Mazisi Kunene (1930-2006)

Mazisi Kunene (Mazisi Kunene) Durbanda tug‘ilgan. Natal universitetini tamomlagan. Bir necha yil o‘qituvchilik qilgandan so‘ng Londonga ko‘chib ketgan. Zulus she’riyati bo‘yicha ko‘p ilmiy ishlari mavjud. 1970 yilda “Zulus she’rlari” nomida she’riy to‘plamini e’lon qildi.

DO‘STLAR

Meni asta-sekin eltadi uyqu,
Garchi asal singaridir sening so‘zlaring.
Sen so‘ngsiz hikoya aytasan menga,
Men mudrayman kaftlaring belanchagida,
Hozircha alamlar teshgan tanimni tebratasan.
O‘rab-chirmaysan uni mehribonlik bilan,
Pichirlaysan, pichirlaysan.
Bilasan-ku, axir, men biribir eshitmayman seni.
Ammo pichirlaring yuragimdan haydaydi
Yolg‘izlikning bedorligini.

TEMIR TAMADDUN

Men ko‘rdim u zotlarni – boshi qirilganlarni,
Shaq-shaq yurarlar temir tishli boshmoqlarda,
Mis chaqaday ko‘zlari chaqchayib…
Men ko‘rdim u zotlarni,
Temir mehroblar oldiga
Sanoqsiz podaday tiqilishardi:
Bolalarni ezib o‘ldirganlari joyda
Tillari osilib turishardi.
Men ko‘rdim, tirnoqlari o‘tkir temir but,
Quchoqlarida yondirardi chaqaloqlarni.
Boshqalari laqillab yurishadi yo‘llarda,
Qon va sutdan bo‘lgan homilasin tashib,
Temir but qarshisida tiz cho‘kishadi.
Men ko‘rdim: sut oqimlari bo‘ylab yurib borardi temir.
Tuproq bujmayardi.
Dunyoda mavjud barcha mexanizmlar uning bag‘rida guvillardi.
Tuproq uvillardi.
Endi inson degan narsa yo‘q edi,
Endi ayol degan xilqat yo‘q edi,
Muhabbatni otdilar bozor ko‘chalariga,
Oltinni to‘zlarga uloqtirganday,
Ularning temir bayramlari uchun
Kerakli tovarday, sovunday.
Ularning oltin qazib chiqaruvchilari esa
Toshyo‘llarning toshlarida yotarlar akashak bo‘lib.
Quyunlarda o‘ldirilib.

Men ko‘rdim ularni – temirga sig‘inuvchilarni,
Og‘izlarin siqib yotishardi…

VIDOLAShUV

Necha yillar sizlarga qo‘shiqlar aytdim,
Mana endi men ketyapman.
Aloqa tamom.
Cho‘kib ketar bu qora nihol botqoqda,
Shamollar yig‘isida cho‘kar urug‘lar,
Ularni sochib tashlar shamol cho‘llarga,
Men ishonaman: ulug‘ kun keladi,
Birlashtirar bizni yo‘llarda.
Shaffof suvli ko‘zalar sari kelsangiz,
Tarqataman tanimdan sahro mudrog‘in,
Meva tugar chog‘i anjirlar,
Majnuntollar soyasi so‘lim titrarkan,
Biyobonlar ohusi o‘tarkan hurkak,
Otalar bo‘sag‘asi uzra o‘tirib,
Echamiz tugunlarni bir-bir, kun bo‘yi.

YaQINLIK

Bizni ajratishga urinar mudroq,
Ammo uyqular kelar – lang ochilar so‘ngra qopqalar.
Qo‘ng‘iroqchalar jarangi ostida keng uy o‘rtasiga
Asta-asta tushib kelasan sen
Va o‘ynashasan yungi o‘siq itlar bilan…
Men sharq eshigining tavaqalarin uzib olaman-da,
Uloqtiraman gurillab yonayotgan gulxanga,
Gulxan sening yuzlaringni yoritar,
Har xil rangli tuproq go‘zalligiday go‘zal u.
Jilmayganin yashirib ortga o‘girilar u.
Ammo uzoq bir yerdan seni kimdir chaqirar –
Va sen g‘oyib bo‘lasan indamay, men bilan gaplashmay,
Va yuzing chizgilarini saqlab qolar ichimdagi g‘am-g‘ussa.

BOShQALAR

Ko‘nglimda hech qanday istak qolmaganda
Qo‘limga shu savatni bering, ichida saqlangan urug‘i bilan.

Men uni boshqalarning istaklari bilan to‘ldirib,
Yo‘li sahrolarda cho‘zilgan odamlarga berayinki,
Sho‘rliklar ochlikni bilmasinlar.

QAYSAR ShOIRA ALISIYa MEDINAGA

Ey, samolar qizining qizi,
Bu dunyoda, ishon, ko‘zyoshlarsiz qo‘shiqlar yo‘q.
Rangdor kamalak qo‘shiqlarining hammasi yerdan chiqqan,
Ularda yerning chirishi muhri bor!
Kunlaringni yerda bekor o‘tkazma,
Qaldirg‘ochlar bilan parvoz qil ko‘klarga!
Mana ular,
Eng ulug‘ qo‘shiqlar, tubsiz yer ostining aks sadolari,
Ko‘zyoshlar bilan to‘la.
Tongotarda ular, ular qondirishar olomonning chanqog‘ini,
Har narsaga qodir so‘zlarning chanqog‘ini.
Bilimsizlik beshigingni tashlasang-chi endi,
Yuragingni lang ochib qo‘y shamollarga.
Shunday kun keladi – yerga sharillab yog‘ar
so‘qirlarning qo‘shiqlari,
Mangu daryolarning gurullashlarin takrorlab.
So‘ng yana gullaydi daraxtlar,
Charchaganlarga soyasi bilan madad berib,
O‘z ulug‘vorlik mevalari bilan qondirar ularning ochligini.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi