Umar Xayyom (1048-1131)

Ulug‘ faylasuf, shoir, munajjim, matematik va tabib bo‘lgan G‘iyosiddin Abulfath Umar ibn Ibrohim Xayyom Nishopuriy (عُمَر خَیّام نیشابوری) Eronning Nishopur shahrida tug‘ilgan. Aniq fanlar sohasida o‘z davrining yagonasi bo‘lgan olim tomonidan tuzilgan taqvim, manbalarning yakdillik bilan guvohlik berishicha, amaldagi Grigorian kalendaridan ham aniqroq bo‘lgan. Uning riyoziyot, ilmi nujum va falsafaga oid bir qancha asarlari bizgacha yetib kelgan.
Umar Xayyom Nishopur, Balx, Buxoro shaharlarida o‘qiydi. Rivoyatlarga qaraganda Saljuqiylar vaziri Nizomulmulk unga Nishopur hokimligini taklif qiladi. Lekin Umar Xayyom bunga rozi bo‘lmaydi. U 1074 yildan boshlab Isfaxon rasadxonasi ishlariga rahbarlik qilib, matematika, astronomiya sohasida tadqiqotlar olib boradi. Uning matematika, falakiyotshunoslik, falsafaga oid bir qancha asarlari va kashfiyotlari ma’lum.
Masalan, 1077 yilda u yunon olimi Evklid kitobiga sharh yozib, butun sonlarning ildizini topish yo‘llarini ko‘rsatib beradi. 1079 yilda Xayyom yangi isloh qilingan kalendar ishlab chiqaradi. Bu kalendar Yevropada undan 500 yil keyin qabul qilingan va hozirgi vaqtgacha qo‘llanilayotgan Grigorian kalendaridan ham aniqroq bo‘lgan. Shuningdek uning “Risolatul-kavn vat-taklif” (“Koinot va uning vazifalari”), “Risola fil-vujud” (“Borliq haqida risola”), “Risola fi kulliyati vujud” (“Borliq umumiyligi haqida risola”) kabi asarlari ham mashhurdir.
Umar Xayyom o‘zini sira ham shoir deb hisoblamagan. Ruboiylarini ilmiy izlanishlardan charchagan paytida turli dafgarlarning hoshiyasiga bitgan. Qismat o‘yinini qarangki, olim o‘z umrining asosiy qismini sarflagan fanning turli sohalaridagi buyuk kashfiyotlari bir chekkada qolib, u ikkinchi darajali hisoblagan ruboiylari Xayyom nomini dunyoga taratdi.
Umar Xayyomni dunyoga mashhur qilgan uning ruboiylaridir. Umar Xayyom shoir bo‘lmagan, lekin hayot haqida ba’zi mulohazalarini 4qatorlik she’r qilib qog‘ozga tushirib qo‘yavergan. XVIII asrga qadar uning ruboiylari haqida tadqiqotlar olib borilmagan. U haqda dastlab Oksford universiteti professori Tomas Gayd, undan so‘ng Fon Gomer Birgestel va Meme Nikoloslar tadqiqot olib borishgan. 1859 yili ingliz shoiri va tarjimoni Edvard FitzJerald Umar Xayyomning 70 ruboiysini tarjima qilib e’lon qilgandan so‘ng, bu she’rlar juda mashhur bo‘lib ketgan va ingliz tilidan jahonning boshqa tillariga ham tarjima qilingan.
Xayyom ruboiylarining soni turli ma’lumotlarda 11 tadan 1200 tagacha ekanligi aytiladi. Xayyomga nisbat beriladigan ruboiylarni u yozganligiga ham turli shubhalar mavjud. Ayniqsa, zamondoshlari “katta ilm egasi, mutaffakir, taqvodor zot edi” deb ulug‘lagan shoirning mayxo‘rlik, yengil hayot, aysh-ishrat, kufr, dahriylik mavzularidagi ruboiylari ishonchsizdir. Bunday ruboiylar Islomga qarshi ba’zi toifalar tomonidan ataylab to‘qib chiqarilgan, degan ma’lumotlar bor. Hatto Londonda saqlanayotgan Umar Xayyom ruboiyoti qo‘lyozmasi ham soxta ekanligi aniqlangan.
Umar Xayyom ruboiylari kirib bormagan o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak. Uning falsafiy mazmuni teran va badiiy jihatdan pishiq ruboiylari atoqli mutarjim Sh. Shomuhamedov tarjimasida bir necha marta nashr etilgan. Keyinchalik J. Kamol shoir ruboiylaridan bir qanchasini o‘z aruziy vazni bilan o‘zbek tiliga o‘girdi.
Avval tafakkurda tug‘ilib, keyin qalb qo‘riga yo‘g‘rilgan Umar Xayyom ruboiylari, bir so‘z bilan aytganda, Olam va Odam haqida. Shoir dunyo evrilishlariga donishmandona bosiqlik, taassuf aralash loqaydlik bilan qaraydi: dunyoni o‘zgartirishki qo‘lingdan kelmas ekan, uni deb qayg‘urish behuda. Uning uchun tug‘ilish va o‘lim, yaxshilik va yomonlik, halol va harom — bir xil: hammasi o‘z tabiiy qonuniyatiga asoslanadi.
Dunyoviy falsafa vakili sifatida Xayyom dunyoni aql elagida elaydi — Olam va Odam muammosini umumfalsafa mezoni bilan o‘lchaydi. Shu ma’noda, Xayyom ijodida biz odamdan ham, olamdan ham ustun turadigan — dunyoni qamrab oladigan shafqatsiz falsafaga duch kelamiz. Lekin farang faylasufi Laroshfuko: «Falsafa o‘tmish va kelajak kulfatlari ustidan tantana qiladi, lekin bugunning qayg‘usi falsafa ustidan tantana qiladi», — degani kabi Umar Xayyom ruboiylari ham buyuk mutafakkirning falsafiy mezonlariga bo‘ysunmagan, ularni yorib chiqqan zalvorli fikrlar po‘rtanasi, beorom qalbiga sig‘magan otashin tuyg‘ular silsilasidir.
Agar shunday bo‘lmaganda, Xayyomning isyonkor she’riyati ham dunyoga kelmas edi.
Buyuk olim, astronom Umar Xayyom 1122 yili Nishopurda vafot etadi.

RUBOIYLAR

Afsus, umr behuda bo‘lmishdir barbod,
Bo‘lmadim haromdan bir nafas ozod,
Buyurganin qilmay yuzim qarodir.
Amringdan tashqari ishlaringdan dod!

***

Dunyoning tilagi, samari ham biz,
Aql ko‘zin qorasi – javhari ham biz.
To‘garak jahonni uzuk deb bilsak,
Shaksiz uning ko‘zi – gavhari ham biz.

***

Sen-mendan oldin ham tun-kun bor edi,
Aylanga falak ham butun bor edi.
Tuproqqa avaylab qadamingni qo‘y,
Bu tuproq qora ko‘z bir nigor edi.

***

Kulol do‘koniga kirdim bir safar,
Dastgohda ishlardi usta ko‘zagar,
Gado qo‘lidan-u, shohning boshidan,
Ko‘zaning bo‘yni-yu dastasin yasar.

***

Bizlar bo‘lmasak ham jahn bo‘lg‘usi,
Bizlardan na nomu nishon bo‘lg‘usi,
Avval-ku yo‘q edik, yetmovdi halal
Yana bo‘lmasak ham, hamon bo‘lg‘usi.

***

Bu yerning yuzida har zarraki bor,
Bir zamon bo‘lmishdi oy yuzli dildor.
Nozaninlar yuzin gardin asta art
Go‘zal chehra edi bir vaqt bu g‘ubor.

***

Dilim ilmlardan mahrum bo‘lmabdi.
Bir sir qolmabdiki mavhum bo‘lmabdi.
Tunu kun o‘yladim yetmish ikki yil.
Ongladim – hech narsa ma’lum bo‘lmabdi.

***

Sening maftuningman berayin xabar,
Uni ikki so‘zla etay muxtasar:
Ishqing tuproq qilgay, ammo mehringdan
Boshimni ko‘tarib bo‘lgum jilvagar.

***

Keksa, yosh – hayotga har kimki yetar –
Hammasi izma-iz birma-bir o‘tar.
Bu dunyo hech kimga qolmas abady,
Keldilar, ketamiz, kelishar, ketar.

***

Yuragim qonidan yuz xona vayron,
Uvvos tortuvimdan qo‘rqinch yuz chandon,
Har bir kiprigimda qon daryosi bor,
Kipriklar yumulsa boshlanur to‘fon.

***

Afsuski yigitlik mavsumi bitdi,
Ko‘klam o‘tib ketdi, qish kelib yetdi,
Yoshlik deb atalgan u sevinch qushi
Bilmadim, qachonlar keldi-yu ketdi.

***

Bu ko‘p eski ravot, olam unga nom, –
Tun-kun tulporiga bor bunda orom.
Bu eski bazm yuzlab Jamshiddan qoldi,
Bu go‘rda yotadi yuz-yuzlab Bahrom.

***

Yo‘qlikdan pok kelib, nopok bo‘ldik biz,
Sho‘xu quvnoq kelib, g‘amnok bo‘ldik biz.
Ko‘zimiz to‘la yosh yurakda olov,
Umr yelga ketdi, ham hok bo‘ldik biz.

***

Bir g‘arib ko‘nglini qila olsang shod –
Yaxshidir yer yuzin qilgandan obod –
Lutfing-la bir dilni qul qila olsang,
Afzaldir yuz qulni qilmoqdan ozod.

***

Nokasdan sir berkit, dilingno bog‘la,
Ablahdan yashirin bo‘lmoqni chog‘la,
Kishilar joniga o‘z qilimishing ko‘r,
Sen ham shunga ko‘z tut, shuni so‘roqla.

***

Bu kun kelar ekan, qo‘lingdan, zinhor,
azizlar xotirin shod et, ey dildor.
Husning saltanati turmas abadiy,
To‘satdan qo‘lingdan ketishi ham bor.

***

Mol-dunyo hasrati qilmasin afgor,
Mangu yashar kishi qani, qayda bor?
Bir necha nafasing tanda omonat,
Omonatga omonat bo‘lmoqlik darkor.

***

Ahil bo‘lsa olov ichra ham inson,
Ahil kishilarga olov ham oson.
Noahil kishilar suhbatidan qoch,
Noahil suhbati yomondan yomon.

***

O‘zni dono bilgan uch-to‘rtta nodon
Eshak tabiatin qilur namoyon.
Bular suhbatida sen ham eshak bo‘l,
Bo‘lmasa “kofir” deb qilishar e’lon.

***

Bir so‘ngakka sordek qanoat qilg‘on,
Afzaldir nokasga bo‘lgandan mehmon.
Nokasning shinnilik nonidan yaxshi
O‘zing topib yegan burda arpa non.

***

Misoli bir oltin ko‘za bu dnyo
Suvi goho shirin, achchiqdir goho,
Shuncha umrim bor deb kerilma aslo.
Egarloqdir ajal oti doimo.

***

Meni halok etmish g‘amu hijroning,
Etagingni tutdim ketgan zamoning.
Ketding-u g‘amingdan ming ko‘ngil o‘ldi,
Qaytding, yana ming jon bo‘ldi qurboning.

***

Tokay pastlar xizmatin etasan bajo,
Har yemishga pashshadek qilma jon fido,
Bir nonni ikki kun ye, tortma minnat,
O‘zga nondan o‘z dil qoning ko‘p avlo.

***

G‘ayrating sarf etsang kiymoq, ichmoqqa,
Arziydi bu ishni ma’zur tutmoqqa.
Hushyor bo‘l, qolganin bari arzimas
Umringni sarf etib, o‘tib ketmoqqa.

***

Bir qo‘lda Qur’onu bittasida jom,
Ba’zida halolmiz, ba’zida harom,
Feruza gumbazli osmon ostida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom.

***

Biror kishi chiqib har zamon, mana Men, deydi,
Molu siymu zari bor chunon, mana Men, deydi.
Ishi rivoj topib turganda, bir kuni ajal,
Pistirmadan chiqib nogahon, mana, men deydi.

***

Kelolmagach qaytib ushbu olamga,
Qo‘rqamen, yetmasmiz yoru hamdamga.
Bu damni g‘animat hisob etaylik,
Balki yetolmasmiz hatto shu damga.

***

Jonimiz bu tanni tark etib ketar,
Ikki g‘isht go‘rimiz ko‘zin berkitar,
Keyin boshqa go‘rga g‘isht qo‘ymoq uchun,
Bizning tuproqlarni ezib loy etar.

***

Kelolmagach qaytib ushbu olamga,
Qo‘rqamen, yetmasmiz yoru hamdamga.
Bu damni g‘animat hisob etaylik,
Balki yetolmasmiz hatto shu damga.

***

Dilim bo‘lgan edi bitta yorga zor,
U o‘zga bir yerda g‘amga giriftor.
Men undan o‘zumga doru izlasam,
Netay, tabibimning o‘zi ham bemor.

***

O‘lik-tirik ishin tuzatkuvchisen,
Tarqoq koinotni kuzatkuvchisen,
Yomon bo‘lsam hamki, sening bandangman,
Men nima ham qilay? Yaratguvchi – Sen!

***

Tinglang bu abadiy sado bo‘ladi,
Gadoning dushmani gado bo‘ladi,
Ikkisi bir-birin topishguncha to,
O‘rtada bu dunyo ado bo‘ladi.

***

Kulol do‘koniga tashladi nazar,
Ikki mingcha ko‘za jim suhbat qurar:
— Qaysimiz sotuvchi, – dedi bir ko‘za, —
Qaysimiz oluvchi, qani ko‘zagar.

***

Bozorda bir kulol ko‘rsatib hunar,
Bir bo‘lak xom loyni tepib pishitar,
Loy ingrab aytadi: Hoy, sekinroq tep,
Men ham kulol edim, sendek, birodar.

***

Ketishdan qo‘rqmayman men bu dunyoda,
Chunki u dunyoda umrim ziyoda.
Vaqti yetgach tanda omonat jonni
Topshirayin shunday bo‘lgach iroda.

***

Jahon g‘amin yema do‘stim behuda,
G‘am yemagil jahon tirriqdir juda,
Bori o‘tib ketdi, yo‘g‘i hali yo‘q,
Bor-yo‘qni g‘am qilmay yasha osuda.

***

Shuhrat topsang, kishilar hasadi yomon,
Yolg‘iz qolsang sendan qilishar gumon.
Xizr bo‘lsang hamki hech kimni bilma,
Seni ham bilmasin mayli biron jon.

***

So‘zimga quloq os, ey do‘sti a’lo,
Dunyo ishlarini o‘ylama aslo.
Qanoat go‘shasin aylabon makon,
Olam ishlarini qilg‘il tamosho.

***

Umrim qiymoqdadir, dardim be iloj,
Rohat qisqa, zahmat topmoqda rivoj.
Xudoga ming bora shukrki, balo
Va kulfatga meni etmadi muhtoj.

***

Baxtingdan obodlik shoxi unsa ham,
Hayoting libosi bo‘lsa-da, hurram.
Tanang chodiriga suyanma ko‘pam,
To‘rttala qozig‘i sustdir, ey odam.

***

Qayda kamol topding, jononam o‘zing,
Oyni uyaltirar tunda yulduzing.
Bazm uchun yuzlarim bezar go‘zallar,
Jahon bazmin bezar bir sening yuzing.

***

Agar mulking Misr, yo Rum yoki Chin,
Yo hukmingda butun yer yuzin tutgin,
Oxir bu boylikdan olar hissang, bil:
O‘n gaz kafan bilan ikki gaz zamin.

***

O‘zgartirib bo‘lmas ne bitmish qalam,
Faqat dil xun bo‘lur tortaversang g‘am,
Butun umr jigar qonin yutsang ham,
Umring uzaytirib bo‘lmas biror dam.

***

Olma sardaftari ishqning imlosi,
Yoshlik qasidasin jilva ziyosi.
Ey, ishq olamidan xabarsiz, bilg‘il,
Ishq emasmi asli hayot ma’nosi.

***

Kimsani ranjitma, ranjitma hayhot,
G‘azabing birovga sochmagil, ey zot.
O‘zing ranj cheku, hech kimni ranjitma,
Rohat desang agar o‘zing g‘amga bot.

***

Muhabbat o‘tida yonmasa ko‘ngil,
Holiga voy degil bemoru zahil.
Muhabbatsiz o‘tgan har bi kuning, bil:
Umringdan behuda ketmish behosil.

***

Bir burchakda qotgan nonga qanoat,
Istamadim undan ortiq hashamat.
Jonu dildan harid etdim faqirlik,
Faqirlikdan ortiq ko‘rmadim davlat.

***

Poku, ahil, oqil kishiga o‘rtqo –
Bo‘lu noahildan qochaver yiroq.
Dono senga zahar tutsa ham ichgil,
Qo‘l cho‘zmagil sharbat tutsa ham ahmoq.

***

Dardga chalinmish bu dili vayronam,
Ishqdan uyg‘onmadi sarmast jononam,
Oshiqlik sharobin berganlari kun
Jigarim qoni-la, to‘ldi paymonam.

***

Hikmat chodirini tikladi Xayyom,
Andux ko‘rasida yondi ul nokom.
Umr ipin kesdi ajal qaychisi,
Xizmatiga oxir shul erdi in’om.

Shoislom Shomuhamedov tarjimalari.

1

Har zarraki, tuproq qatida — boqsa tuzuk,
Shoh toji erur balki o‘shal yoki uzuk.
Gardini suluvlar yuzining asta sidir,
Bo‘lgan edi bir vaqt u g‘ubor ko‘zi suzuk…

2

Menman o‘sha osiy — rizoying qani?
Ko‘nglim uyi zulmat — ziyoying qani?
Jannatni berar bo‘lsang agar toat uchun,
Bul haqqim erur — lutfu atoying qani?!

3

Oh, koshki qazo lavhiga qo‘l yetsa edi,
O‘z xohishini unga dilim bitsa edi,
G‘am oti butun yer yuzidan yitsa edi,
Shodlikni jahon boshiga toj etsa edi..

4

Dunyo siri garchi menga besh qo‘ldek ayon,
Sirtimga chiqarsam uni o‘zimga ziyon.
Tegramda meni tushunguday inson yo‘q,
Har so‘zni qilib bo‘lmas bu elga bayon.

5

Ul zotki, zaminu charxu aflok* tuzdi,
Dog‘ soldi ko‘ngilga — uni g‘amnok tuzdi.
Bisyor aqiq labu hilol yuzlarni
Er ichra yashirdi — bir siqim xok tuzdi…*
____________
* Aflok — falaklar, osmonlar, osmon qavatlari.
* Bu ruboiy Pahlavon Mahmudga ham nisbat beriladi.

6

Masjidga magar niyoz uchun kelganman,
Qilmangki xayol: namoz uchun kelganman.
Sajjoda* o‘g‘irlagan edim — eskibdi,
Bas, pokiza joynamoz uchun kelganman.
___________
* Sajjoda — joynamoz.

7

May ichmas esang, mastni malomat qilma,
G‘iybat to‘rini to‘qishni odat qilma.
Bilsang, seni(ng) qilmishlaring bundan battar,
Bas, ichmaganingni bizga ibrat qilma!

8

Bizdan avval ham bu jahon bor bo‘lgan,
Inson shu falakning qo‘lida xor bo‘lgan.
Tuproqqa oyog‘ingni avaylab bosgin,
Bu tuproq bir zamon suluv yor bo‘lgan.

9

Jismimni yuving boda bilan o‘lsam agar,
Yod aylasangiz soz yana may birla sahar,
Mayxonani tuprog‘iga tashlaydi nazar,
Mendanki, qiyomatda tilar kimsa xabar…

10

Oshiq hamisha mastu shaydo bo‘ladir,
Devona, parishon, yana rasvo bo‘ladir.
Hushyor kishi g‘am-qayg‘u tuzog‘iga asir,
Xummor kishi dunyoga beparvo bo‘ladir!

11

Dunyo degani mehnat-u, davron esa g‘am,
Taqdir degani ofat, tiriklik-chi — sitam;
Filjumla*, jahon holiga boqsam, ko‘raman:
Beg‘am kishi yo‘q bunda, magar bo‘lsa-da — kam.
________
* Filjumla — xullas, qisqasini aytganda.

12

Har narsani Haq yaratmish o‘z shakli bilan,
Bas, nega biri afzal uning, biri tuban:
Gar yaxshi esa, mahv etishiga ne sabab?
Gar bo‘lsa yomon — unda gunoh kimda ekan?!.

13

Bir doiraga o‘xshar bu ko‘hna jahon:
Na boshi uning ma’lum-u, na so‘shti ayon.
Hech kimsa ochib bergan emas bu sirni:
Qaydan keladi odam-u, ketgusi qayon?!

14

Bizlarni qo‘g‘irchoq qilib o‘ynaydi falak,
Shul so‘zdan ayon o‘rnimiz olamda, malak,
Qilgancha hayot sahnasida jonni halak,
So‘ng qismat adam qa’riga otmoqmi palak?!

15

Ko‘nglim to‘la g‘am — tut menga bir kosa sharob,
Bu bebaqo umrim tuyular misli simob.
Ut yoshliging o‘rnida qolar kul behisob,
Chin baxt o‘zi yo‘q narsa — u uyquyu sarob…

16

Baxtim sira kulmaydi, ishim o‘nglanmas,
Borgan sari g‘am ko‘p-u, quvonch ozdir, bas.
Ollohga shukur, qancha balo bor, mendan —
Boshqa kishiga uni munosib ko‘rmas.

17

Butxonayu Ka’ba — xonasi qullikning!
Zango‘la chalish — taronasi qullikning!
Mehrobu kalisoyu tasbehu salib,
Haq ulki, bari nishonasi qullikning!

18

Bir kosa sharob yuz dilu dinga arzir!
Bir qatrai may davlati Chinga arzir!
Yo‘q yer yuzida may kabi hech narsa — uning
Achchiqligi ming joni shiringa arzir!

19

Gar maqsadi pul bo‘lmasa-da dononi,
Pulsiz esa zindon ko‘radi dunyoni.
Qo‘l qisqaligi sabab binafsha munglig‘,
Xandon labi gulning zo‘ridan tilloni!

20

Ey Tangri, Karimsanki, karimlik bu — karam,
Osiyga nechun berk erur ul Bog‘i Eram?!
Ermas-ku karam toat uchun etsang afv,
Aybimni kechirsang, bu — karam, lojaram*.
___________
* Lojaram — albatta, shaksiz, shubhasiz.

21

Ey dil, bu zamondan sira ehson tilama!
Tartibni falak charxidan, ey jon, tilama!
Darmon so‘rabon ortadi darding battar,
Ko‘n dardiga har lahza-yu, darmon tilama!

22

Qorgan kuni loyimni o‘shal kunda Xudo,
Fe’limda ne ham bo‘lsa — O‘zi qildi ato.
Gar hukmi bilandir hamma aybim bexato,
Ko‘rgay nega do‘zax ichra kuymoqni ravo?!

23

Bilgilki, g‘arib ko‘nglini bir shod etmoq —
Sozdir nechakim, jahonni obod etmoq.
Lutfing bila aylasang asir bir dilni,
Hech qoshida mingta qulni ozod etmoq.

24

O‘ltirsa edim — qo‘limda bug‘doy noni,
Bir juft qadah bilan sharob, qo‘y soni,
Vayronada yornikim bo‘lib qurboni,
Topmas bu safoni yer yuzin sultoni!

25

Bul charxi jafopeshaki, oliy bunyod,
Bir dilni hanuz aylamagandir obod.
Dog‘dir dili har kimsani ko‘rsang, so‘zsiz,
Dog‘ uzra qo‘yar dog‘ yana charxi bedod…

26

Jon olamida aql ila ish tutmoq xush,
Dunyo ishida yaxshisi turmoq xomush.
To o‘rnida erkan ko‘zu til hamda quloq,
Topgaysan ularni unutib osoyish…

27

Dunyoga ishonma, muttahamdir puxta,
Davron oqizar yoshingni laxta-laxta.
Og‘zishta magar solsa zamona halvo,
Yutma sira ham — unga zahar omuxta.

28

Ishq asli hayotning bezavol oftobi,
Ishq asli ko‘ngilning pokiza mehrobi.
G‘ov ko‘rdimi, bas, nolani boshlar bulbul,
Oshiqqa pisand emas balo girdobi!

29

Qildi bu dilim ilmi laduniyni havas,
O‘rgat, dedi, har ne senga ma’lum bu nafas.
Dedimki: «Alif». Dedi: «Og‘iz ochma bo‘lak,
Haq bo‘lsa ko‘ngilda, bir harf yetgusi, bas!»

30

Ey Tangri, asir dilimga rahmat ayla!
Shu g‘amzada bulbulimga rahmat ayla!
Mayxonaga chopgan bu oyog‘imni kechir
Ham ilki qadahgirimga rahmat ayla!

31

Tahqiq* daraxti hali gul qilgan emas,
Haq mohiyatini hech kishi bilgan emas.
Lekin uzatar hamma uning shoxiga qo‘l,
Hech kimning umidi, chunki uzilgan emas.
_______
* Tahqiq — narsaning mohiyatini bilish, haqiqatga yetish. Tasavvufda bandaning haqiqatni kashf etish uchun qiladigan sa’yu xarakati.

32

Bas, boda ichib, shod yurimoqlik — odat,
Forig‘ yashamoq kufr ila dindan — toat.
So‘rdim: «Qalining ne?» — deya dunyo qizidan,
Ul dedi: «Qalin — shod diling har soat».

33

Derlarki, behishtu huru kavsar bordir,
Anhor to‘la may, sut, yana shakkar bordir.
Tutgilki, qadahni to‘ldirib ilkimga,
Io‘q nasyasi, bas, naqdi muqarrar bordir!

34

Ermas emish ichmoq sira sha’bonda ravo,
Qo‘sh so‘ngra rajab oyini — ul xosi Xudo.
Ollohu Rasulga qo‘y bu ikki oyni,
Sen ich ramazonda may — bu oy bizniki to!

35

«Bas, bormi ariqkim, suvi ortga qaytar?» —
Shunday deya o‘rdakka baliq naql aytar.
O‘rdak dedi: «Bizlarki, kabob bo‘lsak gar,
Yo‘q farqi, jahon — suvmi, sarob yo battar».

36

Gul chehrasida nasimi Navro‘z na go‘zal!
Kezganda chaman, bo‘lsa dilafro‘z na go‘zal!
Shod bo‘lsang-u har lahza bugun zavqi bilan,
O‘tgan kundan hech ochmasang so‘z na go‘zal!*
___________
* Bu ruboiy Farididdin Attorga ham nisbat beriladi.

37

Ko‘ngling tilagan yor ila bo‘l bir umr!
Ishq shavqi, hayot zavqiga to‘l bir umr!
Yo‘qlik sari ketmoq emish oxir qismat,
Bilmas bu abad uyquni go‘l bir umr…

38

Qabr ahliki, bo‘lmishlar, ajab, xoku g‘ubor,
Og‘ushida bir-birini har zarraki — bor.
Ichgan kishi, ne may bu, qilib jonni nisor,
Dunyosi bilan ham ishi yo‘q — shuncha xumor…

39

Ul fasli yigitlikda sharob ko‘p yaxshi,
Zebo yuz ilan bodai nob* ko‘p yaxshi.
Bul olami foniy erur uyquyu xayol,
Bas, bunda yashash mastu xarob ko‘p yaxshi.
_________
* Nob — sof, toza, pok.

40

Hech kimga nasib o‘lmadi ul vasli nigor,
Tulmay zamon hasratidan ko‘ngliga xor.
Ko‘z tashla taroqqa: to tilinmay bag‘ri,
Zinhor yaqinlatmadi bas, zulfiga yor.

41

Gul tegmasa-tegmasin — xor bas bizga,
Nur yetmasa-etmasin — nor bas bizga,
Gar xirqayu xonaqohu shayxlik bo‘lmas,
Zango‘la, kaliso, zunnor bas bizga!

42

Ey soqiy, agar kirsa quchog‘imga sanam,
Tutsa May emas, obi hayot dam-badam
Ham Zuhra mug‘anniyu Masiho hamdam,
Shodlik tatimas, bo‘lmasa dil xotirjam.

43

Yosh to‘kdi kelib o‘g uzra yig‘loqi bulut,
Shod etgali dilni qirmizi bodani tut.
Shul sabza6 kabi ko‘zni quvontirguvchi
Oromgoh o‘lur bizning-da gulzori vujud…

44

Aylanguchi charxdan ulushing, dilbar, ol!
Ilkishta tarab* taxti aro sog‘ar ol!
Bas, toatu aybishta Xudo zor emas,
Dunyoda murod tuxmini soch, gavhar ol!
_________
* Tarab — xursandlik, shodlik, ayshu tarab.

45

Harchand baxting mangu tuyulgay, ey do‘st,
Jisming esa sog‘lom va go‘zal — bekamu ko‘st,
Sen qattiq ishonma bu tanang chodiriga,
To‘rt ustuni ham uning omonatdiru sust…

46

Soqiyki, labi* go‘yo farahbaxsh yoqut,
Dilga g‘ami quvvatdir-u, jonimga qut.
Kim o‘lmagan esa g‘ami to‘foni aro,
Nuh kemasi o‘shanga bo‘libdir tobut.
________
* Lab — so‘fiylar istilohotida ma’naviyat olamidan anbiyoga malaklar vositasida, avliyoga esa ilhom orqali nozil bo‘ladigan kalom. Shuningdek, pirning ilohiy ma’rifatga kon so‘zi va bu jonbaxsh kalomning mazmuni ham ko‘zda tutiladi.

47

Taqdirni bilish o‘yida band etdi u dam
Lavhu qalamu behishtu do‘zax meni ham.
Bir kun dedi ustod menga: o‘zingda-ku jam,
Bilsang agar, behishtu do‘zax, lavhu qalam.

48

Haq ganji qo‘ligata kirmasa, aylab dod,
Umringni gumonlar ila qilma barbod.
Eng yaxshisi may jomini qo‘ldan qo‘ymay,
Na mast-u, na hushyor bo‘laylik dilshod.

49

Biz may ichamiz maykadaga* nur kiritib,
Bul ishni qilolmas kishi ming tavba tutib.
Gar menda gunoh bo‘lmasa, rahmat na qilar,
Bas, ko‘rsatadi rahmatini Tangri netib?!
__________
* Maykada — mayxona. Tasavvufda shavqu zavqu ilohiy fayzga kon komil orifning botini. Ilohiy olam ma’nosida ham keladi.

50

Vayronada yoru mutribu bodayu man,
Jonu dilu jomu to‘n sharob dardi bilan.
Yo‘q rahmat ilinji-yu, azob vahmi abas,
Kechdim o‘tu suv, xoku shamol tashvishidan!

51

Xayyom tikar erdi chodiri hikmat, oh,
G‘am ko‘rasiga tushdi-yu, yondi nogoh.
Miqrozi ajal kesdi hayot rishtasini,
Dalloli amal tekinga sotdi, evoh…
_________
* Miqroz — qaychi.

52

Manzilgoh ekan bizga shu foniy dunyo,
Husnishta ko‘p izladim qiyos, ey jono:
Yuzing kabi oy ravshan emasdir — bildim,
Qadding kabi tik emas u sarvi ra’no.*
_________
* Sarv — tik o‘sadigan, ignabargli, hamisha ko‘m-ko‘k bo‘lib yashnab turadigan xushqomat daraxt. Mumtoz she’riyatda ma’shuqaning go‘zal, kelishgan qaddi-qomati sarvga nisbat beriladi.

53

Gardun bu ezilgan tanimiz uzra kamar,
Jayhun esa yoshli diydamizdandir asar,
Do‘zax — behuda ohimizdan sharar*,
Jannat — bir lahza osuda vaqt magar.
________
* Sharar — uchqun, alanga.

54

Kufr olamidan dingacha bir lahza emish,
Shak manzilidan chingacha bir lahza emish.
Bas, sen bu aziz lahzani xush o‘tkazgil,
Umr o‘zi shu — o‘lgungacha bir lahza emish…

55

Inson umri asli-azal bir tutam,
Bas, shod yasha yetsa-da senga qancha sitam.
Akl ahli bilan bo‘l, bu vujuding asli —
Tuprog‘u shamolu yana otash ila nam.

56

Ishq — boshi jahon daftarining, ma’nosi,
Yoshlik g‘azalin matla’si — muddaosi.
Ey, angla, xabarsiz yurgan ishq olamidan,
Ishq birla yaralgan bu bashar dunyosi!

57

Yoshlik degan ul noma o‘qilmish — bitmish,
Umrimning bahori qish tomon yuz tutmish.
Bilmayman, o‘shal baxt qushi — yoshlik otlig‘,
Boshimga qachon qo‘nib, qachon tark etmish?..

58

Navro‘z kuni lola yuzini yuvdi bulut,
Shahd ayla-yu, tur — qo‘lishta sof bodani tut.
Qabringdan unar ertaga — hech qilma unut,
Sayr etganing ushbu kun hama sabzayu o‘t…

59

Aslida umid donasi xirmanda qolur,
Bog‘ hamda saroy na san-u, na manda qolur.
Bas, siymu* zaringni donalab yiqquncha;
Do‘stlar-la yeb-ich, bo‘lmasa dushmanda qolur!
_________
* Siym — kumush; tanga, pul; oklik, oq badan.

60

Hech bo‘lma rivoyatga asir, ey soqiy,
Mushkuldir u ming yoinki bir, ey soqiy.
Xokmiz, baribir, changni jaranglat, mutrib,
Bodmiz, baribir, bodani ber, ey soqiy!

61

Bu ajzu niyoz yo‘lida bir dil g‘animat,
Suhbat tilasang, do‘sti komil g‘animat.
Yuz Ka’ba o‘taversin bir dil qoshidan,
Yuz Ka’basidan bir dilni bil g‘animat.

62

Soqiy, dilim ahvoli o‘likdan-da xarob,
Marhumni bezovta qilmagay ranju azob.
Har qancha etakni yuvsa ko‘z qoni bilan,
Ko‘zdan ko‘ra etak nam-u, gardi behisob.

63

Toptar tuproqni oyog‘i nodoshpshg,
Balki u qo‘li yo yuzi bir jononning.
Har g‘ishti bu osmono‘par ayvonning —
Barmog‘i vazirning-u, boshi sultonning.

64

Umr daftaridan qaysi kuni ochdim-u fol,
Kuygan dilini etdi bayon sohibi hol:
Baxtli kishi ulkim, tuni yildek cho‘zilib,
Qo‘ynida suyuk yori to‘lishsa chu* hilol.
____________
* Chu — chun; bamisoli, o‘xshash, monand.

65

Tut bodani — ochsin o‘sha bahri dilimiz,
Husning bila hal et yana har mushkulimiz.
Bir ko‘za sharobni, kel, ichaylik birga,
Aylangunicha ko‘zaga bizning gilimiz…

66

May ichsam agar bois emas ayshu tarab,
Tark etmak uchunmas sira yo dinu adab.
Bir lahza suzish bahrida bexudlikning* —
May ichmagu mast yurmagima asli sabab.
__________
*Bexudlik — sukr va oshiqlik maqomi; o‘zidan bexabarlik.

67

Husn ahliga ulkim, labi xandon bermish,
Dard ahliga o‘z yuragidan qon bermish.
Gar qismatimiz bo‘lmasa shodlik — g‘am yo‘q,
Shodmiz, baribir, qayg‘uni chandon bermish…

68

Tokaygacha umring o‘tadi o‘zni deya,
Yo tashvishini borligu yo‘qlikni yeya.
Ich bodani, qasdida yurar bo‘lsa ajal,
Umr o‘tgani soz uyqu yo mastlikda-ku-ya…

69

Ishqida suluv yorni dilim zor bo‘lmish,
Ul g‘amga bo‘lak yerda giriftor bo‘lmish.
Men dardima dori istabon etsam sa’y,
Hayhot, tabibimning o‘zi bemor bo‘lmish.

70

Bul kunki, saodatli u yoshlikni gali,
Bordirmi sababdan ko‘pi may ho‘plagali?!
Ayb aylama, achchiq esa ham xushdir ul,
Shum qismatim etmish uni achchiq azaliy…

71

Ovvoza emish elda g‘amim, ey soqiy,
Andozasiz ul mast damim, ey soqiy.
Xattingdan erurman qarilikda sarxush,
Dil toza, bahor hamdamim, ey soqiy.

72

Gar bodani toqqa bersa, tog‘ raqs etadi,
Noqis kishi mayni qoralab, nahs etadi.
Maydan sira tavba qilmagum — ushmundoq
Bir narsaki ul — tarbiyati shaxs etadi!

73

Sabr ayla, falak ostida gar beboksan*,
May ich, bu jahon o‘t esa, sen — xoshoksan.
Avval bila oxiring, axir, tuproqdir,
Rad aylama, bir kuni bo‘larsan xok san…
___________
* Bebok — qo‘rqmas; beparvo, loqayd; sitamgar ma’shuqa.

74

Qar kimsani bor bo‘lsa yeyishga noni
Ham o‘ziga loyiq uyi-yu oshyoni,
Ul qul-da emas birovga, hokim-da emas,
Bas, qandini ursin o‘sha — xush davroni!

75

Har qanchaki menga husni zebo berdi,
Lola kabi yuz, qomati ra’no berdi.
O‘tkinchi jahonda menga naqqoshi azal,
Bilmam, ne uchun bunchalik oro berdi?!

76

Ul ko‘zanikim bodasi yo‘q — ahvoli bad,
To‘ldir kosani, o‘zing ich-u, menga uzat.
To ko‘zaga aylangunicha tuprog‘ing
Umringning o‘tar har onini bil g‘animat.

77

Ul charx qulog‘imga shivirlar asta:
«Bo‘lsaydi qazo hukmi menga payvasta,
Bul bema’ni aylanishni tark etgaydim,
Bitganda, basharti, gardishimga dacta…»

78

Yo Rab, ne uchun may jomini sindirding?
Aysh istagida erdi ko‘ngil — tindirding.
Men ichdimu may, sen qilasan badmastlik,
Og‘zim to‘la qum aylab, nima undirding?!

79

May ko‘hnami, yangi — biz xaridormiz unga,
Bir arpani hayf bilguchimiz dahri dunga.
Sen qayga yubormoqni o‘lar chog‘ so‘rama,
May ber-u, jo‘nat xoh behisht, xoh do‘zaxingga!

80

Ul lola yuzini tongda shabnam tutadi,
Binafsha chamanda bo‘ynini xam tutadi.
Yayraydi qo‘ngil g‘unchaga boqib, rosti,
Yoymas etagini u sira — jam tutadi.

81

Istar esang umr asosi mahkam bo‘lsin,
Bir dam bu diling jahonda xurram bo‘lsin.
Tark aylama bir lahza sharob ichmoqni,
To lazzati umringning damodam bo‘lsin!

82

Bermish tunu qun dahrga azaldan sayqal,
Charx aylanar erdi sira qilmay mahtal,
Tuproqqa qo‘y ohista qadamingniki, ul —
Ko‘z gavhari erdi bir go‘zalning avval…

83

Qopshmda mudom sharobi nob bo‘lsa, na soz!
Ham tinglaganim nayu rubob bo‘lsa, na soz!
Gar ko‘za yasar bo‘lsa kulol xokimdan,
Ul ko‘za-da liq to‘la sharob bo‘lsa, na soz!

84

Bizdan o‘sha Mustafoga ayting-da salom,
Ul dam so‘rang undan aylab e’zozni tamom:
«Aylab shariatda achchiq ayronni halol,
Qilding nega bizga pokiza mayni harom?!»

85

Tortib mashaqqatni kishi hur bo‘ladi,
Ul qatra sadaf ichra yashab, dur buladi.
Mol ketsa, qolur o‘rniga boshing-ku omon,
Jom bo‘shasa, may-la yana ma’mur bo‘ladi!

86

Bul ko‘za meningdek oshiqi zor erdi,
Bir sochi uzun malakka xushtor erdi;
Bul dastaki, qo‘za bo‘ynida — erdi-yu qo‘l
Ham o‘rni mudom gardani dildor erdi.

87

Dedimki: «Bo‘lak bodai gulgun ichmam,
Tok qoni erur sharob, yetar, xun ichmam».
«Jiddiymi so‘zing?» — deb qari aqlim so‘rar,
Kuldim: «E, hazil barisi — nechun ichmam?!»

88

Qay damki, binafsha yuziga rang yugurar,
Yirtish bo‘ladi gul etagin yelga hunar.
Oqil kishi gulshanda suluv yorni quchib,
May ichga-yu, may ko‘zasini toshga urar!

89

May ichsa magar gado — amirlikka yetar!
Tekkizsa labini tulki — sherlikka yetar!
Gar keksa tatib ko‘rsa — yashargay shaksiz,
Sipqorsa yigit sharobni — pirlikka yetar!

90

Hech kimsani ranjitma iloj topsang agar,
Og‘ritma biror dilni — sira sochma zahar.
Gar mangu farog‘atni etarsan tama’,
Chek yolg‘iz o‘zing uchrasa har qancha kadar.

91

Shunday ichayin mayni — bu qul o‘lsa edi,
Hattoki go‘rim may hidiga to‘lsa edi,
Qabrim qoshidan o‘tar ekan har kimsa,
Ul may hididan mastu xarob bo‘lsa edi!

92

Oxirlasa umring seni — achchiqmi, shirin,
Bag‘dodida o‘lding nima, Balxida u qun?
Ich mayni, hilol sen bila mendan so‘ng ham
Ming marta bo‘lur mahvu chiqar boz, tayin.

93

Qushmiz go‘iyo biz — ikki oyog‘ida dom,
Dilxastai ro‘zgor, yana oshufta mudom.
Sargashta bu doirada — yo‘q eshigu tom,
Etdik na tilaklarga, bajo bo‘ldi na kom.

94

Mayxonada ko‘rdim bitta cholni — xummor,
So‘rdim xabarin o‘tganu ketganning zor.
So‘z qotdi u: may ich, senu mendek bisyor,
Tark etdi-yu dunyoni — xabar yo‘q zinhor…

95

Bir qo‘lda qizil may, birida yor zulfi,
Ultirsa chamanda ochilib dil qulfi.
May ichsa jahonning tashvishini chekmay,
Ul zot biladir chin aysh qilmoq urfi!

96

Dunyoning g‘ami — zahar, sharobdir daf’i,
Yo‘q boda ichuvchiga zaharning xavfi.
Ich sabzada mayni sabzaxat yorni quchib,
Ko‘mguncha go‘ring sabzaga qismat lavhi…

97

Gar biz yo‘q esak ham, bu jahon bo‘lgaydir,
Bizdan na biror nom, na nishon bo‘lgaydir.
Mavjud emas erdik kecha — yetmovdi xalal,
Ertan yana yo‘qmiz — u hamon bo‘lgaydir…

98

Soz dilni mudom boda bilan shod etsang,
Ham o‘ttanu kelmaganni kam yod etsang,
Boz ustiga, zindoniy omonat jonni
Bir lahza aql ilkidan ozod etsang.

99

Tuttilki, qadah menga — suxan chog‘i, habib,
Ul pista labingkim, bu kecha bo‘ldi nasib.
Qo‘limga yuzingdek qirmizi mayni uzat,
Tavbam yana zulfing kabi ketmish chuvalib…

100

Sayyodi azal dona sepib, dom qo‘ydi,
«Odam» deya so‘ng o‘ljasiga nom qo‘ydi.
Aylab o‘zi bor yaxshi-yomonlikni mudom,
Aybin avom ustiga har ayyom qo‘ydi.

101

Hushyor ekanmanki, quvonch pinhondir,
Gar mast esam, aqlima bir nuqsondir.
Men bandasiman ul holning — mastlik ila
Hushyorlik arosinda — hayot shul ondir.

102

Ul kunki, qiluvdim ko‘zagar sori guzar,
Har lahza u ko‘rsatardi xokdan hunar.
Hech shubhasi yo‘q, barcha ko‘rar — qilsa nazar:
Xokini azizlarning u ilkida ezar…

103

Misru Rumu Chin agarda mulking bo‘lgay,
Osmonu zamin qo‘lingda tutqun bo‘lgay,
Bir gaz yer-u ikki gaz kafan, bilsang agar,
Bizlarning ulush jahonda ul kun bo‘lgay.

104

Bizning o‘sha mayxona sahar berdi sado:
Ey, tingla meni, rindi xarobotu gado,
Paymonani ol qo‘lga — yetaylik tagiga,
Bo‘lgungacha paymonasi umringni ado.

105

Do‘stlik uyini hamisha bunyod eting,
Tez-tez ko‘rishib, bir-biringiz shod eting,
Quyganda sharob kosaga soqiy, mani
Bechorani ham duo bilan yod eting.

106

May ichki, falak bizni halok etmoqchi,
Jon qasdida ul, dilni-da chok etmoqchi,
Bas, sabzada o‘ltir va tiniq maydan ich,
Unsin, deya sabza bizni xok etmoqchi…*
________
* Bu ruboiy Farididdin Attorga ham nisbat beriladi.

107

Ey charx, kinangdan bu xaroblik meva,
Zolimlik erur senga azaldan sheva.
Ko‘ksingni, zamin, ko‘rsa edilar ochib,
Gavhar chiqar erdi necha minglab teva…

108

Derlarki, sharob ichma — balodir boshga,
Mahsharda do‘zax tuhfa bo‘lur avboshga*.
Haqdir bu, biroq, ikki jahonga arzir
Yotsang-da bo‘lib mast agarchi toshga…
________
* Avbosh — bebosh, bezori, yo‘lto‘sar, badkor.

109

Ko‘nglimki, namoz, ro‘zaga moyil o‘ldi,
Dedim: deguchi murodi hosil o‘ldi.
Afsus nechakim, yelda tahorat sindi
Ham qatra sharob-la ro‘za botil o‘ldi.

110

Qil oshnachilik oqilu pok kimsa bilan,
Qoch bir necha farsang*, esa har kimki tuban.
No‘sh ayla zahar uzatsa dono cho‘chimay,
Lab urma, sharob tursa-da nokas, umuman!
_________
* Farsang — taxminan 6 kmga teng uzunlik o‘lchovi.

111

Tong chog‘ida ul gulki, kulib to‘kiladi,
El birla hikoyatni qilib to‘kiladi.
O‘n kun ichida gul nish urar, g‘uncha tugar
Ham ochilar ul, hidga to‘lib to‘kiladi.

112

Ol ko‘za, piyola-yu, quloq ber bu so‘za:
Joy tanla ariq bo‘yi-yu ham qo‘klik uza,
Oy yuzli, alif qaddi malaklarni falak
Yuz marta piyola qildi, yuz marta ko‘za.

113

Indinning jilovi ermas ilkingda seni,
Sig‘mas qarichishta dunyoning bo‘yu eni,
Oydinda simir mayni, ey oy, to bu hilol
Topmay sira porlar necha sen birla meni…*
_______
* Bu ruboiy Farididdin Attorga ham nisbat beriladi.

114

Gul fasli-yu, suv yoqasi-yu, sabzada shod,
Ham ulfati chor-u, bir hur oshiqqa murod.
Tutsin qo‘liga qadah — saharda ichgan
Butxonayu masjidni sira etmadi yod.

115

Qar dasht aro lolazor yonib tovlanadi,
U shoh qonidan rang olib olovlanadi.
Binafshaning har novdasi yerdan ungan —
Yor xoli va shundanmi u ko‘p «ovlanadi».

116

Ich bodani — topmoq tilasang mangu hayot,
Yoshlik qushiga ham o‘sha berguvsi qanot.
Gul fasliyu mayu sarxush ulfatlar ila
Shod bo‘l, o‘zi dunyoda yashashdan shu murod!

117

Mahbub kabi suvratiga boqqanda bu jom,
Sindirmadi hurmat yuzidan masti avom,
Naq sarv ne nozaninni — dil etguchi rom,
Kimdir u — yasar va sindirar kimsa mudom?!

118

Keldi-yu bulut, sabza uza yig‘ladi — boq,
Bas, bodai arg‘uvonsiz dil bo‘lmadi choq.
Ul sabza bu kun sayru tamosho bizga,
Kimlarga bo‘lar tamosho bizning tuproq?…

119

Asror esa pinhon dilida dononing,
Sir bahsida lol qoldiradi Anqoni.
Ul qatra do‘nar durga sadaf ichra yashab,
Pinhon siri bo‘lganligidan daryoning.

120

Bo‘ston sari yo‘l oldi o‘shal bulbuli mast,
May jomi-yu, gul chehrasini topdi, abas.
Ul dam unutib o‘zni, qulog‘imga dedi:
«Qaytmas sira, bilgil, g‘animat ushbu nafas!»

121

Ming tavba magar qasd etibon shay bo‘lsa,
Maydan sira qilma tavba, gar may bo‘lsa.
Gul yoqasi chok-u, andaliblar nolon,
Qo‘i tavbani bul damda u qanday bo‘lsa!

122

Begona yaqin menga — vafo qilsa agar,
Yot hatto qarindosh-da, jafo qilsa agar.
Gar yoqmasa bol — bormi zahardan farqi?
Bol o‘rnidadir zahar — davo qilsa agar.

123

Bul kunki, saodat gulidir serhosil,
Jomdan ne sabab ayri erur ammo qo‘l?
May ichki, zamon bir g‘animi g‘addor, bil,
Topmoq bu kabi kunni keyin ko‘p mushkul.

124

Oqil dedikim tushga kirib: — Baxt guli
Ochilmadi ul kimsani — uyquni quli.
Ich mayni, ajalning etaging uzra qo‘li,
Bilmaydi abad uyquni odamni(ng) go‘li…

125

Ilkingda erur bugun, biroq indin yo‘q,
Indin g‘amini chekingda hech mazmun yo‘q,
O‘tkazki bu damni xush diling to xun yo‘q,
Kim mangu yashar? Jahonda bir ustun yo‘q…

126

Ul boda sabab g‘amning hayoti o‘zga,
Bosh og‘rig‘ini may o‘zi solgay izga.
O‘rtanma, qazo qo‘lda emas, bejizga,
Ulgur o‘tayotgan kechayu kunduzga.

127

Boq, tong yelidan gul etagi chok bo‘ladi,
Bulbul yetishib g‘unchaga quvnoq bo‘ladi.
Gul soyasida o‘tir, u qumga singsa,
Bizning-da vujud ertaga tuproq bo‘ladi…

128

Sensiz o‘qimoqdan necha mehrobda namoz,
Aytilsa xarobotda na xush sen bila roz!
Sensiz bari hech: avvalu oxirsan — O‘zing,
Xoh o‘tga uloqtir meni, xoh ayla navoz*.
________
* Navoz — siylash, mehribonlik qilish.

129

Yo‘l qo‘yma, seni olmasin ul g‘ussa asir,
To yonmasin anduh o‘ti ichinda bag‘ir.
O‘tkaz dame suv yoqasi-yu sabza aro
Devor qo‘tarilmay hali xokingdan axir…

130

Yayraydi sharobdan bu dili tang, keltir,
Ul bodai mushkinbo‘yu gulrang keltir.
Maqsad esa g‘am lashkarini mahv etmoq,
Yoqut kabi mayu ham ipak chang keltir.

131

May garchi haromdir, uni ammo kim ichar
Ham qancha ichar va bo‘lib oshno kim ichar?
Har damda shu uch qoidaga qilsa amal,
Bas, ichmasa may odami dono, kim ichar?!

132

Soqiy, gulu ko‘klikka nazar sol — quvnoq,
Zavq etki, o‘tib hafta u bo‘lgay tuproq.
May ichgil-u, gul ter, yana bir boqquncha
Gul qumga-yu, xasga aylanar har yaproq.

133

Shayx derki: «Do‘zax o‘tida yongung bir umr,
Zino-ku harom, mast yurishing dinda kufr».
Fohisha degay: «Har nima desang — o‘shaman,
Sirting-da ichingdaymi o‘zingning ham, axir?!»

134

Shod bo‘lki, hayit oyi kelish orzusida,
Sozi tarab ilhomga to‘lish orzusida.
Ul oy-da behol, orig‘u dol, rangi sariq,
Nochor bu azobdan qutulish orzusida.

135

Tark aylamasingdan bu qadim olamni,
Ich bodani — quvgay u ko‘ngildan g‘amni.
Och zulfini hurlarning mudom bandma-band,
Band-bandga ajratmay bu charx odamni…

136

Ko‘nglim yana yuzi gulga payvand erur,
Qo‘l bo‘lsa-chi, jomi mulga* payvand erur,
Har juzvki* bor, olay nasibam undan
Ul damta qadarki, kul(l)ga* payvand erur.
_________
* Mul — may, sharob.
* Juzv — qism, bo‘lak.
* Kull — butun.

137

Sipqor necha gul faslida gul rangli sharob,
Tursin taralib nolai nay, changu rubob.
Aysh etsam-u men may bilan, sen ho‘plamasang,
Ich toshni, netay, senga erur ushbu javob!

138

Ul may ila bo‘lki, mulki Mahmud* shudir!
Ham tinglaki changni, bazmi Dovud shudir!
Kelmakni-yu ketmakni bo‘lak yod etma,
Bir soniya xurram o‘lki, maqsud shudir!
________
* Mahmud — Sulton Mahmud G‘aznaviy (998—1013)

139

Xum og‘zidagi g‘isht davlati Jamdan* soz!
Mayning hidi ming g‘izoi* Maryamdan soz!
Mastlar dilidan saharlab uchgan har oh —
Ul nolai Busaidu* Adhamdan* soz!
________
* Jam — qadimgi Eronning afsonaviy shohi Jamshid nomining qisqargan shakli.
* G‘izo — oziq-ovqat, yegulik, taom.
* Busaid — mashhur tasavvuf shayxi Abusaid Abulxayr Mayhaniy.
* Adham — mashhur so‘fiy Ibrohim Adham (vafoti — 777 yil). U Olloh yo‘lida ixtiyoriy ravishda toju taxti, oilasi, mamlakatidan voz kechib, Balxdan Nishopurga kelib, darveshlik bilan kun kechirgan.

140

Ishq domiga gar tushmasa keksa boshim,
Bo‘lgaymidi hech jom ila may yo‘ldoshim.
Ul tavbani aql berdi, malak sindirdi,
Chok o‘ldi to‘ning ham chidamay, bardoshim…

141

Umring yugurib zumda, ajab, o‘tgusidir,
O‘ltirma beparvoki, tarab o‘tgusidir.
G‘am chekma, xazon faslini o‘ylab, soqiy,
Ich may, kechalar boda so‘rab o‘tgusidir…

142

Bermoq yashirin sirdan xabar xohlayman,
Qilmoq vale so‘zni muxtasar xohlayman:
Ishqing ila yer qa’riga kirmoqni-yu, boz
Mehring ila topmoqni samar xohlayman…

143

Eng maqbuli shuki, do‘stni orttirsang kam,
Soz qursang uzoqdan gurung davr ahli-la ham.
Qar kimsaki, bul hayotda mahram kabidir,
Akl ko‘zi-la boqsang, o‘sha dushman chinakam.

144

Yig‘ hushniki, umri nozanin o‘tmoqda,
Och ko‘zniki, xoru zor, hazin o‘tmoqda.
Umr o‘tdi-yu, bilmadim nedir ayshu tarab,
Yuz hayf u hayottakim, chunin o‘tmoqda…

145

Har lahza qo‘lim jom bila sog‘ar tutsin,
Ming hayf, desam: daftaru minbar tutsin.
Bas, sen — quruq zohid-u, men — ho‘l fosiq,
Hech tinglamadimki, o‘tga ho‘l bar tutsin.

146

Biz oshiqu oshuftayu mastmiz bu kun,
Hurlar ko‘yida bodaparastmiz bu kun,
Butkul unutib o‘zni Xudo vaslini deb,
Payvastai dargohi alastmiz* bu kun.
___________
* Alast — azal, avval (yaralishning ibtidosi ma’nosida). Dargohi alast — Xudo dargohi.

147

Soqiyki, yuzing jomi Jamshiddan* xo‘b!
Yo‘lingda o‘lish hayoti joviddan* xo‘b!
Xoki qadamingkim, ko‘zim undan ravshan,
Har zarrasi uning yuz ming xurshiddan* xo‘b!
___________
* Jomi Jamshid (Jam) — shoh Jamshidning qadahi — u butun olamni o‘zida aks ettirar emish; umuman, may qadahiga ishora.
* Jovid (Jovidon) — doimiy, abadiy, mangu.

148

Ko‘nglingni qilar zamona g‘amgin har choq,
Pok ruhing uchar xuddi daraxtdan yaproq.
Bas, bir necha kun sabzada o‘ltir, shod bo‘l.
O‘stirmayin o‘t ko‘ksida bizning tuproq.

149

Ulsam, meni tuprog‘imi siz gum aylang,
Holimni mening ibrati mardum aylang,
So‘ng may bila xokimni qorib, g‘isht qiling —
Xum og‘ziga yopgali va yo xum aylang…

150

Hech davru jahon — bo‘lmasa may va soqiy,
Nola qilib turmasa nayi Iroqiy.
Ahvoliga dunyoni necha soldim ko‘z:
Naqd ishratidan o‘zgasi ermas boqiy!

151

Ey charx, qurumsoqqa qarashding obdon —
Berding unga hammomu uyu tegirmon.
Bir luqma taomga zor saxovat ahli,
Yakson esa soz edi buningdek davron.

152

Bemorman-u, dil imtihonimda mening,
May ho‘plamasam, u qasdi jonimda mening.
Boq, turfa ekan har nima bemorlikda:
Maydan bo‘lagi emish ziyonimda mening.

153

May birla xo‘rokimni mudom but aylang,
Bu kahrabo* chehramni-da yoqut aylang.
Ko‘z yumsam agar mayga yuvib jismimni,
Tokning cho‘bidan taxtayu tobut aylang.
_________
* Kahrabo — sariq rangli qattiq tosh; majozan: sariq rang.

154

Siz — dayru* but* birla-yu, biz ma’shuqu may,
Siz — ahli behisht, biz — jahannam eli, hay.
Peshonaga ul ro‘zi azal taqdirni
Naqqoshi azal bitsa shu xil, men na qilay?!
___________
* Dayr — otashparastlar ibodatxonasi; majozan: mayxona. Tasavvufda «hammaslak pokboz oshiqlar davrasini», shuningdek, «zoti ahddiyatdan huzurlanishshi bildiradi.
* But — tasavvufda asosiy maqsad, matlab, ya’ni ma’shuq timsoli.

155

Ertan bu nifoq ilmini bas qilgayman,
Oq sochim ilan bodaga qasd qilgayman.
Etmishga yetibman, mana, shodlikni demak,
Men qilmasam endi, qay nafas qilgayman?!

156

Qur’onniki, beqadr kalom o‘qirlar,
Goh-goh, ya’nikim, olib orom o‘qirlar,
Bir oyat bor piyola chetida biroq,
Har yerda uni hamda mudom o‘qirlar.

157

To‘rt kun bu tiriklik, base, no‘sh ayla sharob,
To‘rt kunlik umr qaytmagay — o‘tkaz beitob.
Bilgilki, jahon tutar xaroblik sari yuz,
Sen ham kecha-kunduz yasha, bas, mastu xarob.

158

Tokay bu zamon hasratidan mahzunsan,
Ko‘zlar to‘la yosh ham dili lim-lim xunsan.
Ich bodani, sur ayshni, ko‘ngilni xush tut,
Chiqmay turib ul doiradan bir kun san…

159

Bu charx dilim xamisha g‘amnok qilur,
Aysh ko‘ylagini tag‘in u g‘ar chok qilur.
Ul bodki, biz taraf esar — o‘t aylab,
Og‘zimdagi suvni har zamon xok qilur…

160

Haq so‘zni degum, rafiq, agar bersang yo‘l,
Ol1 bodayu oqbadan malak birlan bo‘l!
Ollohni sening mo‘ylabing-u hamda mening
Soqolimdan o‘zga ham g‘amu tavishi mo‘l…

161

Qo‘y, chekma alam, arzimagay bor yo yo‘q,
Lozimmi yashash xush deya xam yor yo yo‘q,
To‘ddirki qadahni, ichga yutgan nafasim
Qaytib chiqararman yana takror yo yo‘q…

162

Olgan edim ul kun ko‘zagardan ko‘za,
Ochib necha asrorni u kirdi so‘za:
«Erdim kecha shohu qo‘lda zarrin kosa,
Boq, endi bo‘libman, mana, xummor qo‘za».

163

Har sabzaki, suvning bo‘yidan joy olmish,
Ul tal’ati* hur xattini yodga solmish.
To sabza sari tashla oyog‘ingni ayab,
Ul sabza sanam chehrasidagi xolmish…*
_________
* Tal’at — yuz, chehra, husn.
* Bu ruboiy juz’iy tafovutlar bilan Najmiddin Kubro ruboiylari orasida ham uchraydi.

164

May ich, ochu to‘qlik g‘ami dildan ketadi,
Etmish ikki millat qayg‘usi tark etadi.
Maydan sira parxez etma — bir kimyodir ul:
Bir qatrasidan ming dardishta naf’ yetadi.

165

Osmon bulutdan nastara* to‘kmoqda,
Gullarni ochib, bog‘ uzra shan to‘kmoqda.
Savsan* kabi jomga mayi gulgun quygil,
Chun abri binafsharang suman* to‘kmoqda…
________
* Nastaran — oq yoki qizil tusli xushbo‘y va go‘zal gul.
* Savsan — gulsafsar.
* Suman — yosmin guli; xushbo‘y oq gul.

166

Ko‘hna rabot asli olami g‘irromning,
Oromgoh erur otiga subhu shomning.
Bir bazmki, qolmish o‘sha yuz Jamshiddan,
Bir qasrki, takyagohi* yuz Bahromning.
____________
* Takyagoh — turar joy, dam oladigan joy.

167

Bir lahza dilim ilmdan mahrum emas,
Dunyoning biror siri menga mavhum emas.
Naq yetmish ikki yil tunu kun o‘y surdim,
Ma’lum bo‘ldi: hech nima ma’lum emas*.
_________
* Bu ruboiy ba’zi bir tafovutlar bilan Abu Ali ibn Sino ruboiylari orasida ham uchraydi.

168

Ul boda xayotga o‘zga fayz baxsh etar,
Ich mayni agarchi boshga og‘riq yetar.
Bas, sen kabi mehribonni dunyo netar,
Shosh, lahza ichinda naqdi umring ketar…

169

Har dilki, asir o‘lsa uning dardiga xush!
Har boshki, to‘lar gar ko‘yining gardiga xush!
G‘am tiyg‘ini do‘st otsa hecham ranjima — bu
Kelgay emish oshiq elining mardiga xush!

170

Ul nechaki, shohi fazlu odob o‘ldi,
Bas, jam’i kamolu sham’i ashob o‘ldi.
Zulmat kechada yurgali yo‘l topmasdan,
Degani fasona, qilgani xob* o‘ldi…
__________
* Xob — uyqu.

171

Nafsimga mudom yetmadi kuchim-da, netay?
Aybim ketidan g‘am to‘la ichimda, netay?
Aybim karaming birla kecharsan, ammo,
Nomus ila o‘lmoq esa ishim-da, netay?..

172

Boylik g‘ami-yu, hasrati dunyo ne uchun?
Mangu yashagan kimsani ko‘rdingmi bu kun?
Omonat erur tandagi bul necha nafas,
Dil berma omonatga, esang aqli butun.

173

Bilganda adolat neligin zarra falak,
Sevgan bo‘lar erdi uni har kimsa beshak.
Ustun esa dunyoda adolat rasmi,
Dono dili aslo og‘rimas erdi demak.

174

Ey do‘st, neki sir bo‘lsa, o‘zing ogohsen,
Bas, nega chekursan bu qadar ko‘p oh sen?
Yurmas yo‘rig‘ingdan bu falak g‘ildiragi,
Shukr ayla tirikliging uchun goh-goh sen…

175

Bir qatra sharob masnadi* Qobusdan* xo‘b!
Ham taxti Qubodu* mulkati Tusdan xo‘b!
Har nolaki, subhidamda chekmish rindlar,
Ming toati ul zohidi solusdan* xo‘b!
_________
* Masnad — taxt; martaba.
* Qobus — sosoniylar sulolasiga mansub podshoh.
* Qubod — sosoniylar sulolasiga mansub podshoh.
* Solus — riyokor, firibgar.

176

Bizlarni halok etdi g‘ami hijroning,
Qo‘lim sira qo‘yvormas edi domoning.
Ketding-u, halok bo‘ldi g‘amingdan ming dil,
Kelding yana ming jon sening qurboning!

177

Xayyom, gunoh deb bu qadar motam ne?
Chekmoq kamu ko‘p naf’i sabab alam ne?
Gar bo‘lmasa hech bir gunoh — afv nechun?
Gar afv gunoh uchun ekan, bas, g‘am ne?

178

Kim ketdi jahondan ilgari, ey soqiy,
Tuproq aro yitdi bari, ey soqiy.
Haq so‘zni eshit mendan-u, bor, bodani ich,
Sovruldi shamolga so‘zlari, ey soqiy…

179

To bor ekan imkoning qo‘lingda zinhor,
Yod ayla azizlar xotirini, dildor.
Husn davlati hech kimga vafo qilgan emas,
Zor yig‘latib bir kun seni ham ketmog‘i bor…

180

Shodlik tilama, umring davom etmas uzoq,
Jamshid ila Kayqubod xoki bu tuproq.
Ahvoliga bu jahonni(ng) boqsang, ko‘rasan:
Uyquyu xayolu hiyladir boshdan-oyoq…

181

Ranju alamim garchi mening ko‘pdan-ko‘p,
Ayshu tarabing sening tuganmas — bir to‘p.
Hech bitgasiga suyanma, bu mutribi charx
Ko‘rsatar emish pardada ming nag‘ma xo‘p…

182

Ul mayki, hayoti jovidoniydir — ich,
Sarmoyai lazzati javoniydir* — ich.
Otash kabi yondirguchi ul, lek g‘amni
Qilg‘uvchi ziloli zindagoniydir* — ich.
__________
* Javoniy — yoshlik, o‘ktamlik.
* Ziloli zindagoniy — tiriklik suvi.

183

Oh, tushdi chekimga meni(ng) sarxushligu may,
Qo‘zg‘oldi ham el ichra malomat talay.
Bo‘lgandami har haromda mayning isi,
Topilmas edi jahonda bir hushyor, hay…

184

Kun yaxshi, havo bo‘lsa na sovuq, na iliq,
Gulzor yuzidan yuvdi bulut changni to‘liq.
Bulbul-chi, sariq gul bila o‘zni unutib,
Ushshoqqa «Sharob ich!» deya bermoqda yo‘riq.

185

Ey dil, bu jahon haqiqatidir majoz,
Bekor g‘amu qayg‘u chekmagil duru daroz*,
Taqdir ishiga tan ber: u ko‘pdir yoki oz,
Hukmini tuzatmas u qilib senga niyoz.
________
* Duru daroz — davomli, nixryatda uzun, mufassal.

186

Maydan bo‘lagi bo‘lgani ko‘toh yaxshi,
Ul mayni yana uzatsa dilxoh yaxshi,
Bo‘lmoq yana mast, darveshu gumroh yaxshi,
Er birla falakdan jur’a may, oh, yaxshi!

187

Jom ichra sharob xohishi ko‘ngil, keltir,
Mahram va munis ersa o‘shal gul, keltir.
Yaxshi bilasan, olami xokning so‘nggi —
Eldir, base, shosh, lahzada may — mul keltir!

188

May ichsam-u, har kimki, chu men ahl o‘lur,
Oldida xirad* ahlini bu sahl* o‘lur.
Bilgay edi ichmog‘imi may O‘zi azal,
No‘sh aylamasam, Tangri ishi jahl o‘lur.
____________
* Xirad — akl, idrok, donish.
* Sahl — yengil, oson.

189

Uyyunki, sahar chog‘ida ozoda yigit,
Billur kabi jom ichra tutib boda yigit,
Qar lahza fano kunjida* o‘tkinchi erur,
Topmas kishi izlab uni so‘ng, soda yigit…
_________
* Kunj — chet, burchak, go‘sha.

190

Har yaxshi-yomonlikki, bashar tab’ida bor,
Har shodligu kulfatki, qadar lavhiga yor.
Osmonga havola etma, idrok yo‘lida
Sendan bu falak ojizu bechorayu xor…

191

Navro‘zda qo‘lingga tut qadah lola misol,
Topsang yana lolayuz bilan ayla visol
Ham ho‘pla sharob xurramu shod, ko‘hna falak
Bir kun bu alif qadni egib, qilg‘usi dol.

192

Charx uzra birov zafar to‘nin kiygan emas,
Odamni yutib, zamin sira to‘ygan emas,
Kekkayma meni yemadi deb, hech kimni —
U navbati kelganda yemay qo‘ygan emas.

193

Tut qo‘lga sharobi lolagun, ey soqiy,
Tursin jo‘sh urib ko‘zada xun, ey soqiy,
Bir yori munis jahonda yo‘q, jom ichra
Ul do‘sti asilki yashirin, ey soqiy.

194

Ko‘klamda qilib nozli sanam himmatni,
O‘tloq bo‘yida tutsa mayi ishratni,
Uyg‘otsa-da el ichra so‘zim nafratni,
Mendan qo‘ra it yaxshi desam jannatni!

195

Kun bo‘yi degum: tunda qilar dil tavba,
May kosasiyu ko‘zasidan ul tavba.
Endi esa atrofda bahor — tavba qayon?
Gul mavsumida tavbasidan qil tavba!*
__________
* Bu ruboiy Farididdin Attorga ham nisbat beriladi.

Ergash Ochilov tarjimalari

1

Ul husni falak, xurshidi tobondir — ishq,
Ul qushki, go‘zal chamanda sayrondir — ishq.
Bulbul kabi un chekishni sen ishq sanama,
Xar lahza o‘lib, chekmasa afg‘ondir ishq…

2

Karvoni umrga boq, chunun o‘tgusidir,
Har lahza tarab aylaki, kun o‘tgusidir.
Soqiy, chekaverma ko‘p qiyomat g‘amini,
Sun menga piyolaniki, tun o‘tgusidir…

3

Ul mayki, sharobi jovidoniydir, ich,
Sarmoyayi ishq, ayshi jahoniydir, ich.
Yondirguvchi otash ul va darding oqizib
Ketguvchi ziloli zindagoniydir, ich…

4

Gul bo‘lmasa bizga bog‘ aro xor ham bas,
Nur yetmasa bizga, yetmagay, nor ham bas.
Gar bo‘lmasa bizga xonaqo, xirqavu shayx,
Noqisu kaliso bila zunnor ham bas…

5

Loyimni o‘zing qorgan esang, men na qilay?
Shaklimni o‘zing chizgan esang, men na qilay?
Har yaxshi-yomonki men etarman, yo Rab,
Manglayga o‘zing yozgan esang, men na qilay?..

6

Yoshdir-qaridir, jahonga yuz tutgaylar,
Bu nuktani to ko‘ngilga jo etgaylar.
Hech kimsaga qolmagay abad mulki jahon,
Keldik, ketamiz, boz kelib-ketgaylar…

7

Evohki, yoshlik edi — nomam, to‘ldi,
Qish keldiyu ul toza bahorim so‘ldi.
Ul murg‘i tarab erdi ajab, ismi shabob,
Bilmam, u qachon keldi — muyassar bo‘ldi!..

8

Kun o‘tsa kuningdan, sen uni yod etma,
Ham kelmagan ul ertaga faryod etma.
Bu kelmagan – o‘ttan bila bunyod etma,
Xo‘p xayr, degil, umrni barbod etma…

9

Azm etki, ko‘ngil, bazm quraylik endi.
May no‘sh etibon, aysh suraylik endi.
Sajjodani bir piyola sharbatga sotib,
Nomusni otib, yerga uraylik endi…

10

Soqiy, gulu sabza bas tarabnok emish,
Boq, hafta o‘tib, o‘shal bari xok emish.
Gul uzgilu may simir, shitob et, ha demay,
Gul xok emishu sabza ham pok emish…

11

Ul nechaki, mani duriga botmishlar,
Tangri nasabi vasfida so‘z qotmishlar.
Sarrishtayi asror nadir, bilmasdan,
Avval necha vaysab, oxiri yotmishlar…

12

Bor erdi kulol do‘koni, kirdim bir gal,
Dastgoh boshida ko‘zagar ishlardi jadal,
Ko‘rdimki, gado ilkiyu shoh kallasidan
Ul ko‘zaga bejirim bo‘yin, dasta yasar…

13

Bir jur’a sharob davlati Qobusdan xub,
Ul taxti Qubodu masnadi Tusdan xub.
Oshiq dilidan saharlab uchgan har oh,
Zohid eli chekkan nolayi muzdan xub…

14

Shoh tojimi, xon ziynati — biz otgaymiz,
Dastoru libosni nay uchun sotgaymiz.
Tasbehki, makr lashkarining elchisidir,
Nogoh uni ham may uchun sotgaymiz…

15

Bir qo‘lda tutib Mushafu bir qo‘lda-chi jom,
Gah mardi halolmizu gah mardi harom.
Bizdirmiz o‘sha gumbazi niliy tagida
Na kofiri mutlaq, na musulmoni tamom.

16

Ey zohidi din, agarchi may ichgumdir,
Lek menga ayon, g‘ofilu hushyor kimdir.
Men may ichamen, sen esa qon ichasen,
Insof bila ayt, aslida xunxor kimdir?

17

Pok kelgan edik adamdin, nopok bo‘ldik,
Shodon yetishib eshikka, g‘amnok bo‘ldik.
O‘tdik base dil otashi, ko‘z yoshi bila,
Berdik shu umrni yelgayu xok bo‘ldik…

18

Ilkimda sharobi nob bo‘lsin doim,
Qoshimda nayu rubob bo‘lsin doim.
Xokimdan agar ko‘za yasar bo‘lsa kulol,
Ul ko‘za to‘la sharob bo‘lsin doim…

19

Ey charxki, nokasga berarsan beshak,
Hammomu tegirmon, mol-dunyo lak-lak.
Bir burda nonga zor yurar to‘g‘ri kishi,
Uch pulga ham arzimas demak bo‘yla falak…

20

Ul yorki dilim ko‘yida ko‘p zor o‘lmish,
Ko‘rgilki, o‘zi g‘amga giriftor o‘lmish.
Men ishqida dardimga tilarmen darmon,
Ko‘rgil, o‘sha darmon o‘zi bemor o‘lmish…

21

Kelgan ketadir, bir samar — sud qani?
Bu tori vujuddin, o‘yla, maqsud qani?
Charx otashi yondirar va pokiza vujud
Otashda yonib, kul bo‘ladir, dud qani?..

22

Asrori azalnn sanu man bilmasmiz,
Bu harfi chigalni sanu man bilmasmiz.
Har nechaki so‘zladik, dedik parda osha,
Chu pardaki tushdi, sanu man bilmasmiz…

23

Derlar mani telba, mayparast — shundoqmen.
Derlar yana man fosiqu mast — shundoqmen.
San suvratu zohirimga ko‘p solma nigoh,
Botinda nechuk esamki, bas, shundoqmen…

24

Ayyomi tiriklikdan agar on o‘tsin,
Azm aylaki, ul hurrami shodon o‘tsin.
Zinhorki, sarmoyai bu mulki jahon —
Umr emish, ul ham guzaron — o‘tsin…

25

Ul zotki, sanamga labi xandon bermish,
Dardmandga jigar qoni-la darmon bermish.
Qismatki nasib etmadi shodlik, g‘am yo‘q,
Shodmiz, g‘am ila qayg‘unp chandon bermish.

26

Gar boda ichib, asiru mastmen, mastmen,
Gar oshiqu rindu butparastman, pastman.
Har kimsada bir xayolu taxminu gumon,
Lek men bilamen o‘zimni, shak etmasmen…

27

Mendan chu ajal bila o‘lim vahmi yiroq,
Qismatki tiriklikni beribdi bundoq.
Jonimni omonatga olibmen, uni ham,
Qaytib beradirmen, muddati yetgan chog‘…

28

Ko‘rgil, necha rangu ro‘i zebo bermish,
Chun lola ruhu chu sarv bolo bermish.
Lek ma’lum emas, bizga shu tuproq uyida
Nakqoshi azal namuncha oro bermish?

29

Bu ko‘hna rabotki, anga olam nomdir,
Tin olguvchi ko‘ksida sabohdir, shomdir.
Bir bazmdir ul, ko‘rgani yuz Jamshiddir,
Bir qabrdir ul, ko‘ynida yuz Bahromdir…

30

Bir suv bo‘yida bodayu jono bila men,
Bo‘lsam, bu tarabdin ne uchun kechgaymen?
Bor erdimu bormenu yana bo‘lgaymen,
May ichdimu ichmoqdamenu ichgaymen…

31

Gar bo‘lsa muhayyo menga bug‘doy nonim,
May bo‘lsayu qo‘y go‘shti — o‘shal darmonim.
Yonimda navozish etsa ul jononim,
Aysh menda bo‘lur, senda emas, sultonim.

32

Xayyom, gunohga bo‘yla motam ne kerak?
Chekmak bu alamlar senga har dam ne kerak?
Gar bo‘lmasa hech gunoh, ma’zur nimadir?
Ma’zurki nasib etsa, senga g‘am ne kerak?

33

Ey charx, dilimni bo‘yla g‘amnok etding,
Ko‘ksimni alam tig‘i bila chok etding,
Bag‘rimga shamol ufirsa — otash etding,
Og‘zimga chu suv oldim, uni xok etding.

34

Bilgaymisen, oyo, saharlarda xo‘roz
Faryod etarda senga ne so‘ylar roz?
Ul derki, ayon bo‘ldi sahar ko‘zgusida
Tun o‘tdi umrdin, bexabardirsen boz…

35

Avlodi bashar bo‘yla jigarpora emish,
Shodlik bila g‘am ko‘yida ovora emish.
Sen charxga umid boylama, ul charxi falak
Sendan-da g‘arib ermishu bechora emish.

36

Olam ishiniki men chunon ko‘rgayman,
Olamni o‘shanda roygon ko‘rgaymen.
Subhonolloh, har neki ko‘rsam unda
Chun manglayi sho‘rligim ayon ko‘rgaymen…

37

Ko‘rgilki, zamonda ne shitob, ey soqiy,
Bergil menga bir jomi sharob, ey soqiy.
Ochgil u eshiknikim, sabuhiy kirsin,
May sunki, ko‘rindi oftob, ey soqiy.

38

G‘am behuda chekmagil, mudom shod yasha,
Bedod io‘lida aylama bedod, yasha.
Ko‘rgilki, jahonning oxiri yo‘qlikdir,
Yo‘qliq g‘amini o‘ylama, ozod yasha.

39

Har chandki bihishtda yuz karomat bo‘lgay,
Murg‘u mayu huri sarviqomat bo‘lgay.
Soqiy, menga to‘ldirib mayi gulrang ber,
May bo‘lmasa, boshimda qiyomat bo‘lgay.

40

Mohi ramazon o‘tdiyu shavvol keldi,
G‘am ketdi yiroqqa, bizga bir hol keldi.
Keldi magar ul yelkada may meshi ila,
Po‘sht, po‘sht, – degaylar, yana hammol keldi.

41

May asli nadir — bodaparastlar bilgay,
Qandoq qilib ul bag‘ri qafaslar bilgay?
Rofil kishi g‘aflatda ekan, ma’zurdir,
Bu zavqu surur gashtini mastlar bilgay.

42

May birla o‘tirki, mulki Mahmuddir bu,
Chang rozini tingla, rozi Dovuddir bu.
Ketgan kimu qolgan nimadir, yod etma,
Shod bo‘lki, jahonda senga maqsuddir bu.

43

Ul qasrki, Bahrom quliga jom olmish,
Ohu ko‘payib, tulkilar orom olmish.
Bahromki umr bo‘yi qabr qizmishdi,
Ko‘rgil, mana, ne qabrni Bahrom olmish.

44

Bu dahrki, bir muddat orur manzilimiz,
Bo‘ldi bari g‘am birla balo hosilimiz.
Evohki, hal bo‘lmadi bir mushkulimiz,
Ketdik, vale ming alamda qoldi dilimiz.

45

Desangki, umr asosi mahkam bo‘lgay,
Ko‘ngling bu jahonda necha hurram bo‘lgay.
May kosasini o‘zingdin ayru tutma,
To lazzati jon senga damodam bo‘lgay.

46

Bir jur’ai may u mulki Chindan afzal,
Bir qatra sharob yuz dilu dindan afzal.
Afzal nima bor emish sharobdin, aytgil?
Achchiq mazasi joni shirindan afzal…

47

May ichsang, uni oqilu dono bila ich,
Yo nozli sanam, bir guli ra’no bila ich.
Oz-oz ichu gah-gah ichu pinhona simir,
Ko‘p ichma, ruju aylama, mano bila ich…

48

Shundoq ichayin sharobki, to bo‘yi sharob,
Chiqsin u qabrdanam, esam xoki turob.
Qabrim boshiga yetsa agar maxmure,
Bo‘lsii u sharob bo‘yidin mastu xarob…

49

Paymona kabi bir kuni to‘lsam, ne ajab,
Boshimga ajal yetshpsa, o‘lsam, ve ajab.
May ko‘zasini qo‘shib ko‘mingiz zinhor,
Ul bo‘yi sharob ila tirilsam, ne ajab…

50

Do‘stlar uyushib, ko‘ngilni obod aylang,
Diydor ko‘rishib, bir-biringiz shod aylang.
Soqiy to‘latib ilkiga olganda qadah,
Bir dam meni bechorani ham yod aylang…

Jamol Kamol tarjimalari