Miozotis – Madagaskar shoiri.
ONAM QABRIDA
Motamzada ko‘nglim o‘rtar qayg‘uda,
Bir lahza xayolim aldaydi meni.
Volidam, go‘yo sen shirin uyquda,
Mangu uyqu olmish bag‘riga seni.
Ma’yus tabassuming eslab, onajon,
Ko‘z yoshimga yuvdim yuzimni o‘ksib.
Qabringni tark etib ketar olomon
Bargizublar qolar tepangda o‘sib.
Kutaman jarangdor qo‘shig‘ingni zor,
Ko‘zing och, azizim, o‘g‘lingga boqqin.
Go‘daklikda yig‘lab ko‘ksingda ming bor
Doim topar edim o‘zimga taskin.
Yurak o‘rtanganda sig‘dim qayga ham,
G‘amga botsang kim ham berar boshpana.
Keladigan joyim, qadrdon kulbam,
Ona tushunadi, kechirar yana.
Qanchalar ishondim, kutdim besamar,
Qayta tirilarmi degandim onam.
Aldoqchi baxt esa tumanday tarqar,
Xaloyiq qabr uzra tutadi motam.
O‘rtanib yig‘lagin, ey sag‘ir ko‘nglim,
Aziz volidangning qabri ustida.
Zamin ham sukutda, kimsasiz va jim,
Og‘ir bebaxtlik bu, qayg‘uli juda.
RIVU RAMUALDA QABRI TEPASIDA
Sukut saqla, unutmagin odatni
Bunda yotar ezilgan bir jangari.
Shu yerdan topgandir mangu rohatni,
O‘zga so‘qmoq izlab kimdir singari.
Kulgu, qo‘shiqlaring tinsiq, nihoyat,
Marhumlar hurmati muqaddas bo‘lar.
Jim bo‘lgin hattoki jismsiz soya,
G‘amlarning ustidan beshafqat kular.
Mahzun qismat uchun chekib sen afg‘on,
Tiriklik g‘amidan qoldirma nishon.
Tezroq o‘ta qolgin, o‘ta qol tezroq.
Do‘stim qabri uzra to‘kayin ko‘zyosh,
Chunki tugab borar jismimda bardosh
Bu g‘arib, yolg‘iz go‘r yo‘limga mayoq.
GULLAR
1
Qo‘lingdagi dasta gul,
O‘g‘irladi xayolim.
Xira ham tortdi butkul –
Dunyo, sohibjamolim.
Juda xavfli, qayrilish
So‘qmoqlari dovonning.
Ko‘zida mung va tashvish,
Men ahvoli yomonning.
Ketingdan borib shahdam
Qo‘l tekkizmoq, tilagim.
Iltijoli boqsam ham,
Dov bermadi yuragim.
Rostini aytsam, dildor,
Guldan go‘zalsan ming bor.
2
Ketding, g‘oyibdir gullar.
G‘oyib bo‘ldi g‘uncha lab.
Befayz uzundir yo‘llar,
Yig‘ladim xo‘ngrab-ho‘ngrab.
Yashirinding uzoqqa
Qo‘ymading bir bor boqib,
Yuksaklikdan hech yoqqa
Ucholmam qanot qoqib.
Faqat unutma go‘zal,
Gul mangumas hech mahal.
* * *
Sevishdan qo‘rqaman, shuni his qildim,
Tanish bir sovuqlik bermadi rohat,
Bekor shivirlayman “Ketgin” deb, bildim,
Taskin bera olmas toat-ibodat.
Sevishdan qo‘rqaman, ortimda qoldi,
Eng shirin onlarim, yashash ne hojat.
Boshqa omadlini sen qarshi olgin,
Menga sevgi nasib etmagan qismat.
Sevishdan qo‘rqaman, sevildim, netay,
Kulgulardan qochib men qayga ketay.
Istasang tiz cho‘kay, yetar bardoshim,
Sevishdan qo‘rqaman, endi ne chora.
Endi men hukmingga intiq bechora,
Qayta sevib qoldim, aylanar boshim.
ChEKSIZLIK
Cheksizlikni quchib bo‘lmaydi, ammo,
Bo‘m-bo‘sh tiniqlikdir oddiydir samo.
Ilojim ham yo‘q, bo‘lganman taslim.
Quyosh diyoridan tutib bir makon,
Ketaman deymanu benomu nishon,
Lek yerga tutashdir yengilgan qalbim.
QAYTISh
Ko‘rinib ham qoldi yashil adirlar,
Ko‘ngil yorishmaydi hali ham xira.
So‘ngsiz sholizorlar, beadoq qirlar,
Uyga qaytishimga yo‘l bermas sira.
Qiyaliklar imlar o‘ziga meni,
Goh esa soyada bo‘lishar pinhon.
Notinch yurak faqat shivirlar: Seni –
Ostonada hech kim kutmaydi, ishon.
Kunduzning shu’lasin yashiradi tun,
Qalbimni ifoda qilmoqlik uchun.
Besamar kezaman bir yo‘l axtarib.
Anjir panohidan izlayman pana
Va yum-yum yig‘layman adashgan, g‘arib,
Umid mudramoqqa ketadi yana.
* * *
Bir eshikni ochdim qilib tavakkal,
Yo‘qotishdan qo‘rqmay topganim mahal,
Itoatkor ko‘zlar solganda nazar,
Ochilgandek bo‘ldi ko‘lda nilufar.
Baxt izlagan edim, qani u? Sarob!
Aqlim esa menga qaytardi javob:
“Dala ko‘katlari o‘sgan bu maydon
Ko‘l gullari uchun begona, inon”.
Ko‘nglimning gulidan topolmay darak,
Dala, dashtni izlab bo‘ldim men halak.
Qayta-qayta izlab yana yo‘l oldim,
Tinmasdan izladim bo‘ldi qaddim dol,
Endi holdan toyib behol,
Yana shu eshikni poylamoq qoldi.
VATAN
Beadad xarsanglar, turfa o‘tlog‘i,
Shom payti shafaqrang tus olgan zamin.
Cheksiz sholizorlar ko‘rinar g‘amgin,
Nurli oy yog‘dusi tarangan chog‘i.
Belgilari aniq bo‘lgan bir diyor,
O‘rkach misol tog‘lar, do‘llar timsoling
Otalardan qolgan meros misoli
Ko‘hna vatanimsan, boyliging bisyor.
Cheksiz kengliklardan yaralgan vatan,
Qadimiy shon-sharaf mardlikka maskan.
Bag‘ringga baxt kirib keldi, nihoyat.
Madagaskar dunyo mo‘jaz parchasi,
Shu yer o‘tmish ruhin ochiq darchasi
Xudo yorlaqasin seni toabad.
Muhammad Haydar tarjimalari