Shamsur Rahmon (1929-2006)

Shamsur Rahmon (শামসুর রাহমান) – Bangladesh shoiri, sharhlovchi va jurnalist. U XX asr o‘rtalarida 60 dan ortiq she’riy kitoblar nashr ettiradi va Bangladesh adabiyotining yetuk vakillari qatoriga kiradi. Shoir she’riyatida asosan insonparvarlik, insoniy munosabatlar, ozodlik kabi mavzular kuylanadi. Uning ilk she’riy kitobi “Ikkinchi o‘limdan avvalgi qo‘shiq” nomi ostida 1960 yili chop etiladi.

OZODLIKKA QASIDA

Ozodlik,
Sen, ul Tagorning
Bitmas, boqiy she’rida tirik.

Ozodlik,
Sen, Qozi Nazrulning
Quvonchi-la yaralgan bitik.

Ozodlik,
Shahid Minorda
Yaraqlagan nursan, Til bayrami chog‘.

Ozodlik,
Jo‘shqin, tiniq shiorda.
Elkaga tashlangan, sen, o‘shal bayroq.

Ozodlik,
Dehqonning bepoyon yeri,
Yonoqdagi shu’lalangan iz.

Ozodlik,
Qishloqning soddadil qizi
Kuppa-kunduz kuni cho‘milgan hovuz.

Ozodlik,
Quyoshda toblangan qo‘llar,
Quyoshda tovlangan bilak.

Ozodlik,
Kimsasiz, bo‘sh chegarada
Nigohlardan otilgan tilak.

Ozodlik,
Banyanning* ko‘lankasida
Olim tuqqan otashin irod.

Ozodlik,
Ko‘cha-ko‘y, bozormaydonda
Suronlarga singgan muloqot.

Ozodlik,
Qizg‘ish, qonli ufqlardan
Kal-boyshakhining* o‘tli na’rasi.

Ozodlik,
Srabon* oyi mavjlangan
Sohillar, sohilda Mehna yuragi.

Ozodlik,
Otamning poy-bo‘yi tekkan
Tabarruk, baxmaldayin sajdagoh.

Ozodlik,
Onamning etagi o‘pgan
Saridan ufurgan, senmasmi, tuproq?!

Ozodlik,
Singlimning mayin kaftida
Xinodan qizargan qirmizi oftob.

Ozodlik,
Chaqnagan yulduz aksida
Do‘stim tutgan yorqin mayog‘u xitob.

Ozodlik,
Yorimning maqtov, alqovi,
Asovlik – o‘ynoqi shamollar misol.

Ozodlik,
Bolakayning rangin libosi,
Qizning nigohida aks etgan hilol.

Ozodlik,
Gulzorni vatan tutgan ul
Koyelqushining sasi, sayrog‘i.

Ozodlik,
Mening she’riy kitobim,
She’riyatga ko‘chgan ko‘ngil titrog‘i.

MAKTUB

Haftalardan oldin, shugina xolos,
O‘shanda bu maktub yonida edi.
Badxat-la bitilgan, kir-chir, yana dog‘,
Cho‘ntagida g‘ijim holida edi.

Qayoqqa bormasin hamroh edi u,
Xatolarga to‘la, ma’no tumtaroq.
Cho‘ntagi unga panoh bo‘ldi-yu,
Makon topolmadi qalbdan yaqinroq.

Qishloq gullarining bo‘yi kelardi,
Devorgul, butaning shitir-shitiri.
Undan hovuzlarning o‘yi kelardi,
Qirg‘oq suvlarining jimir-jimiri.

Singlisidan edi bu maktub-xabar,
Ko‘ngliga g‘alayon solardi ahyon.
Ishning tayini yo‘q, yetim, dardisar
Yigitning qalbini o‘rtardi yomon.

U ziyon-zahmatning tashida edi,
Ammo chigalliklar bilan andarmon.
Norizolar namoyishida uni
Hech zog‘ ko‘rmagandi, na kunduz, na shom.

U ochlik va chuqur xo‘rsiniq ila
Faqat ish izlardi, yo‘q edi tinim.
Bu ne hol? Daf’atan choshgoh paytida
Daydi o‘q parchalab tashladi tanin.

Yigitda yo‘q edi hattoki imkon,
Qayoqdan otildi, anglolmay qoldi.
Terrorchi otdimi va yoki posbon,
Yurakka o‘q emas, dahshatlar soldi.

Ko‘ylagining chap cho‘ntagida
Qon shimilgan o‘sha maktubning
Bir parchasi tushdi qo‘liga…
Anglagani shu bo‘ldi uning.

__________
* Banyan – manzarali daraxt, “Hindistonning milliy daraxti” deb ham ataladi.
* Kal-boyshakhi – momaqaldiroq mahalliy tilda shu nom bilan mashhur.
* Srabon – yomg‘ir mavsumi, shiravon, shirabon deb ham yuritiladi. Iyul-sentyabr oylariga to‘g‘ri keladi.

Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi