Vaagn Karents (1924-1980)

Vaagn Karents – shoir va tarjimon. Yerevan pedagogika instituti va Moskvadagi Oliy adabiyot kursida o‘qigan. “Yomg‘irdan so‘ng”, “Lolalar”, “Qordagi izlar”, “Kechki yo‘llar”, “Tog‘ etagida” kabi she’riy kitoblari nashrdan chiqqan. Rus va kurd tillaridan adabiy tarjimalar qilgan.

SENING ISMING

Oppoq dalalarga yozdim
ismingni,
oppoq tabassumdan yorishdi dunyo.
Ismingni jamlagan harflar quvonchdan
erib bitganida qor kabi go‘yo,
ular singib ketgan tuproq bag‘ridan –
unib chiqdi moviy qo‘ng‘iroqgullar.

Butun dala bo‘ylab taraldi birdan
qo‘ng‘iroqgullarning jarangi masrur,
erdan bosh ko‘tardi boshoqlar bir-bir,
qaddini rostladi sarkash va mag‘rur…

Vahshiy qoyalarga yozdim ismingni,
Qoyalar bir zumda aylandi ko‘hna
ibodatxonaning devorlariga!

* * *

Bepoyon dalada yastanib olib,
Ko‘kni, bulutlarni jim kuzatarman.
Atrofda sukunat,
Osoyishtalik.
Go‘yoki xayolga cho‘mgan osmon ham,
Go‘yo orzularga berilgan shu dam.
Xuddiki, bu moviy ma’vo ostida
Butkul gulistonga aylangan olam.

Bepoyon dalada yastanib olib,
Qadrdon va cheksiz maydonlarimda,
Yuksaklikda, ko‘kda ko‘zim ilg‘agan
Qora bir nuqtadan olmay nigohim,
Ko‘rdim, u lojuvard kenglik qo‘ynida
Bulutlar toqida burgut parvozin.
Kun qiyomga kelgan pallada
Burgut pastga bo‘ylar,
Men esa ko‘kka.

Samoda aylanar burgut,
Parvozi boqiylik ko‘shkidan darak.
Uning parvozdagi ruhi-joniga
Ko‘nglimdagi rishtalar ulanar beshak.
Burgut pastga bo‘ylar,
Men esa ko‘kka.
U nenidir izlar, izlar betinim.
Nimadir, nimadir bog‘laydi bizni,
Balki u og‘amdir va yoki inim.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi