Katri Vala (1901-1944)

Katri Vala (Katri Vala; haqiqiy ismi familiyasi Vadenstryom Karin Alise) fin shoirasi va publitsisti. 1901 yil 11 sentyabrda tug‘ilgan. Adabiy faoliyatini yozuvchilarning “Tulenkantayan” (“Mash’aladorlar”) to‘garagida boshlagan. “Olis bog‘” (1924), “Ko‘k qopqa” (1926), “Qaytish” (1934), “Yonayotir jonajon oshyon” (1942) she’riy to‘plamlari nashr etilgan. 30-yillarda fashizmga qarshi ommaviy chiqishlar qilgan ( “Ruh va materiya yoxud yolg‘iz ayolning Changyutgichi” she’ri mashhur). Ikkinchi jahon urushi davrida Shvetsiyada yashagan, 1944 yil 28 mayda vafot etgan. 1945 yilda shoiraning xoki Xelsinkiga ko‘chirilgan.

SAMOLYoTGA

Chin hayotga evrildi ertak.
Samalyot!
Sen odam undirgan bir ulkan gulsan,
sen oppoq dur, kumush gulsafsar;
Sen havorang ko‘lda o‘sasan
hamda quyosh nuri taralgan
zamin uzra qanot yozasan,
juda baland-baland uchasan.
Ildizing uzilib qoladi yerda,
poyangni qoldirib ketasan yerda,
sening go‘zal gulg‘unchang
ochiladi faqat
osmonda!

Fazoda
gulbarglaring orasidan
erga qarayman.
Eh, naqadar baxtiyorman.
Naqadar yaqin osmon,
odam ko‘kda undirgan gulga
Xudoning nigohi tushadi.
Bu mo‘jiza, yangi kashfiyot;
noma’lum diyorlarni
kashf etmoqqa oshiqib,
elayotgan kema yanglig‘
olislarga intilasan,
serjilo gulg‘uncha.
Kashf etishning sevinchli va
ehtirosli orzusi
o‘rtaydi dilimizni.
Qayerdasan, hali oyoq yetmagan
g‘aroyib ma’vo?
Yangi kengliklar bor taqdirimizda.

BAXT

Tushlaringning yonida uyg‘ondim,
qo‘llarimni cho‘zdim nafaslaringga.
Tunda sahroda qolgan yo‘lovchi
yonayotgan gulxanga
qo‘llarini tutib,
huzur bilan
isitmaydimi
shunday?

QISMAT

Tongda mendan so‘radi do‘stim:
“Nima uchun uyqungda kulding?
Kulging shunday qayg‘uli edi…
Darding shunday kuchlimi hamon?”

Men unga javob berdim:
“Kecha qaytib kelgan edim,
ertaga esa – ketaman.
Tushlar bilan mening ishim yo‘q”.

“Kulding-ku, axir?”
“Bir ho‘kizni ko‘rdim tushimda.
Egatlarga ekar edi
nafis atirgul…
Mana nimaga kuldim.
Yuragimga sanchildi
shu gul tikani –
men kuldim”.

TUNGI OSMON

Osmonning zangori dalasi
bo‘ron bilan qilingan shudgor,
yulduzlarning kumush doni ekilgan –
olmosdek bebaho donlar yulduzlar…

Kim o‘roqchi bo‘lar?
Oy o‘rog‘i bilan
g‘alla o‘rar kim?

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi