Minya an-Nasr ko‘chalarida yugurib yurgan odamni ko‘rish – butun boshli bir voqea. Bu yerda odamlar kamdan-kam yuguradi. Shoshadigan joyi bo‘lmagandan keyin yugurib ham nima qiladi? Qishloqda vaqt daqiqalar va soniyalar bilan o‘lchanmaydi. Hatto poyezdlar ham quyoshga qarab yuradi. Bir poyezd saharlab, erta tongda, ikkinchisi – quyosh tikkaga kelganda, yana uchinchisi esa – quyosh botishi oldidan yuradi. Asablarga tegadigan va hovliqib, shoshib yurishga majbur qiladigan shovqin-suron ham yo‘q. Bu yerda hamma narsa tinch, osuda. Bir maromda kechadi. Hammaning ishonchi komil – aslida o‘zi ham shunday bo‘lmog‘i kerak – shoshqaloqlikning hojati yo‘q.
Minya an-Nasrda yugurib ketayotgan odamni ko‘rishning o‘zi katta bir voqea. Bu – politsiya mashinasining yurakni orziqtiruvchi uvillagan signalini eshitish bilan barobar. Demak, bilingki, biron favqulodda hodisa ro‘y bergan. Mabodo shunaqa hodisa ro‘y beradigan bo‘lsa, bu sokin va mudroq qishloq uchun qanaqa tamosha ekanini o‘zingiz tasavvur qilavering.
O‘sha jumada Minya an-Nasr ko‘chalari bo‘ylab yugurgan bir kishi emas edi. Sirasini aytganda, bu manzarani ko‘rgan odam chopish bo‘yicha musobaqa o‘tkazilyapti deb o‘ylashi ham hech gap emasdi. Lekin bu odamlar nimaga va qayoqqa yugurib ketayotganini hech kim bilmasdi. Ko‘chalar va torko‘chalarda asl osoyishtalik hukm surardi. Bunday osoyishtalik, odatda, juma namozi boshlangandan keyingi fursatlarda yuzaga keladi. Ayollar kirlarini yuvib, mag‘zavalarini ko‘chaga to‘kishadi. Ulardan hosil bo‘lgan ko‘lmaklardan arzon sovunlarning hidi keladi. Bu paytda xonadonlarda ayollar tushlik taomlarini pishirayotgan bo‘ladi, erkaklar esa bekorchilikdan nima qilishlarini bilmay, dasturxonga o‘tiradigan vaqt kelishini kutib, salanglab yurgan bo‘ladi. To‘satdan bu sokin osoyishtalik yugurayotganlarning tapir-tupur qadam tovushlaridan larzaga keladi, ularning devorlari zirillab ketadi. Uylarining oldida to‘planib o‘tirgan erkaklar yonidan chopib o‘tayotgan odamlar salom berib o‘tishni eslaridan chiqarmaydilar. O‘tirganlar ularning salomiga alik olishadi va qayoqqa yugurib ketishayotganini so‘ramoqchi bo‘lishadi, lekin yugurayotganlar ancha nariga ketib qolgan bo‘lishadi. Shunda qiziqib qolganlar o‘tirgan joylaridan turib, nima bo‘layotganining tagiga yetish uchun yugurayotganlar ketgan tomonga yo‘l olishadi. Kimdir shoshilmoqni maslahat beradi. Ular qadamlarini tezlatadilar, bora-bora yugurishga o‘tishadi. Yugurib ketayotib ular uylarining oldida o‘tirgan boshqa odamlar bilan salomlashishadi. Ular ham o‘z navbatlarida o‘rinlaridan turib yugurayotganlarga ergashadilar va birozdan keyin yugura boshlaydilar. Ammo bu yugurishlarining sababi har qancha sirli bo‘lmasin, ertami-kechmi – bu sir, albatta, ochiladi. Keyin hammalari voqea sodir bo‘lgan joyda yig‘ilishadi. Qishloq unchalik katta emas. Uni uzunasiga ham, ko‘ndalangiga ham yugurib o‘tsang-da, hansirab qolmaysan.
Shuning uchun qisqa bir muddat ichida xirmon boshida anchagina odam yig‘ildi. Jinday yugurishga qurbi yetadiganlarning hammasi shu yerda edi. Faqat munkillab qolgan chollar-u, kuchdan qolgan kampirlargina ko‘rinmaydi, xolos. Yana ko‘cha-ko‘ylarda yugurib yurishni o‘ziga munosib ko‘rmaganlar kelgani yo‘q. Bu bilan ular har qanaqa qalang‘i-qasang‘i yoshlarga teng emasliklarini namoyish qilishgan. Lekin ular ham imillab kelayotgan bo‘lsalar-da, qatordan qolmaslik uchun biroz qadamlarini tezlatishga majbur bo‘lishadi.
Ollohning hamma bandalari kabi Minya an-Nasr ahli jumani og‘ir kun deb hisoblashadi. Agar juma kuni biror voqea ro‘y beradigan bo‘lsa, bu hoynahoy yaxshilikka olib bormaydi. Qolaversa, juma kuni hech kim yangi ishga qo‘l urishga botina olmaydi. Hamma ishni shanbaga qoldirishadi. Jumaga nisbatan bunaqa noxush munosabat qayoqdan paydo bo‘lib qoldi deb so‘rasangiz, juma kuni bir omadsiz soat bo‘ladi deb javob berishadi. Lekin bu o‘rinda har qalay, haqiqiy sabab boshqa narsada bo‘lishi kerak, “Omadsiz soat” deganlari bor-yo‘g‘i bir bahona, xolos. Dehqonlar shu bahonani ro‘kach qilib, juma kuni qiladigan ishlarini shanbaga qoldiradilar. Shunday qilib, juma dam olish kuniga aylanadi. Ammo “dam” so‘zida dehqonlar uchun allanechuk uyatli, xijolatli jihat bor. Bu so‘zda dehqonlarning mehnatsevarligiga va kuchiga shubha mujassamday tuyuladi. Dam, istirohat nozikta’b shaharliklargagina kerak. Axir, shaharliklar hatto soya-salqin joylarda ishlaganlarida ham terga botib ketishadi. Har haftada dam olish – oliftagarchilikdan boshqa narsa emas. Shuning uchun, mayli, juma og‘ir kun bo‘laqolsin, mayli, bu kunda omadsiz soat degani ham bo‘la qolsin. Faqat shunday bo‘lgan taqdirdagina hamma yumushlarni jumadan shanbaga qoldirsa bo‘ladi.
Albatta, yugurayotganlarning hammasi biror noxush voqea ro‘y berganidan xavotirda edi. Ammo xirmon boshiga yetib borib, ular na harom o‘layotgan sigirni, na yong‘in shu’lasini, na qonli pichoqbozlikni ko‘rishdi.
Xirmonning o‘rtasida haddan tashqari darg‘azab holda shayx Ali turardi. U bosh kiyimsiz edi, qo‘lidagi hassani jon-jahdi bilan har tomonga o‘qtalib, silkitardi. Yugurib kelganlar “nima gap, tinchlikmi?” deb so‘raganlarida ulardan oldinroq yetib kelganlar “Shayx dindan qaytmoqchi bo‘lyapti” deb javob berishdi. Odamlar kulib yuborishdi. Ular buni odatdagi bema’ni gaplardan biri deb o‘ylashdi. Shayx Ali to‘g‘risida ko‘pdan-ko‘p bunaqa bema’ni gaplar aylanib yurardi. Shayxning o‘zining ham bema’ni qiliqlari ko‘p edi. Uning boshi eshaknikiday katta, bahaybat edi. Ko‘zlari baqraygan, boyqushniki kabi dum-dumaloq. Har bitta ko‘zida oqi bor. Ovozi – bo‘g‘iq, xirillagan, teshigi kirlanib qolgan primusning vishillashiga o‘xshaydi. Shayx hech qachon jilmaymaydi, biron narsadan mamnun bo‘lsa, quloqni qomatga keltiruvchi baland tovushda xoxolab kuladi. Lekin u kamdan-kam hollarda biron narsadan mamnun bo‘ladi. Og‘izdan chiqib ketgan bir og‘iz nojo‘ya gap shayxni tutaqtirib yuborish uchun kifoya. Bunday hollarda u xafa qilgan odamga tashlanib uni do‘pposlay ketadi – shayxning mushtlari esa tegirmon toshiday zalvarli, og‘ir. Yoki qo‘lidagi tayog‘i bilan savalay ketadi. Yo‘g‘on bambuqdan yasalgan, uchiga temirdan uchlik kiydirilgan bu egri tayoqni shayx juda yaxshi ko‘rar va uni hukmdor deb atardi.
Bir zamonlar otasi uni Al-Azxarga o‘qishga yuborgan ekan. Bir kuni uning murabbiysi o‘sha yerdagi shayx bir narsadan jahli chiqib, shayx Alini “Eshshak ekansan!” deb so‘kib yuboripti. O‘z-o‘zidan ayonki, shayx Ali shu joyning o‘zida unga javob qaytarib, “O‘zing biryo‘la oltmish bora eshaksan!” depti. Uni Al-Azxardan haydab yuborishipti, u Minya an-Nasrga qaytib kelib, masjidda imomlik qila boshlapti. Bir kuni u adashib, juma namozda ikki rakaat o‘rniga uch rakaat namoz o‘qib yuboripti. Namozxonlar uning adashganini aytishsa, shayx Ali ularni so‘ka boshlapti. Shu kundan e’tiboran u imomlikni yig‘ishtiripti va masjidga qadam izi qilmay qo‘yipti. Biryo‘la u namozxonlikni ham yig‘ishtiripti. Qarta o‘yiniga hirs qo‘yipti va bor-budining hammasini yutqazib, ship-shiydam bo‘lib qolmaguncha tinchimapti. Shundan keyingina qartani tashlashga qasam ichipti. Baxtiga boshlang‘ich maktabda muallimlik qiladigan Muhammad afandi qishloqda baqqollik do‘koni ochipti va shayx Aliga ertalabki paytlar o‘zining o‘rniga savdo qilib turishni taklif qilipti. Shayx rozi bo‘lipti, lekin atigi uch kungina ishlapti. To‘rtinchi kuni Muhammad afandi kimgadir holva tortib berayotganida uning tosh bosishi uchun tarozining bir pallasiga temir parchasini tashlab qo‘yganni ko‘rgan shayx Ali unga “sen o‘g‘ri ekansan!” deb ro‘yi-rost yuziga aytipti. Muhammad afandi “bu bilan ishing bo‘lmasin, har narsaga tumshug‘ingni tiqaverma, jim turib, savdongni qilaver” deb gapini oxiriga yetkazmasdanoq, shayx Ali pista holvaning katta bir bo‘lagini uning boshiga otibdi. Shundan keyin boshqa bironta odam shayx Alini ishga olishga yuragi betlamadi. Mabodo bunaqa odam topilib-netib qolganda ham shayx Alining o‘zi ishlayman deb ko‘zi uchib turgani yo‘q edi. Ali deganlari juda badbashara odam edi. Fe’li juda og‘ir. Ishlashni xushlamaydi. Shu bilan birga qishloqda uni yomon ko‘radigan bironta odam yo‘q edi. Aksincha, qishloq ahli uni yoqtirar va uning to‘g‘risidagi har xil hangomalarni bir-biriga hikoya qilib yurishardi. Ular shayxning tevaragini qurshab olib, uning g‘ashiga tegishni yaxshi ko‘rishardi.Shayx Ali g‘azabga minganida juda kulgili bo‘lib ketardi. Uning jahli chiqqanida rangi bo‘zarib, ovozi qaltirab ketardi. Hamma unga tegajoqlik qilar, uning g‘ashlanayotganini ko‘rib, rosa xoxolashib kulishar, nihoyat, bu ish jonlariga tekkandan keyin, “Xudo senga yor bo‘lsin, shayx Ali!” degan xitoblar bilan tarqalishardi. Yolg‘iz qolgan shayx Ali alamini “Abu Ahmad”dan olib, hamma g‘azabini unga sochardi. “Abu Ahmad” deb shayx Ali qashshoqlikni aytardi. U qashshoqlikni o‘zining ashaddiy dushmani deb hisoblar va uning to‘g‘risida xuddi tirik odam haqida gapirganday gapirardi. Ba’zan biron odam undan so‘rab qolardi:
– Xo‘sh, ahvollar qalay, shayx Ali? Abu Ahmad bilan murosalaring kelishib yuriptimi? – Bu gapni eshitishi bilan shayx Ali birdan tutaqib ketardi. Uning qashshoqligini yuziga solishlarini yoqtirmas edi. O‘zi qashshoqligi to‘g‘risida istagancha gapiraverardi, lekin boshqalarning og‘zidan bironta ham gap chiqishini xohlamas edi. Axir, shayx Ali o‘zining badbasharaligi va qo‘polligiga qaramay, juda ham tortinchoq, kamsuqum odam edi-da. U biror odamdan tilab olishdan ko‘ra, bir necha kun chekmay yurishni ma’qul ko‘rardi. U doimo yonida ipi bilan ignasini olib yurar, biror joyda g‘alabiyasi yirtilib-netib qoladigan bo‘lsa, bir zumda o‘zi yamab-chatib ketaverardi. Mabodo kiyim-kechagi kir bo‘lib ketsa, qishloqdan chetroqqa borardi-da, o‘zi ularni yuvar va qip-yalang‘och holda o‘tirib, ularning qurishini kutar edi. Uning bittagina sallasi bor edi, lekin qishloqdagi eng toza salla uniki bo‘lardi.
O‘z-o‘zidan ayonki, qishloq ahli yangi hangomani eshitib rosa kuldi. Lekin ko‘p o‘tmay kulgi to‘xtadi, tillar qo‘rquvdan tanglayga yopishdi. “Dindan qaytish” degan ibora juda xunuk ibora. Bu qishloqda ham boshqa hamma qishloqlardagi kabi odamlar xudodan qo‘rqib yashashga odatlanib qolishgan. Bu yerda ham boshqa hamma joylardagi kabi o‘zining xonadoniyu ishidan boshqa hech narsa bilan ishi yo‘q yaxshi odamlar bor edi, shu bilan birga odamlarning jo‘xorisini o‘g‘irlab tirikchilik qiladigan chakana o‘g‘rilar va og‘ilu molxonalarga kirib, mayda mollarni va hatto sigirlarni ham olib ketadigan katta muttahamlar ham bor edi. Katta ishlar bilan shug‘ullanadigan yirik savdogarlar ham, tovarlari bir hovuch chaqa turadigan mayda savdogarlar ham bor edi. Ayollarning ba’zi birlari pinhona tarzda har xil gunoh ishlarga qo‘l urishar, ba’zilari esa bunaqa ishlarni hech kimdan tap tortmay oshkora qilaverishardi. Qishloqda rostgo‘ylar va yolg‘onchilar, bemorlar, qari qizlar, devonalar kabi har xil toifadagi odamlar yashardi. Ammo ularning hammasi muazzinning azon aytgan ovozini eshitishlari bilanoq hamma ishlarini yig‘ishtirib, namoz o‘qigani masjidga yugurishardi. Ramazon kunlari bironta ham odam ro‘zani buzishga jur’at etolmasdi. Qishloqda hammaning va har bir odamning turmushini belgilab turadigan yozilmagan qonunlar mavjud edi. Bular – odatlar, rasm-rusumlar. O‘g‘ri o‘g‘rining molini o‘g‘irlamaydi. Hech kim biror insonni kasbi-kori uchun kamsitmaydi. Bironta odam ko‘pchilikning fikrini chippakka chiqarib, o‘zinikini ma’qullamaydi. Endi bo‘lsa, shayx Ali hamma qonun va qoidalarni oyoqosti qilib hech qanday vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xudoning o‘ziga murojaat qilyapti.
Avvaliga odamlar kuldi, ammo shayxning gaplari quloqlariga yetishi bilanoq har qanday kulgi taqataq to‘xtadi. Uning boshida hech narsa yo‘q edi. Kalta-kalta oq sochlari terdan ho‘l bo‘lib ketgan. O‘ng qo‘lida hukmdor hassasini mahkam qisib ushlab olgan, ko‘zlari besaranjom chaqnab turipti. Chehrasida ta’rifga sig‘maydigan vahshiyona bir g‘azab zuhur etadi. U osmonga tavallo qiladi:
– Sen mendan nima istaysan? Mendan nima xohlashingni o‘zimga ro‘yi-rost ayta olasanmi? Bir to‘p shayxlar vajidan Al-Azhardan quvildim. Bu shayxlar o‘zlarini dini islomning ustunlari deb hisoblashadi. Xotinimdan ajradim. Uyimni sotdim. Abu Ahmad meni boshqalardan ko‘proq ezib yubordi. Nahotki, bu yorug‘ dunyoda mendan boshqa odam qurib ketgan bo‘lsa! Kuchingni Cherchillga ko‘rsat. Yoki Eyzenxauerni jazola! Yoki sening kuching faqat nonga yetadimi? Mendan senga nima kerak o‘zi? Avvallari ba’zi kunlarda och qolardim, yegulik narsa topilmasdi, ha, mayli, derdim o‘z-o‘zimga, hechqisi yo‘q, bir kun ro‘za tutganday gap, derdim. Endi bo‘lsa o‘tgan kundan beri tuz totganim yo‘q, bir haftadan beri chilim chekkanim yo‘q. Qora dorini-ku, xudo o‘zi saqlasin, o‘n kundan beri yaqiniga yo‘laganim yo‘q. Sen jannatda bolu asal, shirin-shakar mevalar, limmo-lim sut to‘lib oqadigan anhorlar bor deysan. Shundoq bo‘ladigan bo‘lsa, nega menga ulardan jinday bermaysan? Nimani kutyapsan? Ochdan o‘lib, jannatga tushishimnimi? Shundagina qornim to‘yib ovqat yeymanmi? Yo‘q, yaratguvchim, bunaqasi ketmaydi. Yo‘qot Abu Ahmadingni mening yonimdan! Jo‘natib yubor uni Amerikaga! Nima, u menga yelimlab yopishtirib qo‘yilganmi? Nega meni buncha qiynaysan? Mening ustimdagi galabiyam bilan qo‘limdagi hukmdorimdan boshqa hech vaqom yo‘q. Yo hozirning o‘zida menga biron yegulik yubor, yo jonimni olib qo‘yaqol! Qornimni to‘ydirasanmi, yo‘qmi?
Bu gaplarning barini shayx Ali chuqur hayajon ichida baqirib aytdi. Hatto uning lablarida ko‘pik paydo bo‘ldi. Basharasini ter bosdi. Uning ovozida nafrat ohanglari eshitilardi. Minya an-Nasr ahlining yuraklari qo‘rquvdan taka-puka bo‘ldi. Ular shayxning chindan ham tahdidlarini amalga oshirishidan va dindan qaytishidan qo‘rqmoqda edilar. Lekin ularni vahimaga solgan narsa faqat shuning o‘zi emas edi. Shayx Alining og‘zidan chiqqan so‘zlarning o‘zi xatarli edi. Axir, xudoning qahri kelishi mumkin edi, u shakkok bandalarini jazolash uchun butun qishloqning ustiga kulfatlar yog‘dirishi mumkin edi. Shayx Alining so‘zlari har bir odam uchun tahdidli edi. Har nima bo‘lganda ham shayxning ovozini o‘chirish kerak edi. Shuning uchun esli odamlar shayxni shirin gaplar bilan yupata boshladilar, uning ko‘nglini olib, tinchishga da’vat qildilar. Shayx Ali tavallosini bir zumgina to‘xtatib, odamlarga murojaat qildi:
– Nega men unimni o‘chirmog‘im kerak ekan, qani, o‘zinglar aytinglar! Ochimdan o‘lib qolsam ham, indamasligim kerakmi? Men ovozimni o‘chirmayman. Sizlar o‘zlaringizning uy-joylaringiz, xotin bola-chaqalaringiz, dalalaringiz, ekin-tikinlaringiz uchun qo‘rqasizlar. Har kim, albatta, o‘zining molu mulki ustida qayg‘uradi. Mening esa hech vaqom yo‘q, shuning uchun men hech narsadan qo‘rqmayman. Agar u mening gaplarimdan darg‘azab bo‘lsa, mayli, meni bu yerdan yo‘qotsin! Mayli, meni daf qilmoq uchun biron farishtasini jo‘nata qolsin. Azroil keladigan bo‘lsa, hukmdorimning zarbidan boshi sog‘ qolmaydi. Imonim haqi, butun aziz-avliyolar haqi – qasamyod qilib aytamanki, agar Egam hozirning o‘zida osmondan menga ochil dasturxonini tashlamasa, men unimni o‘chirmayman. Bibi Maryamdan mening nima kamim bor? Har nima bo‘lganda ham, u ayol kishi edi, men erkakman-ku, axir! Bibi Maryam qashshoq emas edi, mening esa Abu Ahmad bor-budimni so‘rib oldi-ku! Qasamlar bo‘lsinki, agar Egam menga ochil dasturxonini yubormasa, men sira ham unimni o‘chirmayman.
Shundan keyin shayx Ali yana baland ovozda samoga tavallosini boshladi:
– Hoy, ochil dasturxonni yuborsang tezroq yuboraqol, bo‘lmasa men, hech narsaning yuziga qaramayman, baribir, aytganimni qilaman. Yuboradigan dasturxoning ikkita tovuq, bir kosa asal, to‘rtta tandirdan yangi uzilgan non bo‘lsin. Non, albatta, issiq bo‘lmog‘i kerak. Meva-cheva ham esingdan chiqmasin. O‘ngacha sanayman, agar dasturxonni jo‘natmasang, mendan o‘pkalama…
Shayx Ali sanashga boshladi. Minya an-Nasr aholisining yuraklari uning saslari bilan ham bir maromda tepardi. Hammaning asabi oxirigacha tarang tortilgan. Shayx Alini to‘xtatmoq uchun biror ilojini qilmasa, bo‘lmas edi. Kimdir bir nechta baquvvat yigit shayxning ustiga tashlanib, uni yerga ag‘anatib, og‘ziga latta-putta tiqib qo‘ysin deb taklif qildi. Keyin shayxni umrbod esidan chiqmaydigan qilib savalashsa ham bo‘ladi. Ammo shayx Ali g‘azabdan yonib turgan nigohini bir marta ularga qaratishning o‘zida darhol hammalari bu niyatdan qaytishdi. Yigitlar shayxni qo‘l-oyog‘idan tutib ulgurmaslaridanoq shayx hukmdori bilan ikki-uch tushirib qolishi muqarrar edi. Temir uchli bambuq hassaning zarbidan nasibador bo‘lishni hech kim ham xohlamas edi. Azroilning o‘ziningki boshini majaqlab tashlashga tayyor turgan ekan, bu shayx o‘ylab ham o‘tirmasdan miyalarning qatig‘ini chiqarib yuborar edi. Shuning uchun taklif taklifligicha qolaverdi.
Odamlar orasidan kimdir shayxdan so‘radi:
– Sen butun umring mobaynida to‘yib ovqat yemagansan-ku! Nega endi kelib-kelib, ayni shu bugun…
Shayx Ali unga qahrli nigoh tashlab, gapini bo‘ldi:
– Shu bugunga kelganda, Abdil Javod, ish juda ham cho‘zilib ketdi. Tushundingmi, so‘tak.
Boshqa bittasi qichqirdi:
– Xo‘p, mayli, og‘ayni, agar sen och qolgan bo‘lsang, nega bizga aytmading buni? Biz sening qorningni to‘yg‘izar edik. Bunaqa bemazagarchiliklarga hojat qolmasdi.
Shayx Ali unga ham javobini berdi:
– Men sizlardan biron narsa so‘rayapmanmi? Qishloqning o‘zi gadodan badtar qashshoq bo‘lsa, men biron narsa so‘rarmidim? Axir, o‘zlaringiz mendan badtarroq ochsizlar-ku! Sizlarning sadaqalaringizni boshimga uramanmi? Egamdan talab qilaman. Agar bermaydigan bo‘lsa, nima qilishni o‘zim bilaman.
Gapga yana Abdil Javod aralashdi:
– Ishlasang bo‘lmaydimi? Unda och ham qolmas eding! Bir kuning o‘tardi…
Bu gapdan keyin shayx Alining g‘azabi avjga chiqdi. U hassasini silkitib, goh odamlarga, goh osmonga murojaat qilib, baqira boshladi:
– Sening necha pullik ishing bor, Abdil Javod, Sitt Abuxning o‘g‘li? Men ishlashni xohlamaganim uchun, ishlashni bilmaganim uchun ishlamayman. Menga to‘g‘ri keladigan ish yo‘q. Axir, sizlarning o‘zingizni tilga olib bo‘ladimi? Bunaqa ishda eshak ishlasin! Men eshak emasman. Men kun bo‘yi dalada baayni ho‘kizday qo‘sh tortaolmayman. Payg‘ambar haqiga qasamlar bo‘lsinki, agar peshonamga ochdan o‘lish yozilgan bo‘lganda ham, men sizlarga o‘xshab ishlashdan bosh tortgan bo‘lardim.
Uning g‘azabi shu qadar xunuk ediki, bu ish ancha-muncha xatarli tus olganiga qaramay, odamlar kulib yubordi. Shayx Ali qaddini rostlab g‘oz turdi-da, tantanavor ohangda dedi:
– Qani, bas qilinglar. O‘ngacha sanayman. Agar ochil dasturxon tushmasa, dindan chiqaman va ahdlardan qaytaman.
Aniq-ravshan ko‘rinib turardi – shayx tahdidini amalga oshiradi. Keyin oqibat yaxshi bo‘lmaydi.
Shayx yana hisoblashga boshladi. Uning peshonasi terdan yaltirab ketgan edi. Peshingi jazirama chidab bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Odamlar o‘rtasida shivir-shivir ham boshlandi, bu issiq bejiz emas, bu egamning yuborgan jazosidan nishona, jazo amal qila boshladi, hali hamma yoqqa o‘t tutashib ketmasa go‘rga edi. O‘t tushsa, unda o‘rib olingan bug‘doy ham, hali o‘rilmagani ham yonib kul bo‘lishi muqarrar.
Kimdir yangi taklifni o‘rtaga tashladi:
– Unga biror yegulik keltiringlar. Ajab emas tinchib qolsa…
Garchi shayx baland ovoz bilan sanayotgan bo‘lsa-da, bu so‘zlar uning qulog‘iga yetib bordi, shekilli, u odamlarga o‘girilib dedi:
– Qanaqa yegulikni aytyapsizlar, betamizlar? Mog‘or bosgan nonlaring-u qurtlagan pishloqlaringni aytyapsizlarmi? Shularni yegulik deysizlar-da? Xudo haqi, mana bu yerda, ayni shu yerning o‘zida ochil dasturxonni ko‘rmaguncha, uning ustida bir juft qovurilgan jo‘jani ko‘rmaguncha janjalimni bas qilmayman.
Odamlar o‘rtasida g‘ovur boshlandi. Bir kampir luqma tashladi:
– Men bugun jinday bamiya pishirgan edim. Shuni olib kelaymi?
Shayx Ali jerkib tashladi:
– Ovozingni o‘chir, hoy xotin. Bamiyang nimasi? Miyanglarning o‘rnida bamiya bormi deyman-da: Butun qishloqdan achigan bamiyaning hidi keladi…
Abu Sarxam dedi:
– Menda baliq bor, Abu Shayx. Bugun ertalab baliqchi Ahmaddan sotib olgandim.
– Sinchalakday keladigan balig‘ingni boshimga uramanmi? Balig‘ing o‘zingga buyursin. Bu baliq emas, nomigagina baliq, qasamlar bo‘lsinki, agar menga bir juft jo‘ja bilan aytgan narsalarimning hammasini yubormasang, seni qarg‘ayman. U yog‘i nima bo‘lsa, bo‘lar!
Ahvol juda murakkab tus oldi. Indamay turaversang, butun qishloq aholisi bilan nobud bo‘lib ketishi hech gap emas. Nima qilib bo‘lsa ham shayxning unini o‘chirmoq kerak. Lekin qanday qilib? Yuzlab odamlar birvarakayiga tomoqlariga zo‘r berishib, shayx Alini tushlikka taklif qilib qichqirishdi. Biroq shayx hamma takliflarni birvarakay rad etdi:
– Ahvolim nochorligidan hamma xabardor. Uch kundan beri hech kim menga biron tishlam non bergani yo‘q. Endi eslaringga kelib qoldimi? Yo‘q, men tilaganimni egamdan olmoqchiman.
Odamlar bir-birlariga qarashdi. Bugun kim nima ovqat qilganini surishtirishdi. Axir, odamlar har kuni ham qozon qaynatavermaydilar-da? Agar birorta odamning dasturxonida go‘shtmi yoki tovuqmi paydo bo‘lib qolsa, o‘sha kuni bayram bo‘lib ketardi. Nihoyat, Abdurahmonning uyida bir qadoq pishgan buzoq go‘shti borligi ma’lum bo‘ldi. Odamlar xontaxta-tabliya ustiga dasturxon yozib, uning ustiga buzoq go‘shtini qo‘yib, uning yoniga bir bog‘ rediska, ko‘k piyoz, yangi yopilgan to‘rtta non qo‘yib, shayx Alining oldiga surishdi.
– Shunga qanoat qilarsan?
Shayx Ali goh osmonga, goh tabliyaga qarardi. Har gal u osmonga nigoh tashlaganida, ko‘zlarida o‘t chaqnardi, ovqatga qaraganda esa, uning basharasi g‘azabdan gezarib ketardi. Hamma damini ichiga yutib, nima bo‘lishini kutmoqda. Nihoyat, shayxning ovozi yangradi:
– Men ochil dasturxon so‘ragan edim, sizlar menga tabliyani tiqishtiryapsizlar, esi pastlar. Sigaretalar qani?
Kimdir tabliyaning ustiga bir quti sigareta qo‘ydi.
Shayx qo‘lini uzatib, go‘shtdan kattagina bo‘lakni uzib oldi, ammo uni og‘ziga olishdan avval, yana so‘radi:
– Qora dori qani?
Unga kesatib javob berishdi:
– O‘h-hu! Ishtahang juda karnay-ku!
Shayx Ali yana g‘azab otiga mindi, g‘alabiyasini yechib tashladi, sallasini yerga otib urdi, hassasini silkitib, yana “dindan chiqaman” deb, po‘pisa qila boshladi. Odamlar qora dori sotadigan Mandurni boshlab kelmagunlaricha, shayx Ali tinchimadi. Mandur unga bir bo‘lak qora dori berdi.
– Mana, manavini ol, shayx Ali. Bu – senga. Sendan hech narsamizni ayamaymiz. O‘zing aytishga tortinishingni bilmabmiz-da! Odamlar gaplaringni anqayib tinglashadi-yu, keyin tarqalib ketaverishadi. Seni butkul eslaridan chiqarishadi. Biz senga g‘amxo‘rlik qilmog‘imiz kerak, shayx Ali! Sen bo‘lmasang, yana Abu Ahmad bo‘lmasa, qishlog‘imizdan butunlay putur ketib qoladi-ku! Sen bizni kuldirib, ko‘nglimizni olib yuraver, ovqatning tashvishini qilma – ovqating bizning bo‘ynimizga. Gapim to‘g‘rimi, xaloyiq?
Shayx Ali yana tutaqdi, yana hassasini ko‘tarib, Mandurga tashlandi. U Mandurning boshining qatig‘ini chiqarish payida edi.
– Men sizlarni kuldiramanmi? Hali sizlarga kulgi bo‘lib qolgan ekanman-da? Shunaqa demoqchimisan, itdan tarqagan Mandur! Yo‘qol, ko‘zimdan daf bo‘l! O‘zingga ham, otangga ham ming la’nat!
Mandur kulib, uning yonidan qochdi. Odamlar ularning to‘polonini ko‘rib, rosa kulishdi va har tomonga tirqirab ketishdi: shayx Ali duch kelgan odamga la’natlar yog‘dirib, qarg‘anmoqda edi.
* * *
Shayx Ali hali ham Minya an-Nasrda yashaydi. Odamlar hamon uning to‘g‘risida har xil hangomalarni gapirib yurishadi. Fazabi tutsa, u hali ham kulgili ahvolga tushadi va odamlar miriqib kulishadi. Lekin o‘sha kundan beri odamlar unga boshqacha muomala qiladigan bo‘lib qolishdi. Uning xirmon o‘rtasida g‘alabiyasiz va sallasiz, hukmdorini silkitib, baqirib-chaqirib turganini ko‘rishlari bilanoq uning Abu Ahmad shayxni ancha qiynab qo‘yganini fahmlashadi. Endi ular shayxning og‘zidan bironta ham kufrona gap chiqishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Bir zumda u tilagan taomlarni tayyor qilishadi. U ham endi muhayyo qilingan taomlarga qanoat qilib, tezgina g‘azabdan tushadigan bo‘lib qolgan.
Ruschadan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 5-son