OTAMNING VASIYaTI
Yaqinroq kel,
Yaqin kel.
Bo‘yraga o‘t,
Bo‘yraga.
Olovni yoqma,
Olovni.
Istamayman tutunni,
Istamayman tutunning
Seni yig‘latishini,
Seni yig‘latishini.
Magar yig‘lasang, unda
Marhum bobongga yig‘la,
Marhum momongga yig‘la.
Yig‘lamagin qoshimda,
Yig‘lamagin boshimda,
O‘g‘lim — avlodim mening.
Yaqinroq kel,
Yaqin kel.
Bo‘yraga o‘t,
Bo‘yraga.
Olovni yoqma,
Olovni.
Yodda tut, o‘g‘lim:
Og‘anglar bilan
birlashib yasha,
birlashib yasha.
O‘n cho‘pni bukmoq
Oson bittalab,
Bog‘lam bo‘lsa mabodo
Azobdir, azob.
So‘zlarimni unutma
O‘g‘lim — avlodim mening!
Senga tag‘in aytaman:
Ko‘ra olmay, eshitgan
Narsalariga shukr
Etguvchi ojizlarga
O‘xshamasdan to‘g‘ri yur.
Va mana, eshit yana,
Nimalarni aytaman:
Qamish yanglig‘ yashagin —
Shamolda egiluvchan.
U bosh irg‘ar, egilar
Ammo yovuz bo‘ron ham
Sindira olmas uni…
Yaqinroq kel,
Yaqin kel.
Bo‘yraga o‘t,
Bo‘yraga.
Olovni yoqma,
Olovni,
O‘g‘lim — avlodim mening.
MENING YaXShI DOSTONIM
Bu doston —
Barcha dostonlardan go‘zal.
Ko‘rganim, mehnatim
Nuri samari.
Bu doston
Umrimdan rivoyat so‘zlar,
Mening iqtidorim,
Yuragimda bo‘rtayotgan
Xatarli g‘udda.
Bu doston —
Sonetlar daftarchasi emas,
Lirik bo‘tqalarning to‘plami emas.
Dunyoda ism yo‘q
Bu doston uchun —
Inqirozga eltar tanqidchilarni.
Bu doston —
Eng ulug‘ doston.
U yashar
Mana qancha yillardan buyon,
Tugallanmagan, deb aytib ham bo‘lmas.
Bu doston —
Men uni yod bilaman.
Ko‘nglimda varaqlayman
Kunduz ham,
Orzularga cho‘mgan damda ham,
Tungi g‘aflat onlarida ham.
Bilaman, bu doston,
Yaratilmay qolmas,
Garchand boshlanmagan shu damga qadar.
Bilaman, bu doston,
Hech qachon boshlanmas —
Mumkin emas uni boshlamoq,
Chunki uni tugatmasa bo‘lmas.
Bu doston
Miyamning eng ishonchli
Puchmog‘ida shunday qolajak.
JARAYoN
Bu qabohat —
Yangi qabohat emas.
Biz unga chidadik
Juda ko‘p yillar.
Unga qarab turib
Chekkadan
Faqat likillatdik
Dumlarimizni.
Hamd-sano o‘qidik
Laychalar misol,
Ho-holadik
Lozim bo‘lmagan paytda,
O‘ltirdik
Yugurmoq kerak lahzada.
Tek turdik
Kurashmoq zarur pallada,
Yotdik sakrash kerak bo‘lganda,
Uyquga ketdik biz
Uyg‘onmoq payti.
Endi,
Hayot otlig‘ bu changalzorda
Har bir chirmovuq
O‘zi xohlaganday yashash haqqiga
Ega chiqmoqqa majbur.
Hatto ojiz,
Nimjon giyoh ham
Ozod yuksalishga ko‘k qadar
Mahkum sezajakdir o‘zini.
Va mana, kuchanib
Qabohatning esdan og‘dirguvchi
Qo‘lansa islarin yo‘lin to‘samiz.
Biz qarshi hujumni boshlaymiz endi.
Ojiz zarb — bari bir zarb,
Zarblarimiz ko‘payar ekan
Qabohatni yaralar tayin,
Yara esa halokatli bo‘lishi mumkin.
Chori Avaz tarjimalari