Amal Dunqul (1940-1983)

Amal Abulqosim Dunqul (أمل ابو القاسم دنقل‎; 1940–1983) – misr shoiri. Misr adabiyotidagi modernistlardan biri.

HAMDU SANO

Shamol ma’budasiga
Hamdu sanolar bo‘lsin!
Jasoratiga olqish,
Rag‘bat-duolar bo‘lsin!
Hamma “Ha” degan paytda
U-chi, jasorat bilan,
Qarshi chiqdi, “Yo‘q!” dedi,
Inkor qildi qat’iyan.
Uning yana bir ishi
Arzir olqish aytishga,
Insonni u o‘rgatdi
Sir pardasin ochishga.
“Yo‘q!” dedi, adolatga
O‘lmas timsol bo‘ldi u,
Ezgulik va armonning
Mangu ruhi bo‘ldi u.

SULH TUZMA

Dushman bilan sulh tuzma
Boshga qilich tushsa ham,
Shohlik tojin keltirib
Senga kiydirishsa ham.

Axir, do‘stlar jasadin
Hatlab o‘tib bo‘lurmu?
Munofiqlar oshini
Qo‘lga tutib bo‘lurmu?

Ko‘rishish uchun senga
Cho‘zsa dushman qo‘lini,
Qo‘lidagi qon yuqin
Tavof etib bo‘lurmu?

Menga dushman o‘q otdi
Turib orqa tomondan,
Bir kun seni ham mo‘ljal
Olajak u kamondan.

Atrofingga hushyor boq,
Xavf-xatar ko‘p, bo‘l ogoh,
Dushman bilan do‘stlashma,
Ziyon yetmasin nogoh!

Dushman bilan sulh tuzma
Boshga qilich tushsa ham,
Shohlik tojin keltirib
Senga kiydirishsa ham.

Gar shuhrat lahzasida
Boylik, ayshu ishratni,
Afzal ko‘rsang, chuv tushib,
Hamroh tutsang g‘aflatni,

Sen mingan taxt oyog‘i
Liqillab qolsa nolon,
Sen tutgan qilichning ham
Rangi o‘chib o‘shal on

Soxtaligi bilinib,
Kulgiga qolib yurma!
Dushman bilan sulh tuzma,
Dushman bilan sulh tuzma!

HAYoT VA MAMOT

(Ibtido’ she’ri)

Men dedimki: zaminda
Ishq yashasin beda rang!
Ammo bunday bo‘lmadi,
Bunday bo‘lmadi, attang…

Dedim: daryo aylansin
Hayqirgan dengizlarga,
Dengizlardan taralsin
Bulutlar pag‘a-pag‘a.
Bulutlar bo‘shansinlar
Zaminga yog‘a-yog‘a.

Qurg‘oq zamin hosildan
Semirsin, ne’mat bo‘lib.
Suvlarga to‘lib oqsin
Ming-ming yillik chashmalar.
Och qolgan nonga to‘ysin,
Suvga to‘ysin tashnalar.

Erda o‘sgan maysadan
Chorva mollari to‘ysin,
Daraxtlar yaproq yozsin,
Daraxt soyalarida
Sahroda adashganlar
Rohat-farog‘atlansin,
Ya’ni, boshpana topsin!

Ammo, men ko‘rdim, Odam
Bolalari ko‘plashib,
Alloh bergan maysani
O‘rib olayotirlar.
Atrofni chegaralab,
Miltiqli soqchi qo‘yib,
O‘ziday odamlarga
Non, suv sotayotirlar.

Men dedim: yer ustida
Ishq yashasin beda rang!
Ammo bunday bo‘lmadi,
Bunday bo‘lmadi, attang…

Muhabbatni mulk etdi
Kimki to‘lasa pullar.
Pok tuyg‘uni egallab
Oldi o‘sha johillar.

Men dedim: yer ustida
Hukm sursin Adolat!
Lekin bunday bo‘lmadi,
Bunday bo‘lmadi hayhot!..

Ko‘rgin yerning yuzida
Necha-necha hayvonni,
Ular yemas o‘z qavmin:
Bo‘ri bo‘rini yemas,
Ilon yemas ilonni.
Jonivor o‘z qavmiga
Emas mansub bo‘lganni.

Men dedim: ey odamzod,
O‘z qavmingni mahv etma!
Ammo men ko‘rdim ba’zi
Odam bolalarini
Ular o‘ldirmoqdalar
Odam bolalarini.

Shaharni lov-lov yoqib,
Homilador ayolning
Qorniga tiqar nayza!
Qani, mening so‘zimni,
Birovi yodga olsa!
Hayhot, aksi, Adolat
O‘limga aylanmoqda.

Jangchilar bolalarni
Otar shahar-qishloqda,
Kafandan libos kiygan,
Suyakdan yasagan taxt,
Nokaslarning mulkiga
Aylanmoqda Adolat!

Men dedim: yer yuzida
Hukm sursin Aql-zakovat.
Uning vazmin chorloviga
Quloq solaylik har vaqt.
Men deyman: qushlar uya
Qurmas ilon yonida,
Qurt-qumursqa urmaydi
O‘zin alanga tomon.
Bug‘doy undirish uchun
Urug‘ sepilar doim,
Ammo urug‘ o‘rnida
Tuz sepmaslar hech qachon.

Hayhot, ko‘rdim Odamning
Aqlini yo‘qotganin,
Bo‘y cho‘zgan daraxtlarni
Kesib tashlayotganin.
Suv olib, so‘ng suv ichgan
Qudug‘ini ifloslab,
Tuflab, uv qilib, uni
Tamom bulg‘ayotganin.
Ajal raketalarin
Ko‘mib uyning ichiga,
So‘ng o‘sha uyda o‘zi
Yashayverar shod-xurram.
Go‘yo chayonni o‘pib
E’zozlaydi quchoqlab,
Qachon chaqib olishin
O‘ylab ko‘rmas bu odam.
Farzandlari vorisdir
Nafaqat uning nomi,
Obro‘, e’tiqodiga,
dini, ehtirosiga.
Balki vorislik qilur
Jununlik libosiga.

Aql qayda deysizmi?
U aylandi quvg‘inga,
U endi kezib yurar
Qashshoq, darbadar, daydi.
Bolakaylar mazaxlab
Tosh, kesak otar unga,
Soqchilar oldin to‘sib,
Battar turtib, xo‘rlaydi.
Hukumat allaqachon
Uni fuqarolikdan
Mahrum qilib, nomini
Sotqinlar aro yozgan…

Men devdim: hukm sursin
Erda aqlu-zakovat,
Ammo bunday bo‘lmadi,
Bunday bo‘lmagan hech vaqt.
Aql bo‘ldi badarg‘a
Borib tushdi qamoqqa.
O‘zligidan kechgancha
O‘tiribdi – boshi xam.
Alanglab ham qo‘ymaydi
Boqib uyoq-buyoqqa…

Muzaffar Ahmad tarjimasi