Konstantinos Kavafis (Κωνσταντίνος Π. Καβάφης, 29.04.1863, Iskandariya, Misr — 29.04.1933, Iskandariya) — yangi davr (yangilangan yunon tilidagi) yunon she’riyatining eng yuksak vakili. Kelib chiqishi istanbullik bo‘lgan savdogar oilasida, o‘sha paytda Usmonli turklar saltanati tarkibida bo‘lgan Misrning Iskandariya shahrida tug‘ilgan. Asosiy ijodi qirq yoshidan boshlangan shoir butun hayoti davomida bor-yo‘g‘i 154 she’r yozgan. Yunon she’riyatida Kavafisning ijodidan ta’sirlanmagan shoir topilmaydi.
ITAKA
Itakaga borishni o‘ylasang agar,
Sarguzasht, tajriba, afsunga to‘la
Safaring uzoq bo‘lishini so‘rab, yo‘lga chiq.
Qahrli Poseydon, tepako‘zu odamxo‘r devlar
Seni vahimaga solmasin, toki
Olijanob hislaru buyuk maqsadlar
Jismingda, ruhingda barqaror ekan,
Ular yo‘llaringni to‘sa olmagay.
Qahrli Poseydon, tepako‘zu odamxo‘r devlar
Yo‘llaringda duch kelmas,toki
O‘zing yuragingda olib yurmasang,
Hadeb o‘ylamasang agar ularni.
Safaring uzoq bo‘lishini so‘ra –
Toki nasib etsin qayta va qayta
Saraton tongida begona bandargohlarga
Kirib borar chog‘ing hayrat, hayajon;
Mehribon finikiyaliklar mehmoni bo‘lgin,
Ulardan xarid qil qora og‘ochu
Marjonu marvarid, qahrabolarni,
Yana sarxush qilguvchi rang-barang mushki anbarlarni,
ko‘proq, juda ko‘proq sarxushiy mushki anbarlarni;
Keyin esa Misr shaharlarin kez,
Donishmandlik saboqlarin yod etib hushyor.
Mudom o‘y-xayolingda, ong-shuuringda
Uzoq yo‘lning intihosi – Itaka bo‘lsin
Ammo, aslo qisqa yo‘lni tanlama shoshib,
Yo‘ling uzoq bo‘lsin, manziling – yiroq,
Faqat qartayganda manzilga yetgin –
Toki safar chog‘i topgan boyliging
Itakadan biror nima so‘rashingga hojat qoldirmasin.
Axir, Itaka senga in’om etdi bemonand safar!
U bo‘lmasa, bir go‘shada umring o‘tardi.
Bundan ortiq tuhfa bermas senga Itaka.
Gar mobodo manzilingni g‘arib ko‘rib, ko‘ngling to‘lmasa,
Aldandim, deb o‘ylamoqqa aslo shoshilma.
Chunki endi donishmandsan, dunyoni ko‘rding,
Endi Itakaning nimaligin aniq bilasan.
ShAHAR
Sen aytding: Ummonlar ortida jannat,
Charog‘lari porloq shahru kentlar bor…
Tug‘ilgan shahrimdan ketmasam bo‘lmas,
Bu yerda havo yo‘q, bu yer menga tor.
Bunda aqlim murda, yuragim zada:
Na bir maqsad boru na baxtu shuur –
O‘tgan yillarimning vayronasida
Bo‘m–bo‘sh derazalar endi sochmas nur.”
Koshki bilsang edi, dengiz ortida
Senga nasib bo‘lmas bir yangi vatan!
Ona shahring, qora qismating kabi,
Izingdan boradi qayerga borsang.
Tug‘ilgan yurtingning ko‘chalarida
Bir umr yurgaysan, tark etolmaysan.
O‘sha vayronada, o‘sha xonangda
Soching oqarguncha yashab o‘tgaysan.
Oqshomlari eski mayxonalarda
Chang bosgan xumlardan ho‘plagaysan may, –
Unda sening umring qolmishdir mangu –
Boshqa qismat senga nasib bo‘lmagay.
PODShOH DEMETRIY
Makedonlar uni emas, Pirrni quvvatlab,
Taxtni bo‘shatishni talab qilganda,
Bag‘oyat ulug‘vor qalbning egasi
Hukmdor Demetriy, naqlga ko‘ra,
Podshohona ish tutmadi — bir so‘z demasdan,
Tojni yechib, taxtdan tushib yo‘lga otlandi
Va ketish oldidan yechib tashladi
Zardo‘zi xil’atini, qirmizi etigini,
So‘ng egniga oddiy libosni kiyib,
Hech nima bo‘lmaganday saroydan chiqdi —
Go‘yo har kuni tomosha tugagandan so‘ng
Qilib yurgan odatiy ishi —
Libosini almashtirgan aktyor misoli.
Xurshid Davron tarjimalari