Syulli-Pryudom (1839-1907)

Syulli-Pryudom (Sully Prudhomme; asl ism-sharifi Rene Fransua Arman Pryudon) (1839.16.3, Parij — 1907.7.9, Shatne-Malabri, Ode-Sen departamenti) — frantsuz shoiri. Frantsiya akademiyasi a’zosi (1881). Parij universitetini tugatgan.
Ilk kitobi — «Bekat va she’riyat» (1865). «Harbiy taassurotlar» (1870) kitobi Frantsiya-Prussiya urushi voqealariga bag‘ishlangan. «Behuda muloyimlik» (1875) she’riy to‘plami g‘amgin ruhda bo‘lib, ichki intim tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan. «Adolat» (1878) falsafiy dostonida adolatni tashqi dunyodan emas, odamning ko‘nglidan qidirish kerak, degan fikrni ilgari surgan. «Baxt» (1888) dostoni inson baxti, ilm, saxovat va fidoyilik haqida.
Syulli-Pryudomning Lukretsiydan qilingan tarjimaga «So‘zboshi»si (1869), «Erkin tanlov psixologiyasi» (1906) va boshqa risolalari, «Paskalning haqiqiy dini» ocherki (1905), jamiyatshunoslik va san’atshunoslikka oid bir qancha ishlari, jumladan, «Poetik vasiyatnoma» (1901) pozitivizm falsafasi ruhida yozilgan. Nobel mukofoti laureati (1901).

MEN O‘ZIMNI ShOIR SANAYMAN

Qismatimga ko‘ra, shoirdirman men.
Kim biladi, balki bu xato?
Inongum men haqqa, ezgulikka chin,
Bu umiddan charchamam aslo.

Balki uddalay ham olmasman butkul
Yuraklarga junbush solishni.
Balki kuylamog‘im mushkuldan-mushkul
Qalbimdagi ezgu xohishni.

Har qalay, san’atkor yo‘narkan haykal,
Zahmatlardan toliqsa behad,
Yuz ochmasa unda eng nafis sayqal,
San’atbozlik bo‘lmas bu minba’d.

Kim his etmas mening orzu, ko‘z yoshim,
Hamma ham tuyadi buni, bas,
Biroq yurakdagi hislar taloshin
Qog‘ozga tushirmoq osonmas.

Goh topmam qalbim-chun so‘zlarni yorqin,
Ilhom zo‘r bo‘lar-u, qudrat oz.
Juldurvoqi libos ostida tag‘in
Iste’dodimni men ko‘mgum boz.

Bisotimda tillo bisyor erur, ha,
Ko‘tarolgay nomimni yuksak.
Biroq ular bari yombi shaklida,
Men jilolar bermog‘im kerak.

Mangulik nimadir? Yo‘qlik qa’rida
Yitmaslikning imkonidir bu;
Yashab odamlarning qalbin to‘rida,
O‘lmaslikni aylamak orzu!

Ha, bir payt dovrug‘ deb entikkan yurak,
Yuksalmasa shoirlik sha’nim,
Chin shoirga ta’zim qilurman beshak,
Yozishi-chun yozolmaganim!..

ANA ULAR

Ko‘rdim men ularni — g‘amgin nigohim
Xandon ko‘ngillarin qilmadi purg‘am.
Faqat shivirladim men o‘zimga jim:
— Demak, sevmagansiz siz meni dildan?

Bahor bu — nastarin atrin sochgan payt,
Ko‘kda oq bulutlar suzar edi shan…
— Shundoq ajib kunga siz buncha loqayd?
Demak, sevmagansiz siz meni dildan?

U sizga damba-dam qilib sho‘x hazil,
Qo‘lingiz tutardi chaqqon va ildam.
— Bundan mening ko‘nglim sinmasmi chil-chil?
Demak, sevmagansiz siz meni dildan?

Siz meni ovloqda payqab bexosdan,
Siyladingiz shirin tabassum bilan —
Uqtirmoq bo‘ldingiz yoki siz, rostdan,
Sevmasligingizni meni chin dildan?

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari