Les Marrey (Leslie Allan Murray, 17 oktyabr 1938, Nabiak, Avstraliya) — avstraliyalik shoir. Avstraliya ordeni ofitseri. Petrarka (1995), Tomas Eliot (1996) mukofotlari laureati. She’riyat bo‘yicha Qirollik oltin medali sohibi (1999). Sterling universiteti (1992) va Sent-Endryu universiteti (2011) faxriy doktori. “Shamolga ro‘para ibodatxona”, “Mahalliy radio”, “Dafn qilingan yigitlar”, “Telbalikdagi turg‘unlik” kabi she’riy va nasriy kitoblar muallifi.
SURAT BIChIMIDAGI SATRLAR
Tiriklikning mohiyati
Hamma, tildan boshqa hamma
yashash mohiyatini anglar.
Daraxtlar, sayyoralar, daryolar, vaqt
boshqa narsani bilmaslar. Ular tasdiqlaydilar
buni, koinot singari, har lahza.
Hatto devona vujudim ham
qisman yashar, u
batamom yayragan bo‘lardi,
agar harakatchan aqlimning
besavod erkinligi bo‘lmasa edi.
Hayrona savol
Nega Xudo aybsizni ham ayamas?
Javob, savoldan farqli o‘laroq,
fanodan emasdir,
agar men unga javob berganimda, siz
dahshatdan sakrab tushar edingiz.
Madad
Qochoqlar, olchoqlar … Odamlarni bu taxlit
ifodalarda ajratish nechun?
Turli-tuman g‘am bilan, janda kiyimlarda,
ular uzun dasturxon atrofida qator o‘tiribdilar.
Bu maktabga o‘xshashmikin? Bu ondagi darsda
daftarlar bug‘i chiqib turgan ovqatning
aylana darsliklariga mengzar,
bu odamlar ovqatni yutishar ilm kabi,
lopillagan qoshiqlar bilan
Asta-sekin shimib, paqqos shimirarlar.
Saharmardondagi oqillik
Yulduzlar daraxtning ildizi orqali
tilsiz oyning zamoniga sizib borarlar.
Fursatlar bugun qonunlar deb ataladiagan
shaffof zarralar kabi bir-birlariga tirmashar.
O‘tmish yelkangning ortidan mo‘ralar,
burcha ufqlar tepasida — o‘tmish.
Dil, o‘zining holiga hayronalikda,
Termula-termula o‘lib boradir.
Mijoz
U eshikni taqillatadi
va yuragining dukur-dukurini tinglaydi.
Ma’rifat tarixi
Iymon fantastik texnologiyadir,
ammo biz uni tasarruf eta olmadik,
va u tezda yana shubha ostida qoldi.
Tog‘larni qo‘zg‘otdik pul bilan
yoki arqon bilan, e’tiqodni tahqirlashga kirishdik,
bu bilan uni ezmoqchi
va, nihoyat, yo‘qotmoqchi bo‘ldik. Ammo iymon,
ilohiy va so‘ngsiz bir intilish bilan,
asriy suratlardagina qolgan tillorang
eski jandasida, oramizda
kezib yuribdi, bizni zimdan muborakbod etmoqda,
ertaklar zamoni kelganidan etmoqda ogoh.
O‘sha zamon kelishiga yaqin qoldi
O‘sha zamon kelishiga yaqin qoldi,
gullagan nok daraxtining muattar
xidi shaharning neon chiroqlari
tomon kamalakday yastangan
yog‘och yo‘laklarning achimsig‘ini
bosib ketadi shirasi ila…
Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi