Besik Silibistrovich Xaranauli (ბესიკ სილიბისტროს ძე ხარანაული) ― gruzin yozuvchisi va shoir, 2010 yili adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan.
MUHABBAT
Bugun tunda keldim qoshingga,
ammo sen uyingda yo‘q eding,
uying ham yo‘q edi shaharda
va yo‘q edi yer yuzida
sen bor shahar ham.
* * *
Qarsillab yopildi eshik,
ketdilar,
ularning izidan intilgan
nigohim qopida qisilib qoldi.
Qirqdilar yaynoq nurni
Va qoldirdilar bunda
olis xotiralar-la chulg‘angan
insonning g‘amgin yuzini.
Uni ham olib ketsalar edi.
Xarobaga aylandi,
nega kerak endi u menga!
* * *
O, agar-da uddalasam edi, avvalgidek
O‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qolishni!..
Nechun men devorlarni to‘ldirdim chehralar bilan!..
O‘z uyimda tasodifiy mehmon kabiman.
Sezyapmanki, men bu yerning egasimasman.
* * *
Sen faqat bor bo‘l –
Hayotga qo‘yib ber qolganini.
Va sensiz ham
g‘ijirlaydi eshiging sening.
Agar kimnidir kutayotgan bo‘lsang
sen ming bora eshitasan
olis kutilgan qadamlar tovushini.
Agar yolg‘izlik joningga tegsa,
tashqariga chiq –
ming bora eshitasan
ismingni aytib chorlashayotganini.
Agar ayolni sog‘insang,
kut – u seni izlab topadi.
Sen faqat bor bo‘l,
Hayotga qo‘yib ber qolganini.
* * *
Men ko‘zlarimni yumaman
va uxlayman shirin ro‘yo bilan,
negaki seni asir olaman tushlarimda,
yopaman ohista kipriklarimni…
Saharda esa
ko‘zyoshlarim senga eshikni ochar,
sen esa yana shunday uchib ketasan…
* * *
Daqiqalar bor –
qaro tun aro
birdan eshitasan
qandaydir tovushlarni…
Va o‘zingni yo‘qotasan,
tushunolmaysan
ular senga eslatar:
bolalikda xotiraga muhrlangan
tuyoqlar tasur-tusurini,
qo‘rquvni, daraxtlar barglari-la
shovqin solgan
yoki ayol poshnasining sirli ovozini,
talabalik yillarining qiynoqlarini.
Daqiqalar bor,
tun zimnida
birdan eshitasan
qandaydir tovushlarni…
Faqat kechikibroq
qiynalib anglaysan –
yuragi urayotganini Yerning!
IZHORSIZLIK
Ikkimizning uyimiz aro
o‘sgan edi azim chinor
erta bahordan
kech kuzgacha
uning qalin barglari
berkitgan edi
derazangni mening
derazamdan.
Va shuning-chun
qish kunlari
uzilib tushgan
har bir bargda
senga yozgan edim
so‘zsiz maktublarimni.
PARAFRAZA
O‘z-o‘zini tasvirlay olsa kimki,
qurbi yetar olam tavsifiga.
Kimsaki yer qa’ri-yu
samo gumbazi teranligini,
baland cho‘qqilar
va hatto bug‘doy donini ham
o‘sha me’yor – faqat o‘zidan
tanlab oladi.
Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi