Sayyid Shamsul Haq (1935-2016)

Sayyid Shamsul Haq (সৈয়দ শামসুল হক) – taniqli adabiyotshunos. U nazm, nasr va dramaturgiyada ham birday ijod qiladi. Shoir asarlari Bangladesh maktab va kollej darsliklariga kiritilgan. U adabiyotda madaniy, tarixiy hodisalarni ko‘proq aks ettiradi. Shuningdek, Shekspirning “Makbet” asarini bengal tiliga tarjima qilgan.

O‘ZLIK

Bengal diyorida dunyoga keldim,
Bengal lisonida chiqdi savodim.
Ming yillar yo‘l yurdim, egri-bugri yo‘l.
Unut bo‘lib ketdi oyoq izlari,
Pokiza qalblarga tashlagandim qo‘r.
Daryolar so‘roqlar: “Qayerdan kelding?”

Keldim Chharyapada* alifbosidan,
Savdogar qayiqlari eltdi bu yerga.
Men Koiborto qishlog‘idanman,
Men o‘sha Palaning* chizmalarida.

Keldim Paharpurdan, Buddaxonadan,
Jo‘ra* ibodatxonasidan keldim.
Barendraning Sona masjidi– Vatan,
Bengal teatr tomoshasidan keldim.

Jangchi Baro Bhuiyastomondan keldim,
Kamala Dighi, Mohuadan* yaralganman men.
Titumir, Hoji Shariat*, insondan keldim,
“Gitanjali”*, “Agni Vina”* – mening kechmishim.

Hudiram va Surya Sen* mening nasabim,
Jaynulu Aban Thakur* avlodidanman.
Shayx Mujibur Rahmondir* naslim,
Til-chun qon kechganlar zamonidanman.

“Yashasin, Bangladesh!” shiori – o‘zim,
Ozodlik jangidan chiqdim men omon.
Minglab qadamlarni qoldirib qaytdim.
“Yo‘ldan ne keltirding?” so‘raysan hamon.

Bilmaysan, bengal o‘tmishi nedir.
“Inson – haqiqat, o‘zgasi hechdir”.
Biz birgamiz, yashaymizbirga.
Barham berajakmiz ul so‘qirlikka.

O‘zligim shudir mening, bengal odami,
Qilichlarga qalqon shonli tarixim.
Bengalning g‘animi mening dushmanim,
Orzularga to‘la kelajak kunim.

Sirtmoqlarga qo‘ygum bu boshni
Tabassum-la nay chalgancha jim.
O‘zgasi sindirmas toqatni, jomni,
Dalil o‘zi udir, isbot – o‘tmishim.

Mening otam Shayx Mujiburmidi?
Tarixni unutsam – qanday o‘g‘ilman?
Ko‘zda osmon, qalbda ishonch, tuproq qadamim,
Men – uning sayyohi, men o‘zi yo‘lman.

__________
* Chharyapada – buddizmdagi samoviy she’rlar to‘plami. U VII–XII asrlar mobaynida eski bengal, oriy va boshqa tillarda yozilgan.
* Pala qirolligi – hozirgi Sharqiy Hindiston va Bangladesh hududlarida VII–XII asrlarda hukmronlik qilgan saltanat.
* Jo‘ra Bengal ibodatxonasi Bangladeshning Madaripur shahrida joylashgan bo‘lib, XVII asrda roja Ram Roy tomonidan qurilgan.
* Kamala Dighi, Mohua – Sharqiy Bengaliyaning folklor balladalari.
* Titumir, Hoji Shariat – XIX asrda Britaniya mustamlakachilarga qarshi kurashgan bengal jangchilari.
* “Gitanjali” – Rabindranat Tagorning 1912 yilda ingliz tilida chop etilgan she’riy to‘plami.
* “Agni Vina” – Qozi Nazrul Islomning 1922 yilda e’lon qilingan ingliz tilidagi ilk she’riy to‘plami.
* Hudiram, Surya Sen – Hindiston mustaqilligi uchun kurashgan qahramonlar.
* Jaynul, Aban Thakur – Bangladesh san’atini dunyoga tanitgan rassomlar.
* Shayx Mujibur Rahmon – bengal xalq qahramoni, Bangladeshning 1971 yilda Pokiston mustamlakasidan ozod bo‘lishida rahnamolik qilgan.

Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi