Abu Sulaymon Hattobiy

Abu Sulaymon Hattobiy – O‘rta osiyolik arabnavis shoir

1

Ko‘ngil der: «Koshki sahrodan uchib kelgan shu bir xurram
Va sayrab to‘ymagan oddiy, qiyossiz qush bo‘lib qolsam…»

Shamol qiynaydi, tahqirlaydi bog‘ning shoxlarin tinmay,
U qush chayqalgan ul shox uzra soz aytar turib mahkam.

Agar och qolsa, u tuproq titar ohista don izlab,
Mabodo bo‘lsa chanqoq, suv uchun ham chekmagay ko‘p g‘am.

U o‘ylab ertaning rizqin kechirmas tunlarin bedor
Va bermas erta, ya’ni oxirot kelgach hisobot ham.

Faqat lazzatni totding, ko‘rganing ham yaxshilik bo‘lsin,
O‘zin baxtli sezar, ey qushcha, senga o‘xshagan odam.

2

Etsa yirtqich senga tahdid, topilur qochmoqqa joy,
Lek yomon odam ishidan hech panoh yo‘q voy-voy.

Qancha ellar borki, yirtqichdan malolat ko‘rmagan,
Lek odamzoddan aziyat chekmagan yo‘q, hoynahoy.

3

Hayot tinch bo‘lsa, bilgin sen g‘animat,
Kirar junbushga u sal o‘tsa fursat.

Mudom tinchlikka intil, u — garovda,
Abad sen birla turmas hech omonat.

Husniddin Sharipov tarjimasi