Muhammad Dib (1920-2003)

Muhammad Dib (محمد ديب‎, Mohammed Dib, 1920.21.7, Tlemsen, Jazoir – 2003.2.5, Lya-Sel-Sen-Klu) — Jazoir yozuvchisi. Frantsuz tilida ijod qiladi.
Vatanparvarlik ruhidagi «Jazoir» (1952—57) realistik trilogiyasida ijtimoiy va milliy ozodlik kurashchilari obrazi yaratilgan. «Qirol raqsi» (1968) va «Hobil» (1977) romanlari modernizm ruhida.
Mustaqil Jazoirdagi ijtimoiy o‘zgarishlar «Ov sohibi» (1973) romanida aks etgan. Bir qancha she’riy to‘plamlari bor.
«Jazoir mening vatanim!» pesasi Toshkentdagi Hamza teatrida sahnalashtirilgan (1957), «Katta xonadon» romani o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1962).

* * *

Olislardan uchib kelar bir qo‘shiq,
Umidbaxsh so‘zlar bor qanotlarida.
Bu qo‘shiq quvadi tun zulmatini
Va unut bo‘ladi barcha charchoqlar,
Iztirob ko‘zlari, dardu alamlar.
Ezgulik qo‘shig‘i, o, shirin qo‘shiq!
Yurak depsinadi, unda hech qachon
Sabrning kosasi qurib qolmagay…
Atrofim qorong‘i,
Zulmatni yorib
Qarshimda bir chiroq porlab turibdi.

Yon, chirog‘im, porla,
So‘nmagin aslo,
Shamoldan qo‘rqmagin,
Tundan ham qo‘rqma,
Tongga yetajaksan,
Quyosh chiqajak!

O, oqshom yellari,
O, sokin yellar!
Kelgan joyingizga
Qaytib boring-da,
Yangi mujdalarni
Ayting ularga:
Bahor kelayotir
Musaffo osmon
Hamda yorug‘ kunlari,
Bol va nur olib,
Osoyish olib,
Quyosh ziyosiday
Barchaga barobar
Non va baxt olib,
Bahor kelmoqda!

Mashrab Boboyev tarjimasi

TELBAVOR DAMLAR

Boshlanmoqda telbavor damlar,
Uning qora belgilari bor.
Bular nafrat, chinqiriq, shamol,
Tong ko‘z yoshin artar telbavor.

G‘orlar zulmatidan yaralgan,
Dengizlardan tug‘ilgan manfur.
O‘lchar qayg‘u chuqurligini.
Va bo‘ladi o‘limlarga jo‘r.

Uni tanish qiyinmas aslo:
Qora belgi uning borligi.
Uzum zangi uning qonida,
Sarkash tongning telbavorligi.

XABAR

Umid so‘zi keldi yetib
Menga olis-olislardan.
Qo‘shiq sasi eshitilar
Qulog‘imga sho‘x va bardam.

Qo‘shiq haydar tun zulmatin
Charchoqlarni quvib solar.
Unuttirar g‘am-kulfatni
Dil shodlikdan yayrab qolar.

O, shan qo‘shiq, ko‘ngil hushi
Yuraklarga berasan zavq.
Dilda umid uchqunlaydi,
Uyg‘onadi havasu shavq.

Atrofimni qurshar zulmat
Yuragimni o‘rtar firoq.
Menga shunday zimistonda
Miltillab ko‘rinar chiroq.

Yonavergin, o‘chma, yog‘du,
Shamoldan qo‘rqmagil sira.
Tundan qo‘rqma, saharni kut,
Quyosh chiqajak yarqirab!

O, shamollar, daydi yellar!
Bizning elga tez qaytinglar.
Biz quvilgan o‘sha yurtda
Barchaga salom aytinglar.

Aytinglarki: qaytar bahor,
Yaxshi kunlar kelar yetib.
Boshlanadi ajib damlar
Ko‘ngillarni shodmon etib.

Asal kunlar, oydin tunlar
Etib kelar, albatta, deng.
Ayting, shunda non bilan erk,
Baxt barchaga bo‘ladi teng.

BUGUNGI HAYoT

Quyosh asta sirg‘anib
Tog‘lar ortiga botar.
Uning nuri qalblarda
Shirin orzu uyg‘otar.
Yonboshlayman men yerga,
Ulkan zaminga asta.
Erning haroratidan
Vujud isir bir pasda.
Zamon o‘zgardi tiyrak,
Buni tushunmoq kerak!
Menga yashashni bugun
O‘rgatmoqda odamlar.
Toki zamonni anglab
Dadil bosay qadamlar.

BAHOR YaShNAYaPTI

Tong oqarib kelmoqda, shu on
Qon rangida ajib manzara
Ko‘z o‘ngimda bo‘lar namoyon.

Va bir qo‘shiq uchar sarsari,
Tepaliklar ustidan uchar —
Surgun va g‘am o‘lkasi sari.

Atrof muz-la qoplangan butun,
Bo‘ron uvlar va lekin tovush.
Kuylar: quvg‘in tugar deb bir kun.

Kuylar: yalpiz gulladi bugun,
Xurmolar ham hosil berar, deb.
Azoblar ham topgusi yakun.

O, yuragi anduh to‘la qiz.
Qonli qishda kuylamoqdasan.
Bahor yashnar, bu emas bejiz.

Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimalari