Patrik Uayt (1912-1990)

Patrik Viktor Martindeyl Uayt (Patrick Victor Martindale White) – avstraliyalik shoir, nosir, dramaturg. Nobel mukofoti laureati (1973). Uning “Baxtli vodiy”, “Tiriklar va o‘liklar”, “Xolamning sarguzashti”, “Soxta dafn”, “Inson shajarasi” kabi roman va pesalar muallifi.

MING YILLARDAN BUYoN

Ming yillardan buyon o‘sha manzara,
G‘oyib bo‘lganim oyna qarshida,
Birinchi qaynoq nafas,
Oynadagi hovurning aksi.
Qo‘lin yuvdi mendan suvning yorig‘i kabi,
Axir, so‘ragandim-ku allaqachonlar.

Shafaqning g‘amgin aksini
So‘zlarga mo‘miyo qilmoq istamam,
Qo‘ng‘iroqlar eltgan hazin sadoni
Titratmoqlik og‘ir naqadar
Qaniydi kompasu xaritalarda
Hayot qayiqlarin nusxasi bo‘lsa..
Tutib olsamiydi kabutarlarni – qanotlari yo‘q,
Erdan xabar bilan qaytayotgan bul
DNK muzeyi tomon, har ikkisin,
Lip etib tutsam, to‘lqinlar ko‘pigi yanglig‘…

Qabr bo‘lmay nima, magarki vaqt yetmasa
ko‘mib yuborishga vahmali sirin?
Va goho, bo‘shlig‘u sukunat kemirar vujud,
Tartibga solaman o‘zimni o‘zim,
daxshatli darvozada turgan pasport misol
O‘z uyimdan o‘zim begona, surgun,
Siniq bo‘sag‘a.
Yo‘q, men uy na? Mamlakatga sig‘mam,
Cheksizlikka chegaradosh qit’aman,
Qaytaman, istalgan joy menga vatandir.
Yolg‘iz, yakka va yana… bilmam.
Biroq, buning bari xomxayol.

Ki, ajdarning nimta qilinishin,
Shamshir o‘yiniga yo‘ygumdir faqat.
Yomg‘irning dengizga qayta qaytishi
Dengizga ortiqcha miqdor degan gap.
Ha, bari yo‘lovchi – manzilsiz, yo‘lsiz,
Kamonboz nishonga otganday o‘qsiz.

Inson tabiatin tushunmoq, bilmoq,
Sarkashlikning yuksak nishoni.
Achchiq ko‘z yosh qotgan ko‘zlarga boqmoq,
Yulduzdek bir yonib-o‘chmoq – najotsiz
Va yo‘qlik-la lahzalik yog‘du taloshi.
biroq, kim, nima – bari so‘roq, javoblar so‘roq,
Hovuzda yulduzlar suzar qanotsiz…

Adolatga muhabbat, muhabbatga adolat emas,
Ajdarlarning yo‘qlikka yuz tutganiday.
Yurak sovuq tuyg‘ularga ko‘rk, yurak aslo bong-soat emas,
Uzun, eski paltoga qo‘ngan kuyaday.
Inqiloblar uchun jondan kechganday,
Yulduz va zulmatdan inson zavq olar
O‘lim-la qo‘shilib ketguncha nafas,
Jimgina
Yulduz va zulmatdan inson zavq olar.
Changday yo‘q bo‘lib ketgunicha to,
Yulduzga aylanib ketgunicha to,
Derazadan mo‘ralagancha
Yulduz va zulmatdan inson zavq olar.
Ko‘zlardan pardani uloqtirgan chog‘,
Bari ayon bo‘lur
Qanday yashadi-yu, qandayin o‘lish.
Bilmoq uchun bularning barin u
Azob va iltijo oralig‘ida. Nega?

Ajab, bir kecha, ko‘kda o‘lim sharpasi kezmas,
Elkada oy suzar kalendar bo‘lib.
Boshingiz ustida bari namoyon,
qarg‘alar, varraklar, kalitlar,
qarag‘ay konusi archa ustida,
jumbog‘i o‘zi-la, yalang‘och emas,
borlik va yo‘qlikning bori jumbog‘i.
Ajab. Bir kun tongda, tush uyg‘otmadi,
Ong oqimi suzmas oltin bosh tomon.
Judayam boshqacha, Oyning mazasiyu
Nurning tovlanishidan og‘zingizda
Oldingidek sezilmas ta’m.

Nahotki lahza manguga ko‘chmas?
Yulduzlar porlashi-chun ko‘kda doimo
Xuddi abadiy samo kabi. Nimalar deyin?
Donishmandlik – borliqni bilish,
Go‘yo ular sizning yuzingiz, qiyofangiz-u
Siz esa uning ko‘zlari bo‘lgansiz xolos.
Qarshingizda barchasi g‘oyib, qoldingiz Siz o‘zingiz bilan.

Tug‘ildig-u – nafas, o‘ldig-u – nafas,
Avvalidan avval, so‘nggidan keyin. Zarb va tanaffus orasi,
Parilar quchog‘ida yotibdi chashma,
Alvastilar qaynatar qora qozonin.
Derazaga yopishib turgandek kuya,
Sayyoralar titroqda titramoqda.
Oy tutiladi, boshim tutaman,
O‘limim saqlaydi meni boshidan….
Qariya yuragida bog‘lar yo‘qmikin?
Go‘dak nigohida qabr surati?

ChEKSIZ SAMODAGI KIChKINA XAYoL

Cheksiz samodagi kichkina xayol,
Ish stolimdagi sob bo‘lgan cheksizliklar
Ikariya ishqi so‘nibdir.
Sukunat yurtida sinar ovozim,
Ko‘zlarimning qora tomonidaman.
Bu yerda hech bir zog‘ bo‘lmagan bizdan.
Na eshik, na devor va na deraza,
Takror cho‘kdim bevatanlik ostonasida.
Yulduzlarda ko‘zim, lek yomg‘ir ta’mi.
Eslay olmaganim – ko‘lkalar-la so‘zlashaman. Balki bu
yolg‘on o‘rtaligu, rostlik namoyishi.
O‘zimda ne kechar hatto bilmasman
bilurman ne kechdi erkimning istaklarida.
Yaltiroq parashyut misol soyamni kiygum
Qirg‘oqdan chekinmaslik chog‘ida.
Cho‘qqi bilan suhbatlashayotgandek sezganingda,
Fikrlaringni qoqiguldek havoda chizganingda
go‘yo kimdir uloqtirar oyni oynadan.
ko‘kdek pinhon tun qushlari so‘qirlik yurtiga uchar
ucharlar
Cheksiz osmon quchog‘ida hech zot so‘ramaydi oti-zotingni,
Tug‘ilganingga guvohlik so‘rasalar ko‘rsat olovni.
Xohishlaring xohishing. Bari tutunga
bitilmish
kelmog‘ingdan avval. Bunda menga aytilmish so‘zlar
quyoshli yillarning omonatidek fonus qafasidan
to‘kilmish.
Kim bilar quyosh qay tomon ketadi yo qulab bitadi?
Zulmatni yoritmoq uchun ko‘z tutmang
Ma’rifat-chun o‘gay qamar tutilishiga.
Bilmadim, zarrin nur, yaltiroq qo‘ng‘iz, gugurtquti
yoki sezdirmasdan kelib butun olamni
tutguvchi bir chaqin bo‘lsam netardim.

Yulib tashlayversang porloq gullarni farqlamay
Ilono‘t, xullasi o‘tdan. Tun tushgandan nishona. Yana
qumsoatning suvsoatga evrilishidan.
Zulmatga zo‘riqqan hisda boqqan chog‘
Cho‘ng yo‘qlik yaratgan yulduzlarni ko‘rasan.
Bo‘lsin ziddiyatlar o‘z-o‘zing bilan.
Hatto o‘z orzularing mayog‘i bo‘lsang-da, bu
uchinchi ko‘zingning o‘z soyangga qorovulligi emas
go‘yo olov o‘g‘irligiday – sen olamni
ikkinchi bor ogoh etasan.

Vaqtni tutolmasang, xiyonat qilma.
Aksi bo‘lsa jar sol. Hech qursa tushda
Spartandek tulkilarning pinhon hujumin
Yo‘latma, najot ber yo najot yo‘qmi?
Ajdar maqomini istasang o‘rgan
insonlar yuragin qaynoq ko‘mirdek
yutmoqni yutgandek ular shokalad
zarra og‘rinmay. Yulduzlar qo‘l kelmas Senga
Sen uchun tejamkor fonuslar emas.
Ayon bilmoqchisan nur haqiqatin,
Ulardan birini portlatib ko‘r, bas.
Shoshil, qara, qaragin va ko‘r
Bo‘shliq pinjidagi toza nur, go‘yo
Mubolag‘a nega, bu chindan ziyo.
Bunda yashirmaslar yulduzlar yalang‘ochliklarin
Qora o‘pqonlar, tuynuklarning libosi ostiga,
shunday birlashurlar
ammo qaytib bermas ilonlar po‘stini tashlagan monand.
Kuzgi gulning labidan to bahor holsizligigacha
ilg‘ay olsa bir nigoh, shu nigohcha miqdor suvdagi
ko‘pikdek xira dunyoni yoritib yuborgay. Bildim,
siz uni toptarsiz pechdagi qorparcha misol,
va halovat topar ta’nalaringiz. O‘ylaganingiz,
siz o‘ylaganingiz
u millionlar ichida bir shay, bag‘ishlov onidek
bu osmon ko‘ksida bitta yulduz yo‘q, zarra yulduz yo‘q.

Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi