Abu Nasr Ismoil ibn Hammod Javhariy Forobiy (940-1008) – O‘rta osiyolik arabnavis shoir. Forobda tug‘ilgan. Ko‘proq Bag‘dodda yashagan tilshunos olim va faylasuf. Asosiy asari «Toju l-lug‘a va sahoxu-l-arabiyya» («Lug‘at toji va arabchaning haqiqiysi») asaridir. Arab tilida yozilgan bu asarning 1865—75-yillar davomida Qohirada nashr etilgan nusxasi mashhurdir.
1
Odamlardan uzoqlashmoqni xohlab qolsa nogoh dil,
Uzib tashlar edim do‘stlik ipin balki pushaymon-la.
Odam izzat tilar doim va lek uzlatdadir izzat,
Bu dunyoda kechirgay kun faqat inson inson-la.
2
Bir yigit ko‘rdim, hayosiz, badjahl,
Aqli qashshoq, ko‘zi ko‘k, rangi zahil.
Shul sababdanki Yazid ibn Hindni
Ibn Butuldan yaxshi der u beaql.
3
Bizni da’vat aylaguvchi, chekma g‘am,
Bunda Kurzdan xoksorroq har odam.
Men uchun suv toza anbarday erur,
Anbar ersa ko‘p azizu muhtaram.
Gar qutulmoq istasang non vahmiding,
Beg‘araz suv birla et og‘zimni nam.
Husniddin Sharipov tarjimasi