Naim Frasheriy (1846-1900)

Naim Frasheriy (Naim Frashëri) – atoqli alban shoiri. 1846 yil 25 mayda Albaniya janubidagi Frasher qishlog‘ida tug‘ilgan. 1865 yilda Yanin shahriga oilasi bilan ko‘chib kelib, grek gimnaziyasiga o‘qishga kiradi. Shu yerda fors tilida she’rlar yozadi. Bu she’rlar ilk bora 1885 yilda Istanbulda “Bo‘ronlar” to‘plamida chop etilgan. Uning “Skandenberg tarixi” va “Karbalo”, “Albanlar orzusi” poemalari jahon she’riyati vakillarining e’tiborini qozongan. Bugungi kunda Naim Frasheriy Albaniyaning milliy shoiri hisoblanadi. Uning nomida orden ta’sis etilgan. Naim Frasheriy 1900 yil 20 oktyabrda vafot etgan.

ABBOS ALI

Xam aylab aziz boshin,
Duch etding na baloga?
Oqizib ko‘zdan yoshin,
Yo‘llading Karbaloga.

Ol etgan bu sahroni
Qaysi sho‘rlikning xuni?
Abbos Alining qoni
Alvon aylamish uni.

To‘zg‘itib cho‘l lolasin,
Uchib yelgan qay kas u?
Ko‘zdayin qo‘sh bolasin
Quchib kelgan Abbos bu.

Olamni bosdi sitam,
Bul tavakkul xudoga:
Ul ikki farzandin ham
G‘arq aylamish daryoga.

So‘nggi chora shulmidi,
Yo‘qmidi bo‘lak imkon?
Xun ila mashg‘ulmidi
Xuntalash jonu jahon?

Dahri dun xonasallot,
Jon uchun g‘arovmi yo?
Inson atalgan jonzot
Bir biriga yovmi yo?

Tolei tunday qaro,
Ajal tonggi yaqinday.
O‘qlar yomg‘iri aro
Uchmoqda u chaqinday.

Ortda aziz qo‘rg‘oni,
Na’ra tortib falakka;
Yurtning asl o‘g‘loni
Jangga kiradi yakka.

U dam ursa, tog‘u tosh
Qabul aylar salomin.
Ruhoniylar, to‘kib yosh,
Yod aylang haq kalomin.

Oti asrar sardorin,
Tuyog‘i yerga tegmas.
Kim tanisa qahhorin,
Boshqaga bo‘yin egmas.

Olcharang soy nishabi,
Yanchilmishdir gulzorim.
Elginu shamol kabi,
Erni asra, tulporim.

Oh urgan asirlarning
Muqaddas oq o‘rdasi.
Qirmiz tortgan qirlarning
Qasirlar qovurg‘asi.

Fosh etishar sirlarin,
Ortar olatasirlar.
Yovnimas, bir birlarin
Qirar qalbi basirlar.

Husayn, Fotimaning
Ko‘kka yetar nolasi.
Bular bir muslimaning
Jondan aziz bolasi.

Shahidlar qabristonin
Sayr aylaydi valilar.
Yurtin, ota makonin
Asrar Abbos Alilar!

ShARAF

Shimoldan yelgan shamol,
Yorimga salom aytgil.
Rahm aylar, ehtimol,
Javobin olib qaytgil.

Men suyib kuyuk bo‘ldim,
Nazarga ilmadi u.
Tog‘lardan buyuk bo‘ldim,
Bilmadi.
Bilmadi u.

Nasib etmadi vasli,
Asl ishq betarafdir.
Chin sevgi uchun, asli,
Shahid bo‘lmoq sharafdir.

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi