Mustafo Rahmondo‘st (1950)

Mustafo Rahmondo‘st (مصطفی رحماندوست) – eronlik shoir. 1950 yil 22 iyunda Hamadonda tug‘ilgan.

KIChIK ELChI

Daraxtlarning ko‘k barglari
Qizardi, sarg‘aydi.
Ko‘m-ko‘k pechak holsizlanib
To‘xtaydi, qaltiraydi.

Bog‘ning xursand lablarida
Xursandlik so‘ndi birdan.
To‘ldi qo‘shiq to‘la bog‘lar
Qarg‘alar qag‘i bilan.

Daryolarda suv quridi,
To‘xtab qoldi jilg‘alar.
O‘ynab yurgan kapalaklar
Elda xomush sirg‘alar.

Xabar sochar titrab-titrab
Kichik elchi har yoqqa:
“Zimiston qish mavsumi ham
Tog‘lar osha kelmoqda”.

BAHOR QO‘ShIG‘I

Kecha sovuq,
Bugun iliq –
Qish ketmoqda azmkor.
Toqqa,
Cho‘lga,
Boqqa,
Ko‘lga
Kelmoqda yashnab bahor.

Har bir giyoh
Ochdi labin,
Ko‘rk ulashib borliqqa.
Til-zabonsiz,
Lab-dahansiz
Shukur aytdi Xoliqqa.
Huv-huvlatib,
G‘uv-g‘uvlatib
Elni uchirdi bahor,
Bu sadoni
Eshitganda
Tog‘da erib ketdi qor.

Tog‘ning suvi
Jilg‘a bo‘lib
Shildir-shildir kuyladi.
Hamma yoqda
Elning, suvning
Yangrab ketdi kuylari.
Bulbulchalar
Nag‘ma chalar
El kuyiga hamohang,
Shodliklari
Ichga sig‘may
Chah-chahlaydi serjarang.

Bahor yeli
Xush bo‘yini
Shovvalarday tarardi.
Bahor kuyi
Bir ovozday
Ko‘kka o‘rlab borardi.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi