Doktor Muhammadrizo Shafe’iy Kadkaniy (forscha: محمدرضا شفیعی کدکنی) hijriy-shamsiy 1318 yili, milodiy hisob bilan 1939 yilning 12 oktyabr kuni Nishopurning Kadkan qishlog‘ida tug‘ilgan.
Shafe’iy Kadkaniy davrimizning yangi she’r va tamsiliy she’riyatning mashhur namoyandalaridan biridir. Uning an’anaviy va yangi klassik shakldagi g‘azallardan iborat dastlabki she’riy to‘plami «Zamzamaho» (1965)dan keyin, deyarli bu qolip (g‘azal)dan uzoqlashib, Nimo she’riyatiga yuzlandi.
Yangi yo‘nalishdagi she’rlaridan tashkil topgan dastlabki «Shabxoniy» she’riy majmuasida ham bayon uslubi va shakl jihatidan, ham fikriy qarashlarni ifodalash jihatidan Axavoni Solis she’riyati va uslubiga taqlid qilish va undan ta’sirlanish namoyondir. U keyinchalik Axavonning dabdabali, rivoyat ohangiga, tarixga moyil, arxaik bayonlardan uzoqlashib, sokin, ramziy, jonli, tavsiflovchi, ya’ni xurosoniy muloyim shakllarga yuzlanib, fikriy jihatdan ham o‘z she’rini Eronning eng qadim madaniyatini, jamiyatdagi qarashlarni ifodalashga qaratdi. «Dar ko‘chabog‘hoi Nishobur» (1971) she’riy majmuasi Shafe’iy she’riyatining avj nuqtalarini ko‘rsatuvchi va o‘sha davrning «she’ri muqovamat» (qarshilik she’ri) uslubida yozilgan eng yorqin namunasi bo‘ldi. Ushbu majmuada shoir eroncha lirik tafakkur, sodda til va ramziy bayon bilan omexta holda pok va serharakat tabiati bilan jamiyatga teran nazar tashlash, yangi bir mo‘tadil estetik qarashga ega bo‘lishga intilib, uning she’riyatining kamolotga yetganini namoyish eta oldi. Shafe’iy sal oldinroq, ya’ni 1968 yili «Az zaboni barg» va keyinchalik 1977 — 78 yillarda «Misli daraxt dar shabi boron», «Az budan va surudan» va «Bo‘i jo‘i Mo‘liyon» nomli to‘plamlarni nashr ettiradiki, hech biri ahamiyat jihatidan «Dar ko‘chabog‘hoi Nishobur» o‘rnini bosa olmaydi.
Hijriy-shamsiy 1352 yili Shafe’iy Kadkaniy tadqiqot ishlari bilan Angliyaning Oksford universitetiga boradi va u yerda «Shohnoma»dan dars bera boshlaydi. Keyinchalik Prinston universiteti taklifi bilan Amerikaga boradi. Ushbu universitetda u yetuk shoir Xoqoniyning tafakkur va ash’ori borasida talabalarga dars beradi. Ushbu yillarda fors klassik adabiyotining irfoniy matnlari bo‘lgan «Islomiy ramzlar» va Shayx Attorning «Muxtornoma»sini hamda Mavlaviyning tanlangan g‘azallarini nashrga tayyorladi. Keyinchalik «Musiqii she’r», «Advori she’ri forsi», «Az mashrutiyat to suquti saltanat» va «She’ri muosiri arab» nomli kitoblarni chop ettirdi.
O‘QI, YaNA O‘QI
Tun sahrosida qizil gul nomiga o‘qi,
Hamma bog‘lar uyg‘onib, nurga to‘lsinlar.
O‘qi, yana o‘qi, zora oq kabutarlar,
Qonli makonlariga qaytib kelsinlar.
Jimlik toqida qizil gul nomiga o‘qi,
Mavj-avjining jarangi dashtlardan o‘tsin .
Yomg‘irning sof xabari,
Kechning ko‘m-ko‘k tomidan,
Shamolning yo‘li uni, har yoqqa olib ketsin.
Yog‘ochlarning quruqidan nega, axir, qo‘rqasan?
Axir, yuzlab marta bog‘ladilar,
Suvga tenglabmas,
Tenglatib nurga,
Hamda ovozga
Va faryodga tengladilar.
Bu badbaxtlik zamonida shoirlarga,
Barg taqdiri bitigini amr etdilar.
Chunki, qomat sho‘xligi-yu, oy va lola xaqida
Qo‘shiqlar bisyor.
Uyqudan-da ko‘proq,
Suvdan zilolroq.
Sen xomush bo‘lsang, unda kim kuylaydi?
Sen ketmoqchisan, unda kim qoladi?
Bargsiz niholchamizga kim kuylar alyor?
Bu tepalikdan uzoqqa
Anov tomonga qara,
Bahor kelgan,
Tikonli simdan o‘tib.
Binafsha gugurti shu’lasining yonishi go‘zal.
Mingta oina o‘tmoqda,
Mingta oina
Qalbing xonasida zavq bilan qilar larza.
Hushyorlardan xoli erur yer.
Faqat, o‘sha ketmay qolgan sensan —
O‘qiysan oshiqlarcha, navoni yana.
O‘qi, qizil gul nomiga, oshiqlar kabi,
Ishq hadisin bayon et, bilgan tilingda.
JAVOB
Bilasanmi, nega tug‘yondek
o‘zimdan qochib, o‘zimga beraman azob?
Chunki, bu qorong‘u pardada,
bu juda yaqin jimlikda,
istaganimni ko‘rolmayman,
ko‘rganlarimni istamayman!…
***
Sizdan oldin,
Sizga o‘xshab,
Adadsiz shaxslar,
O‘rgimchak to‘ri bilan shamol yuziga
Shu so‘zlarni yozganlar:
— Bu muborak davlat, abadiy qolsin!
***
Yomg‘ir safarnomasining oxirgi bargi,
Shudir:
Er yuzi juda ham kir!
Forschadan Shahzod Kenjayev tarjimasi