Irji Volker (1900-1924)

Irji Volker (Jiří Wolker; 29 mart 1900, Prosnits (hozirgi Prosteyov, Chexiya) — 3 yanvarya 1924, Prosnits) — chex shoiri.

BIR ZARB BILAN YIQILMAYDI BU EMAN

Ko‘zdan berkitdi bu qari eman,
do‘stlar, ko‘kdagi go‘zalliklaru
tonglarni manfur shoxlari bilan:
ko‘m-ko‘k bog‘imiz bo‘ldi qorong‘u.

Zindondagidek qorong‘u bu yer —
hech nur tushmas bir zulmatli olam;
Har gulu chechak tongni ko‘rsam der,
ammo ko‘rolmas birortasi ham.

Bas! Bu emanni endi yiqamiz!
Oyboltalar bor axir har qo‘lda!
Mardlik pichog‘in qayrab chiqamiz —
fahshu yovuzlik chekilar yo‘ldan!

Bu po‘lat tig‘ni qonimiz bilan
Charxlamadi-ku bekorga axir,
do‘stlar, ishoning, yiqilar eman —
tinmay zarbalar bersak birma-bir!

Birgina zarb bu sershox, serviqor
emanga ta’sir qilmas hech mahal,
biz unga zarba beramiz ming bor!
Bunday yashashdan o‘lgan ham afzal —

soyada pisib yashashdan ko‘ra,
qorong‘uda musht qilib qo‘llarni!
Kim jasur bo‘lsa, u olg‘a borar,
tolega tutash qilar yo‘llarni!

Soyada qolsak, quvrab, so‘lamiz!
Olg‘a bosamiz! G‘olib bo‘lamiz!
Yuz ming bor zarba beramiz, chirkin —
quvroq bu eman tagdan yiqilsin!

Yaxshi kishilar quvonchi uchun
Siz bu daraxtni yerga yiqamiz,
so‘ng arg‘uvonlar soyasida tin —
olgancha quyosh sari boqamiz!

AKAS DARAXTI

Qahraton qish, qorlar qa’rida
akas bargi hamon barqaror,
qor uradi mening ortimdan,
ko‘chalar jim, mahzun, g‘ussakor.

Odamlar ham oppoq zulmatga
kirib, g‘oyib bo‘lmoqda bir-bir,
benavo barg, kim ko‘rar seni,
qor ostida yotibsan, axir.

Yo‘q, sen tomon hech kimsa, hech kas
bir nazar ham tashlamas, biroq,
Termulaman senga doim men —
tuman ichra yolg‘iz shamchiroq.

XOTIMA

Yopurman men seni, daftarim,
to‘lgan yurak kabi to‘lding sen —
pinhon tutib sevinch, kadarim,
o‘z-o‘zingcha so‘zlar bo‘lding sen.

Hayajonim, dil g‘alayonim
har sahfangga etildi raqam,
shavqimni ham, qayg‘umni ham jim
turganingcha tinglading har dam.

Endi chekil! Bari bir bir kun,
horib, belim bukchayib, kerib,
g‘amdan kulib, shodlikdan mahzun
tortib, qaytib kelgum ona sen sari.

QUShLAR UChIB KETDI

Qushlar uchib ketdi, ko‘r,
janubga uchib ketdi.
Cheksiz ko‘kka qaraymiz,
etimlik boshga yetdi.

Ular uchar yuksakda,
etolmaymiz quvsak ham —
ko‘zu qo‘llarimizni
toliqtirgan mehnat, g‘am.

Qushlar ketdi janubga…
Shunday kelar ayriliq,
yuraklar esa mahzun
kulgu, sukutga to‘liq.

TUTQUN

Yaromir Berakga

To‘rt devorli xochga band etilgan kun.
o‘rtanar, bag‘riga sanchilmish tamba.
Suv bilan qon tomar
jarohatidan,
suv bilan qon tomar,
etti kunki, osmondan.
Bu — zindon.
Bundadir minglab nochorlar,
bundadir o‘nlab bo‘ysunmaganlar va
mening do‘stim: yoshi naq yigirmada —
shuning-chun tushmish u dunyodan ayro.

Bir mahbuslik xona.
Jim bu yer.
Aldoqlidir bu yer.
Biqiqdir bu yer.

Lazaretdagi yarador askarlardek
uylar oqsoqlanib kezar yurakda.
Lazaret — mo‘jaz, yorug shifoxona,
qo‘li singan ona esa — mening yangi ochilgan yaram.
Onalar ishonadi — bordir Shafqatli Ruhlar,
azobkor og‘riq ham bor, sherik bo‘lsalar agar.
Quyosh,
zarb ur oynaga nurlaring bilan!
Bu tutqun — zaminga ekilgan bir don.

DALIBOR HAQIDA QO‘ShIQ

Bir zamonlar botir Dalibor
Bu dunyoda    umr qurgandi,
U eryigit faqat o‘zining
ko‘nglidagi gapga yurgandi.

Qirol cherik tortibdi, botir
eryigitni mahv etmok uchun;
Uni asir olib, minora
zindoniga etibdi tutqun.

Berk eshikni ochmasa ham gar,
yaxshi yigit ekan zindonbon:
non, suv bilan birga bandiga
bir g‘ijjak ham beribdi pinhon.

Jo‘shqin qalbi ustiga qo‘yib,
sayratibdi bandi chalg‘uni,
fazolarda qushday uchmoqqa
o‘rgatibdi tutqun qalbini.

Zindonminor ostida bir xalq
yashar ekan haqiru faqir,
eshitarkan g‘ijjak navosin,
dillariga kirmish shodon nur…

Og‘ziga suv tomizmay hech kas,
Dalibor ham o‘lmish bir kuni.
O‘lim oldi zindondan qushday
uchirmish u o‘z yuragiga.

U yulduzlar olami ichra
samolarda parvoz etarmish,
mayxonada qo‘noqlarga bir
nag‘ma bo‘lib qo‘shiq aytarmish.

Qo‘noq bergan bir miri uchun
unga noxush-xush daqiqada
doim kuylab berarmish o‘zin
ozodligi, erki haqida.

QABRTOShDAGI YoZUV

Bunda Irji Volker ko‘milgan — jahonsevar bir shoir.
Haq yo‘lida u tashna bo‘ldi,
ammo qalbni yalang‘ochlab u, jangga kirgunga dovur,
yigirma to‘rt yoshida o‘ldi.

Tohir Qahhor tarjimalari