroq-yiroqqa
Yana-da tez uchmoqda otim.
Ehtiroslar qaynar yurakda,
Sinmasin hech mening qanotim.

* * *

Cheksizlikka qarayman to‘nib,
Zangor libos kiymishdir bog‘lar.
Gulbahorning rangiga cho‘mib
Ko‘rinadir menga dunyolar.

Kezar og‘ochliklar ichinda
Childirmadek oftob beg‘am.
Raqs tushgandek oyoq uchinda
Uchib o‘ynar dov-daraxtlar ham.

Gurji raqsin erkin kuyida
Aylanadi muallaq o‘rmon.
Nogoh yurak sog‘inch tuyadi,
Sevinchlarga to‘lar nogohon.

Mana qishloq musaffo, go‘zal
Manzara bu – zangori olam.
Kengliklarning oshig‘i azal,
Men ohista tashlayman qadam.

Shul oqargan boshginam ila
Bolaligim qaytardim bir on…
Sohillardan kelgan sho‘x yellar
Aylar zangor yoqamni vayron…

* * *

Yo‘lim jasoratli orzuga to‘la,
Moviy ko‘kda burgut kabi uchadir.
Zulmatni parchalar chaqmoq – tig‘ ila
Subhidamning ostonasin quchadir.
Yo‘lim jasoratli orzuga to‘la.

Inonganman tog‘da qaltis so‘qmoqqa.
Suv toshqini, tog‘u toshlar beomon,
Jarlik aro yo‘llarim qisgan choqda
Yakka cho‘pdan o‘tib topgayman omon.
Inonganman tog‘da qaltis so‘qmoqqa.

Choshgohimni ko‘k zangorga botirar,
Bulut talpinadi qoshimga manim.
Zavq ila sevaman seni naqadar,
Hali ko‘rmaganim-kechirmaganim!
Choshgohimni ko‘k zangorga botirar.

Sharshara singari sarmast, sarsari
Qoyalardan uchib tushaman men ham.
Kim biladi, qay vaqt cho‘qqilar sari
Qo‘shiqlar to‘lqinin otar go‘zal dam,
Sharshara singari sarmast, sarsari.

Agar mendan so‘rasalar ne derman, –
Ne izlaysan, nedan ko‘ngling to‘lmaydir?
Umrim bo‘yi mo‘jiza deb o‘tarman.
Mening umrim arosatda qolmaydir,
Agar so‘rasalar men shunday derman.


TO‘RG‘AY

So‘zlayman san’atning mohiyatini.
Erdan qush jasadin ko‘tardim – bejon.
Tuproqqa qorishgan, qanoti siniq,
To‘rg‘ay tumshug‘idan oqar edi qon.

Tovlanib turardi dala tuzlari,
Biroq ang‘iz uzra yiqilgandi ul.
Qo‘g‘irchoq ko‘zlari kabi ko‘zlari,
Ergamas, osmonga tikilgandi ul.

Uning o‘limiga nimadir bois?
Yo‘lga tushdim qushcha jasadin olib.
Yo‘lga tushdim axir, hayronu behis,
O‘tkinchidan so‘rar edim lol qolib.

So‘rar edim o‘ldirdi deb, buni kim,
Tog‘u toshni kezib javob izlardim.
“Kuychi qushni otib bo‘lurmi, o‘g‘lim”,
Ko‘pni ko‘rgan chollar shuni so‘zlardi.

Yoshlar so‘rog‘imni qilardi so‘roq;
“Ne uchun o‘ldirding, aytib ber, qani?”
Muxranida aytdi bittasi biroq,
Bu o‘lim – parvozning haqqi ekanin.

Quyoshga intilmish, quyoshga banda,
Tubanda yotardi qorlar oqarib,
Ekinzor mavjlanib yotar tubanda,
Tubanda ul ozod qushlarning bari.

Tubanda… To‘rg‘ay*ku baridan kechar,
To‘rg‘ay o‘qdek uchar moviy ko‘k sari.
Quyoshdan, o‘zidan mast bo‘lib uchar,
Og‘ushiga olar cheksizlik bari.

Mana u osmonga cho‘kib bormoqda,
Daf’atan, samoviy baxtdan tiqildi,
Hayhot, ul bechora to‘rg‘ay tuproqqa,
Shundoq ang‘iz tepasiga yiqildi…

Tevarak qoraydi. Bulut yuksaldi.
Yiroqda guldirak guldirar edi.
Qo‘limda to‘rg‘ayning jonsiz jasadi,
Xayol qanotida yugurar edim.

Bilurman, oxiri to‘xtar-ku qalbim.
Qo‘l siltab dunyodan bir kun ketarman.
Ucharman, quyoshga botgan qush kabi
Ko‘kda yer haqida qo‘shiq aytarman.

* * *

Tun yaqin. Ayvonda ikkovlon
Turamiz, barglardek shikasta.
Mudrar qishloq yiroqda bejon,
Qorong‘ulik cho‘kmoqda asta.

Yiroqlardan daraxtlar faqat
Tepalikka o‘rmalar kabi
Qo‘l silkitib qiladir da’vat,
Sen va mendek uning matlabi.

Qalblarimiz urishin bu on
Tinglar edi ular xotirjam.
Shovullagan, titragan o‘rmon –
Ishq kalomin tinglaymiz biz ham.

* * *

Bobolarim xoki mangu cho‘kkanlar.
Eman ostidadir so‘ngaklar uryon.
Bir vaqtlar hayqirib qonlar to‘kkanlar,
Eman undan hayot emgan begumon.

Eman, sen-la qondoshdirman qadimdan,
Yo‘q, yulib otolmas dovullar taning.
Men-da yiqilurman. Biroq qonimdan
Yana yangi bo‘lur hayoting saning…

QAYTISh

Kutmaganda qish bosar erta.
Daf’atan qor qoplar tog‘larni.
Biroq bo‘ron qishloq, bog‘larni
Qorlar ila ajib yasatar.

Qishki shaffoflikka tasanno.
Gurji o‘choq bo‘g‘iq kuylaydi.
Jangdan qaytgan o‘g‘lin o‘ylaydi,
Ko‘z uzolmas mehribon ona.

Ko‘zlarida shu’lalar yonar,
Qayta yondi unut bo‘lgan nur.
Omon qaytgan o‘g‘loni axir,
Kursida shod o‘ltirar ona.

O‘g‘lin tortar orzu tuyg‘usi,
Ba’zan tushar kiprigi titrab,
Qo‘rqinchli tush kelgandek, mudrab.
O‘ngar o‘tkir ko‘zlarning tusi.

Oh tortadi ona goh-goh,
Ko‘rgan kabi xun talash jangin,
Tinglagandek po‘lat jarangin.
O‘g‘li tomon tashlaydi nigoh.

Tuzaladi ko‘ksida yara,
So‘qir darddan qutular joni.
Uchar kabutarlar karvoni.
Huv yiroqlar yorishar yana.

* * *

Oddiy so‘zlar darrov kelmaydi,
Kelgunicha qaytadi nafas.
Bo‘sh gaplarni puflab bo‘lmaydi.
Puflay desang mis karnay emas.

Tong yorishar, sukunat. Bu kun
Yozdim: Tong yorishar, sukunat…
Keksa Sereteli kabi jo‘n
Qursam deyman she’rxon-la suhbat…

Men shodlikni kuyladim ko‘proq,
Yuzlarimda tabassum yo‘li.
Yig‘laganda yuragim biroq,
She’r ustida haq bo‘lgan qo‘lim.

Baxtlimanki tonmadi ilhom,
She’riyatga umrim uladim.
Gunohkorni, ey ona kalom,
Qanotingga ol deb tiladim.

Hasrat kelsa bahslashdim man.
Haq ekanim ko‘rsatib turdim.
Shodliklari, g‘amlari bilan
Oddiy kunim ortmoqlab yurdim.

Yurak mendan izn so‘rmaydi.
Chuvalaydi yillarning ipin.
Lekin mening tilim bormaydi
Ayblashga vola yuragim.

Mangulikni xayol qilmas, yo‘q.
Men – yuragim shakliman azal.
U ko‘ksimda olmaydi hordiq,
Zotan hordiq – muqarrar ajal.

Qachon shoir bo‘ldim, bo‘lmadim,
Qayda yondim, qayda chekdim g‘am,
Neki topdim men kam bo‘lmadim,
Do‘stlar ila ko‘rishdim baham.

__________
* To‘rg‘ay quyoshni qo‘shiq bilan kutib oladi va o‘zni unutar darajada yuksak parvoz qiladiki, yuragi dosh berolmaydi, ko‘pincha qishloqlarda ertalab o‘lgan to‘rg‘aylarni topadilar.

Ruschadan Rauf Parfi tarjimalari