Assamlik shoir va yozuvchi doktor Prayag Saykianing asl kasbi shifokor bo‘lib, uning olti she’riy va bir hikoyalar to‘plami nashr etilgan. «Tongni intiq kutib» she’riy to‘plamida Prayag Saykianing ingliz tilida yozgan she’rlari jamlangan. She’r va tarjimalari turli xil nashrlarda, jumladan, Sahitya Akademiyasining «Hind adabiyoti», «Jayanta Mahapatra» ning «Chandrabhaga» jurnallari, Chikago She’riyati onlayn antologiyasi, «The Statesman Festival» nashrida e’lon qilingan. Prayag Saykia «Osiyo ohanglari» (Tunes of Asia) bayoziga kiritilgan ayrim o‘zbek shoirlarining she’rlarini assam tiliga tarjima qilib nashr ettirdi. Uning she’rlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilinmoqda.
KAMALAK
Qarg‘ish tekkan jang maydonidan
surilarkan asta oldinga
Kelajakka boqqum va lekin
ko‘rinmaydi nurdan boshqasi.
Chunki men bir odam, qabrdan chiqqan
ichak-chavoqlaru
abadiy nekbinlik bilan.
Xayolimda
hayotning qalbni ilituvchi jilvasi.
Bilamanki,
azob yomg‘iri
kamalakda nihoyalanur doimo.
Bul kamalak –
Ta’zimim mening.
QIChQIRIQ
Kukundan qichqiriq chiqadi –
Tug‘ruq azobidan so‘ng
boshlanar hayot.
Jon kiradi o‘lik vodiyga.
Gullayotgan quyosh bilan
oqadi daryo.
Qaqnus kabi aks-sado beradi fursat,
Jimjitlikni yorib o‘tar qichqiriq.
Menga shunday tuyular,
men ham
tug‘ilganman qanotlar bilan.
NAHR ERTAGI
To‘lqin,
girdob,
inson o‘zi bilan ko‘targan har ne
daryo ertagidir.
Tosh qimirlar qayda,
chuqurcha bezaydi
raqs tarovatin
oshiq bo‘lmoq uchun qayta va qayta
suv parisiga.
Daryo uchun-chi
inson kelar va behudaga
quvar shodlik ketidan, lekin
xomxayoldan boshqasimas bu,
tashlab ketar taftli ko‘zlar yoshini.
Oh urgan zaminning azasidan so‘ng,
bebaho suv so‘zlarini saralar quyosh,
hamda
fursat gullab-yashnar
dur g‘ilofida.
HAYoT IFORI
Bardosh vasiyati;
naqshinkor qoladi yashamoq uchun.
Ahlat yig‘uvchilar uchmas;
xochning ustidan.
Shafqatsiz shohona burgut so‘ladi
uyqusiragan kaptar oldida.
Va
hayot ifori
inson bolasiga ustozlik qilar.
MAG‘LUBIYaT
Daryoning zim-ziyo qa’rida
obi hayot tuyg‘ularim yo‘qotdim
urf-odat ustunin ushladim mahkam.
Daryoning qissasi dong qotdi unda
endi izlamas u dengizni ortiq
O‘sha kundan e’tiboran men
bir necha so‘zlarni o‘rgandim
……… mazlum, ozodlik.
Shu tariqa urush boshlandi,
bolalik yillar,
yot af’yun ila.
Oymomom tark etdi samoim.
TONGOTAR
Quyosh tomon jimgina siljish.
Tongotarda,
tikilarkan tumanga
vayronada zanjirband, uxloq
kalomlarni sharhlar bilimdon.
Xalqparvar hukmdorning o‘chgan yozuvi
quyosh nurlarida eriydi.
qush va zarpechakning so‘lg‘in qalbiga
qaytgunicha toki ilhom parisi,
quvg‘indi xayollar isi ufurar.
Bu ishqdir,
erni mag‘lub etishga qodir
qilichmas aslo.
Ko‘hna farmoyishda
jilmayar Budda.
Qarshidagi odam
ol butaga do‘nar tongni kutmoq-chun.
HAYoT QAERDADIR
Biz asli quvg‘inda,
hayot esa qaerlardadir.
Janozadagi yig‘idan keyin
diniysifat bir tuyg‘u o‘sar.
Mahrum bo‘lgan vaqt sharafiga
sirli-sirli naqshlar o‘yamiz,
tuman ichra suzmoqlik uchun
haydaymiz yakka-yolg‘iz fikrni.
Tinmay kengayuvchi ufq orqali,
xayoliy o‘lkaga ko‘chishimiz bu.
Mitti safarnomalarning
mustahkam zanjiri bilan
qaerda,
vaqt o‘tgani sayin tasdiq etamiz –
o‘lim asli o‘lim emasdir.
Quvg‘indamiz aslida bizlar,
hayot esa allayoqlarda.
A’zam Obidov tarjimasi
ELKADAGI QANOTLAR
Kichik o‘rmon, kichkina o‘rmon,
Bunda yashar ismsiz qochoq.
U kimlardan qochdi,
Nelardan kechdi?
Teleskopdan ko‘rar
Ufq oxirin.
Ikki yelkasiga qo‘ndirdi qochoq
Ikkita qanot.
Uchdimi, uchmadi…
U o‘rmonda qoldi,
Shunga ko‘mildi.
Meni tingla,
Ketar bo‘lsang bir kuni
Qaytib kel o‘rmonga,
Sayr ayla takror.
Uni topolmaysan,
Ruhini izla
Hali tug‘ilmagan kengliklarda jim…
Ingliz tilidan Oygul Suyundiqova va Zuhra Asqarova tarjimaci