Albrext Rodenbax (1856-1880)

Albrext Rodenbax (Albrecht Rodenbach, 27 oktyabr 1856, Ruselare, Belgiya — 23 iyun 1880, Ruselare, Belgiya) — flamand shoiri, yozuvchi, flamand adabiyotini tiriltirish harakati asoschisi. Niderland tilida ijod qilgan. Diniy seminariyada o‘qiyotgan kezlari o‘sha yerda dars bergan Gvido Gezellening ta’siri kuchli bo‘lgan. 70-yillar so‘ngida Albrext Rodenbax “Ritsarlik bayrog‘i” adabiy jurnaliga asos solgan. “Ilk she’rlar” to‘plami 1878 yilda, muallif yuridik fakultetda o‘qiyotganda nashr qilingan. Qisqa umr ko‘rsa-da, shoir o‘zidan katta she’riy meros qoldirdi.

ORZU

Oq bulutlar suzadi
ko‘m-ko‘k yuksakda,
Bola hayron boqadi,
orzu yurakda.
Parvoz chog‘i o‘zgarib,
orzu bag‘riga kirib,
suzar bulutlar go‘yo
misoli ro‘yo,
olis-olisga.
Suzar oppoq yelkanlar,
tantanavor, soflikda.
Bola hayron boqadi,
orzu yurakda.
Suzar chog‘i o‘zgarib,
orzu bag‘riga kirib,
uchadi kemachalar,
etmay shamolga kuchi,
olis-olisga.
Uzoqda sarob suzar,
suzar shafaqda.
Bola hayron boqadi,
orzu yurakda.
Quvib yetadi yelib,
Orzu orzuni kulib,
Tun bag‘rida qolmoq-chun,
Elganda yo‘qolmoq-chun,
Olis-olisda.

OQQUSh

Salqin; birinchi yulduz
kengliklarda yiltirar;
Osmon ko‘zgusi ma’yus
bokira ko‘lga qarar.
Tun va oyning bag‘rida
shu’la yog‘ilgan mayin,
chiroyli oqqush ko‘lda
yotar uxlagandayin.
Suvning ma’sum betini
qanoti-la o‘ynaydi,
olisga ketolmaydi,
shoir kabi o‘ylaydi.
Uning muhabbatiga
ma’yus ko‘l berar javob,
shaffof, xayoliy aksin
ko‘rsatar shu tob.
Oqqush ko‘lga oshiqdir,
baxtdan bo‘lib mast,
lekin hech qachon ma’sum
suvin kir qilmas.
(Men ham shunday yozaman,
oqshom bitgan chog‘,
sening ma’sum ovozing
qalbim yutgan chog‘).

Rus tilidan Komila Nosirova tarjimasi