Egishe Charents (Եղիշե Չարենց) 1897 yilda kichik savdogar oilasida dunyoga kelgan. “Rangpar qiz haqida uch qo‘shiq” she’riy to‘plami, “Moviy ko‘z Vatan”, “Dante afsonasi” nomli dostonlari uning ilk ijodini tashkil etadi. Keyin uning “Hammaga, hammaga, hammaga”, “Charentsnoma” singari ko‘plab she’riy asarlari dunyo yuzini ko‘radi.
E. Charents jo‘shqin ijodi bilan o‘z xalqining eng sevimli shoiriga aylanadi. Shoirning ijodiy merosida tarjima asarlari ham salmoqli o‘rin tutadi. Jumladan, uning A.S. Pushkin, V.V. Mayakovskiy, I.V, Gyote, E. Varxarn, U. Uitmen she’riyatidan qilgan tarjimalari arman tilidagi she’riy tarjimachilikning yuksak namunalari sanaladi.
Otashqalb shoir o‘ttizinchi yillar qatag‘onida hibsga olinadi. 1937 yili og‘ir xastalik tufayli qamoqxonada hayotdan ko‘z yumadi.
VATANDA
Muzli oq cho‘qqilar, firuza ko‘llar…
Osmon — ruhimning tushidek ravshan.
Bolalar ko‘zidek tiniq va lobar,
Garchi yolg‘iz edim, ammo — sen bilan.
To‘lqinlar shovullar ko‘lda bemalol,
Sirli ufqlardan dilimda hayrat.
Menga singar edi g‘alati bir hol:
Uzoq yulduzlardan azaliy hasrat.
Kunning oxirida kimdir baqirib
Meni chorlar edi tog‘ cho‘qqisiga.
Ammo vodiylarga tun kelib kirib
Meni chulg‘ar edi g‘am uyqusiga.
Maqsud Shayxzoda tarjimasi
* * *
Kim salomlab qarshilar meni,
Kim qorong‘i ko‘nglim yoritar?
Kim parvosiz jilmaymay endi,
Dil so‘zi-la baxtiyor etar?
Kim quchoqlab qaqshaydi zor-zor,
Kimni qilar hasratim ado?
Kim biladi! — qaylardadir bor
Balki mendek g‘arib, aftoda?
Balki meni hozir chulg‘agan
Tashvishlar — bir aldamchi ro‘yo.
Faqat, faqat o‘ngingda ayon —
Bo‘ladigan qiziq hol go‘yo.
Achchiq alam damlari balki
O‘zgalarning dardin kuyladim,
Bu zulmatda yuragimdagi
Dardlarni to‘kdim deb o‘yladim…
Salom, menga notanish o‘rtoq,
Hasratlarda ado bo‘lgan jon!
Salom, kelgusidagi quvnoq,
Go‘zal yoshlik va ro‘yi jahon!
Sizni, yerga kirganlarni ham
To‘nib-to‘nib eslab qo‘yaman.
FIROQ PAYTIDAGI ILTIJO
Ozmuncha o‘chirdimmi ko‘zlaringning o‘tini,
Ozmuncha kul sepdimmi qalbim cho‘g‘iga sekin.
Firoq damlari biroq qarg‘ama yosh yutinib,
Qo‘shig‘im tafti qolar, hayot so‘nsa-da lekin.
Elas-elas jimirlov botqoq o‘tlaridek jim,
Hayot lipillab so‘nar g‘amgin va oshufta hol.
Pinhon qo‘shiqlarim-chi? Ma’nosiga yetar kim?
Birovlarga qolajak hasratlarim bemalol.
Sukut saqladim ichda. Payqay oldimi xilqat,
Qanday yashab sop bo‘ldim, aslida kim, nimaman?
Falon shoir she’r yozib o‘tgan deyishar faqat…
Men ham sening umringni shunday taxmin qilaman.
Atirgulim deb seni, tovushing mayinligin,
Ko‘zlaring hasratini maftun kuyladim hatto.
Sevging yondirsa hamki, evoh, uzoq yalinib
Cho‘zilgan qo‘llarimga diling qilmading ato.
Shomim yaqinlashmoqda — umrning qora shomi,
Ho‘ngrab yubormaslik-chun, nima qilay, oppog‘im?
Qo‘limdagi titrovchi yuqi qolmagan jomni
Urib chil-chil qilaymi, simirib bo‘lgan chog‘im?
Meni yo‘qolgan kunlar uvoli tutmasmikin,
Dilni g‘ash qilmasmikin, hamma qilgan ishlarim?
Bo‘lgancha bo‘ldi, evoh, qo‘llarni cho‘zib sekin
Yalinganimda, jonim, urmasin qarg‘ishlaring!
* * *
Shodlik kular endi horg‘in qalbimda,
Shodlik kular qizil dala labida.
Qalbim uzoqdagi o‘t bo‘lib yonar,
Yolqinini shamol silab to‘lg‘onar.
Ufqlarga tegib ingraru shamol,
Hasratlardan qo‘shiq to‘qir bemajol…
Zulmat ichidagi boshoqlarga jim
Kuylab berar erka tili muloyim.
Mo‘jizani o‘ylab orziqqansimon
Dala yelpinadi va pishadi don…
QAYTISh
1
Tepalik orqasida yulduz lip etib o‘chdi,
Va bir odam o‘zining tinch uyidan jim ko‘chdi.
Yomg‘ir yuvgan daladan o‘tib borar betinim;
Olisda qizartirib osmonning bir chetini,
Olov kemaday suzar edi dumaloq quyosh,
Qirmizi shu’lalari yoyiq yelkanga o‘xshash.
Issiq tegmagan hali nam o‘tlarning labiga,
Odam ketardi yolg‘iz, sukut saqlab qalbida.
Yurtda judo bo‘lardi kuyib, hayajonlanib,
Zangori ufq esa qolardi tumonlanib.
Lekin yo‘lchining qalbin o‘yardi hasrat tig‘i,
Sal tezlatar qadamin, g‘amgin-g‘amgin qo‘shig‘i…
Ufq-chi, uzoqlashar, osmon tubi-chi, zilol…
Yo‘lovchini bir tovush chaqirar edi xiyol.
Zangori bo‘shliqlardan bu sas imlardi yumshoq,
Guyo o‘tgan kunlarda birga qayg‘urgan o‘rtoq
Unga va’da qilardi boshqa bir oshiyonni,
Unutilishu ko‘klam va havoyi osmonni.
Yo‘lchining yuz-ko‘zidan yengil o‘pardi shamol,
Ma’shuqaning qo‘llari shunday erkalar xushhol.
Osmoni tubsiz, tiniq zangori bir taxt tomon
Olisdan chorlar edi ko‘rinmas ruhday jonon.
Yo‘lovchi borar xuddi soyaday, o‘ysiz, xolis,
O‘t-o‘lanlar qoplagan yo‘l esa olis-olis.
Qo‘shiqday charx urardi goh o‘tloqlar ostida,
Goh otilib chiqardi qiyaliklar ostidan,
Goh buralib chopardi binafsha cho‘qqilarga,
So‘ng singib ketar edi u yalang ufqlarga.
“Cho‘chima, kela ber” deb, bir tovush imlar edi,
Kaptarlar g‘uv-g‘uviday mayin jimirlar edi.
“Unut tirikchilikni, dunyo g‘amini unut,
Yangi g‘amlar berkingan so‘qmoqlar sari yo‘l tut.
Sevgilim, akajonim, osmondagi yagona,
Osmon yulduziday yolg‘iz uchasan yona-yona.
Qorong‘i yer ustidan kun qizarib porillar,
Bizning jafokash olam laqqa cho‘g‘ga qorilar.
Cho‘qqiga intil, sabab chiqib kelayotgan kun
Jinni qilar, qo‘rqitar, tutab yondirar butun.
Halokat yo‘li qizil qonga bo‘yalmasin-chun,
Eski og‘riqlaringni vodiylarga tashlab ket,
Ostonani unutib, ko‘zlaringni yoshlab ket”,
Yo‘lchi noma’lum yurtga ravona bo‘lar edi,
Vidolashuv qo‘shig‘i sekin quyilar edi,
Shamol to‘zg‘itar edi sochlar jingalasini
Va tegizib o‘tardi yoqimli nafasini.
2
Zulmat bosh qo‘ymoqchiday tog‘lar to‘shiga sekin,
Hamon oqarib borar qor elog‘ so‘qmoq lekin,
Zil tog‘lar ustidagi cho‘qqilarning qirrasi
Zangor ko‘zi-la imlar go‘zallik asirasin;
So‘qmoq uchi chuvalib yo‘qolib qolgan kabi,
Osmon qa’riga kirib, jo bo‘lib olgan kabi.
Gir aylana sharpasiz, osoyish, muzdak havo,
Daydi, tush sahrosida tentirardi benavo.
Toliqqan, sovuqotgan, alamdiyda, darbadar…
So‘qmoq aytardi balki, ko‘p narsadan xabardor.
Ammo odamning bunga hushi yo‘q; majoli yo‘q,
Kipriklarin ko‘tarmay, sang‘ib yurar, holi yo‘q,
Tog‘lar qiyasidagi jazira yo‘l, qor yo‘li
Nazdida adoq bo‘lmas yo‘l bossang asr bo‘yi.
Unutilgan narsalar eski tushday xiradir.
Hammasi tamom bo‘lgan, g‘arq bo‘lgan xotiradir,
Sukunat va qor bosgan, cho‘qqilar qolgan, xolos,
Pastlikka qarab horg‘in shu dam qo‘qqisdan, bexos,
Yo‘lchi ko‘rdi u yerda tirqiragan shu’lani,
Zulmat yashirolmagan o‘tgan kun — g‘ulg‘ulani.
Qaylardadir, olisda, quyosh yal-yal yonardi,
Jizg‘inak bo‘lib lov-lov qilardi, tovlanardi;
Erga sepib turardi qizil zar, qip-qizil gul,
La’li toshdan ham otash, qirmizi edi butkul.
Quyosh shu tarzda so‘nib, dili qonab ketardi,
Alvon bayramdagidek, shafaq yonib ketardi,
Qon tirqirab oqardi sokin vodiylar uzra
Va qorishib ketardi so‘qmoqlar gardi ichra.
3
Quyoshga boqar jimjit — quyosh mis qalqon kabi,
Yuzingning ruhi so‘nib, qovog‘in solgan kabi,
Alamzada yuragi bo‘g‘ilib sekin urar,
Darz ketgan qo‘ng‘iroqday do‘rillab titrab turar.
Yonayotgan yurakka o‘xshardi kun gardishi,—
Erning bir chekkasida o‘chay der qizarishi,
Toki shamolda qizil gulday ochilsin so‘ngra,
Ertalab charaqlasin, cho‘g‘i sochilsin so‘ngra,
Zangor osmon qo‘ynida g‘ujg‘on o‘ynasin tag‘in,
Jizg‘anak bo‘lib ado bo‘lishin qo‘ymasin tag‘in.
Shudringli dalalarga sepsin oltinlarini,
Tun cho‘kkan botqoqlarga qizil yolqinlarini.
Daydi sszar: yurakning muzi eriganini,
Qaynoq yoshlar issig‘i yuzga berilganini.
Bir o‘girilib, o‘rnidan turgan edi, o‘sha zum
Ajal muhrini ko‘rdi, go‘yo xilqatga mahkum.
Oriq yelkasigacha titrab ketdi shu zamon…
Bir ovoz esa uni ko‘kka chorlardi hamon…
Yo‘lchi bunga loqaydday, qarar pastga, vodiyga,
Quyosh toji yashnagan zangor tog‘lar oldiga,
Nigohini uzmasdan, mamnun bo‘lib quyoshdan,
Uyiga oshiqqanday, tez tushar tog‘u toshdan.
Osmondan yerga qaytish rohatijon, xush edi,
Qiyqirardi dil — xuddi chirqilloq oqqush edi.
Uzoq osmonda bujur ajalgina hukmron,
Zim-ziyo kechalarda chinqiratib olar jon.
Lekin jilvalar qilib, yonib bo‘lardi shafaq,
Hovuch-hovuch nurlarga g‘arq bo‘lgandi hamma yoq.
Daydi tushib kelardi qiya tog‘dan bus-butun,
Nur o‘ynagan yerlarni quchib o‘pmoqlik uchun.
* * *
Bir dilbar visolini ko‘rdim Gurjistonda men,
Lab uchida xolini ko‘rdim Gurjistonda men.
Atlas kiygancha yolg‘iz, oppoq bulutga o‘xshab
Ko‘pirgan ro‘molini ko‘rdim Gurjistonda men.
Oltin suvida quyosh cho‘miltirar o‘zin naq,
Ko‘lning timsolini ko‘rdim Gurjistonda men.
Imo-ishora qilib, «Shunda qol!» demoqchiydim,
Afsuskim, g‘ov borini ko‘rdim Gurjistonda men,
Nola qilaman, dilni yoqib o‘shandan beri,
Alamlar shamolini ko‘rdim Gurjistonda men.
* * *
Kuychilar birtalay-ku, jazillatuvchi kuy yo‘q,
Atrof tomosha, ammo ko‘ngil intizor to‘y yo‘q.
Bog‘ini topolmayman, yor bog‘isiz xushbo‘y yo‘q,
Yotog‘i qayda ekan, dildor uyiga yo‘l yo‘q.
Xudo yarlaqagan bu shakarob qo‘shig‘imni
Kimga aytay — hech kimsa tinglamasa yig‘imni,
Javobsiz dildan chiqqan zorimni va qayg‘umni?
Ko‘z yosh-la yuvay desam, shabnamli atirgul yo‘q.
Oh, sozimni sindirib so‘kilay – ayni vaqti,
Tikani yo‘q gulmanmi? To‘kilay – ayni vaqti.
Yov qalbin yorib yovdek, jim tilay ayni vaqti,
Demasinlarkim: «Charents, kuyingda jur’at, o‘y yo‘q!»
Odam bag‘ritosh, ushoq, jahon esa keng, Charents!
Zahar tomgan so‘z achchiq tutun bilan teng, Charents.
Suyukli va yoqimtoy bo‘lolmagan deng, Charents,
Negakim, yuragida og‘riq degan butkul yo‘q.
* * *
Tumanyanni qilmasdan kanda,
O‘qiganda bir o‘y qilar band:
Qarib, quruq suyak bo‘lganda,
Bo‘lurmanmi unday donishmand?
Larzalarni men ham uningday
Qaltiramay kutarmikanman?
Gunohlarim kechgan kunida
Qalbim cho‘g‘in tutarmikanman?
Odamlarga ishonib, zimdan
Qaynab-qaynab, charchamay tanim?
Aqalli men qariganimda
Unday baland chiqolamanmi?
Sulton Akbariy tarjimalari
* * *
Quyosh yallug‘ini emgan armani zabonini sevgayman,
Qadim sozi taratgan oh ila fig‘onini sevgayman,
Chechaklar gurkirar, muattar gullar ham dilga xush,
Nairi qizlarin nozik raqs ila xandonini sevgayman.
Menga xushdir moviy osmon, chaqin ko‘l, tip-tiniq suvlar,
Quyosh o‘ti va tog‘larda bo‘rondan uchgan g‘uv-g‘uvlar,
Qorong‘i kulba bepardoz, dilimga xushdir ushbular,
Menga toshi tabarruk qadim shahar-qo‘rg‘onini sevgayman.
Qayonda bo‘lmayin dardli qo‘shiqlarni unutmasman,
Duodek ko‘hna bitiklardan aslo o‘zni ayri tutmasman.
Vatan jarohatidan ortiq ne yurakni aylagay pora,
Bag‘ir qon, yetim Hayaston, dil yoronini sevgayman.
Mening munglug‘ dilimga o‘zga armon yo‘qdir olamda,
Kuchuk, Narekatsidek asl inson yo‘qdir olamda,
Ararat misli nuroniy, cho‘qqi bir shoyon yo‘qdir olamda,
Masis tog‘imning to mangu shavkat-shonini sevgayman.
Abdulla Oripov tarjimasi
* * *
Vujudimda yolqinlanasan,
Otashlarda yoqasan jonim.
Ishqdek mangu olov ichrasan,
Pok va toza yo‘qdir gumonim…
Men-chi, g‘arib, miskin, ovvora,
Yurtim kabi anduhdan giryon,
Yuz o‘girsa dunyo, na chora –
Dil ozurda, tasalli – gumon…
Ne deb chorlay, endi men seni:
Qachon ta’ming totgay dudog‘im?
So‘yla, ey Baxt, qiynamay meni,
Nasibdirmi Seni ko‘rmog‘im?!
“DORILBAQO ShE’RLARI”
Qalbimga anduhlar zaqqumdek inar,
Bu zahar zardobi, oh, qachon tinar?!
Ajdodlar pandiga quloq qoqmadim,
Shafqatsiz dunyoning mag‘zin chaqmadim…
Do‘stim ham dushmanim o‘z ichimdadir,
Ularni jabridan taniyman, axir…
Boshimga ish tushsa, yuragimda dog‘,
Do‘stim yuz o‘girar, dushman – ko‘ngli chog‘…
Hammamiz bir jonu bir tanmiz, garchi,
Lek bordir har kimning o‘zin ko‘machi…
Qayda namoyondir foyda, manfaat,
O‘zin urar har kas shu joyga faqat…
Men-chi, bir kunjakda g‘arib, notavon,
Qismat yozug‘ini kutarman hamon…
Netay, menga nasib zahar tomchisi,
Ajalning elchisi… go‘r ilhomchisi…
Qalbimga anduhlar zaqqumdek inar,
Bu zahar zardobi, oh, qachon tinar?!
ALAHLASh
Men tengsiz daho deb bilgan bosh chanoq,
Tishsiz edi mutloq va yana ahmoq.
Kechasi egnimga zahar sochardi,
Va o‘zin “mehribon do‘st” deb atardi.
* * *
To‘qqizinchi sana, go‘yo shu kundan –
Me’daga tekkudek g‘aroyib tarzda,
Chormixga tortilgan har she’rim mendan,
Qiyofa, chehramni olmishdir qarzga,
Bilmadim, bu menga isnodmi, sharaf,
Tussiz satrlarim ahvoli mubham,
Sovuq xochni ko‘rdim she’rimga qarab,
Unda o‘lim kabi porlar shum raqam.
* * *
Tag‘in parishonman yurak qoshida,
Maydon aro yolg‘iz emandek nochor,
Emanki, kimsasiz, lekin boshida –
Esguvchi shamollar, shafqatsiz, beor…
Bu yerda uch buta yerga qapishib,
Bamisli bir sirdan voqif uch nokas,
Kimningdir nomini takrorlar shipshib,
Emansiz maydonni qilgancha havas…
* * *
…Oftob qaydan chiqdi, baxt kuldimi yo,
O‘z-o‘zidan ash’or bitmoqda qo‘lim.
Har satri – bir sana, kamtar, beriyo,
Ularda aks etar azobli yo‘lim.
…Nazdimda sarlavha ular shunchaki –
Tusi o‘chib, rangsiz bo‘lgan bir siyoh,
Balki ishoradir yo‘l chetidagi
Xochsiz qabrlarga sanoqsiz, evoh….
* * *
Bo‘lganmikan shu paytga qadar
Biror shoir o‘zin unutgan,
Raqam qo‘yib she’r yozgan chog‘da,
Mo‘jizaviy jarangni kutgan?
…Bir jarangki, ta’sir kuchi-la
Mujdalarni qoldirmish dog‘da?!
Garchi ezar qirq yosh zalvori,
Izlanishlar – koni mashaqqat,
Dilda har on duo takrori,
Nojoizdek goho ibodat…
O, Yaratgan egam, bokaram,
Ey, taxayyul, orzu egasi,
Bizda neki bo‘lsa mujassam,
Bari – Sening mehring mevasi.
Qat’iyatu qo‘rs so‘zligimiz,
She’rda – idrok, raqsdagi ma’no,
Aqlu zako ham o‘zligimiz –
Bari uchun shukur, Rabbano!
Shon-shuhratga chorlagan Sensan,
Tomirlarda g‘ayrat to‘lqini,
Ilhom, ijod ne’matin bergan
Oliy zotsan, alqayman Seni…
Meni siylab, etib sarafroz,
Shoir degan maqom beribsan.
O‘zgalardan bilibsan mumtoz,
Yuragimga chiltor ilibsan…
Tangrim, shukur to so‘nggi nafas,
Qulingdirman qoshingda qarzdor.
Xalq qayg‘usin bildim muqaddas,
Ezgulikni ayladim shior.
Endi kechmas umrim armonda,
Yurt dardidan og‘rigan jonman,
Shunday manfur, qattol zamonda
El dardiga balogardonman!
To anduhdan dilimda sado,
Bari uchun shukur, Rabbano!
* * *
Tush ko‘rdim, olisda bir karvon
Qo‘ng‘iroq sadosi ostida,
Chayqalib oshardi qir-dovon,
Bilmadim, qay manzil qasdida…
Ko‘rdimki, qalbimning dilbari,
Bormoqda karvonda, zar libos.
Boshida kelinlik chambari,
Poyiga yiqildim:
Iltimos!
Ey, Sanam, karvoning qistama,
Mushtoq dil bir Senga intizor,
Jonim ol, o‘zga yor istama!
Oh, netay beparvo, ul jonon,
Yumshamas, qalbdagi tosh-sangi,
Tuproqqa yiqildim, lek hamon,
Tinmasdi qo‘ng‘iroq jarangi…
…Tinmasdi, dilovar ohangi…
Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi