Rasul Yunon (1969)

Rasul Yunon (رسول یونان) – shoir, yozuvchi, tarjimon. 1969 yili Eronning Urmiya ko‘li yaqinida tug‘ilgan. Ozarbayjon va fors tillarida ijod qiladi.

* * *

Men xanda otmasman
bugundan boshlab,
Ortiq so‘zlamasman
Baland ovozda.
Hatto tinglamasman
shamolning,
daryoning,
qushning
Va Pavarotti ovozin.
Oyog‘im uchida yuraman
va yashay boshlayman
shovqin ko‘tarmay.
Sen menda
uyquga ketgansan…

* * *

Sen hammadan ko‘proq
oyni sevasan,
U seni yodimga
solar har oqshom.
Unutmoq istayman.
Ammo bu oyni
artib bo‘lmas hech bir
dastro‘mol bilan
derazalardan.

* * *

O‘tmagil tushlarim yo‘lagidan ham
va yana yodimga solma o‘zingni.
O‘tmishda qolgansan:
orqa ko‘chada
otamdan berkinib chekkan tamaki
lazzati kabi.
Vaqt orqaga qaytmas.
Agar qaytsa ham
na u shahar bordir,
na ko‘cha…
otam…

* * *

Umid – yaxshi narsa
so‘nggi chaqa kabi,
so‘nggi chipta kabi,
so‘nggi o‘q kabi,
so‘nggi kema kabi.
G‘ururingning sinishiga
yo‘l qo‘ymaydi
oxirgi chaqa.
Qo‘nalg‘adan qaytsang,
so‘nggi chipta qo‘ymas umidsiz.
Askarning asir tushishiga
imkon qoldirmaydi so‘nggi o‘q.
Umidvor faqat kambag‘al emas…
Hamisha bir narsa yodimdan chiqar –
bu gal ham unutdim
so‘nggi kema haqda aytishni.
So‘nggi kema
o‘zi kelmasa ham
unutishga qo‘ymas dengizning nomin.

* * *

Yuzing suzayotir qarshimda,
yotog‘ing,
stoling,
telefoning ham.
Gazetlar, kitoblar, gitara
hamda
suzib yurar uyning barcha ashyosi.

Ko‘zyoshi ortida
shunday ko‘rinmoqda
“O‘tmish”.

* * *

Men yaxshi ko‘raman
bepoyon yo‘llarni,
Men yaxshi ko‘raman
muhtasham bog‘larni,
Men yaxshi ko‘raman
toshqin daryolarni va filmlarni –
ularda mahbuslar qiladi udda
qamoqxonalardan qochib ketishni.
Ozodlik istaydi yuragim –
quyoshni simirmoq,
tuproqni o‘pmoq.
Silamoq istayman shaffof suvlarni.
Ichimda mahbus bor keksa va homush:
qo‘lidagi zarrabin bilan
o‘rganadi qochish xaritasin u.

* * *

Men bu yerni tark etib ketgum
Va farqi yo‘q, bilsang, aslida,
qo‘limda fonusning bor yo yo‘qligi.

Bilsang, qochayotgan bir odam
yo‘qolib qolishdan aslo qo‘rqmagay.

* * *

Naqadar go‘zaldir olis manzillar.
Praga,
Istanbul,
Shanxay,
Amsterdam.
Sen – olis manzillar singari go‘zal!
Aslo yaqin kelma menga, sevgilim.

* * *

Men uchun yozgan ilk dasturxoningda
boy berib ulgurdim
hamma narsani.
Senga ko‘ngil bermasman endi…
Eshitib bo‘lganim hikoya kabi
va bir she’r misoli – men tugallagan –
unutgum seni.
Qo‘shiqqa aylansang,
tilimni yutgum,
O‘limga tayyorman agar non bo‘lsang.
Va bundan tashqari,
Va bundan tashqari
umid qilaman,
hargiz o‘qimaysan ushbu she’rni sen.

Fors tilidan Bashorat Otajonova tarjimasi