Ko‘l olisdan xira mavjlanib ko‘zga tashlanar edi. U oy yog‘dusiga cho‘mgan ko‘hna bog‘dagi hovuzga jimirlab quyilayotgan suvning rangini esga solardi. Ko‘lning qarama-qarshi qirg‘og‘ida daraxtlar yonardi. Yong‘in ko‘zga urguday shitob bilan yoyilib borardi. Chamasi, o‘rmonga o‘t tushganga o‘xshaydi.
Qirg‘oq bo‘ylab tutun quyuni bostirib kelar va uning soyasi ko‘lning oynadek tip-tiniq yuzida aniq-tiniq aks etgandi.
Bir guruh kishilar yuqoriga ko‘tarilayotganidan, tepalikning yon-bag‘ri qorayib ko‘rinardi.
Havo quruq, musaffo va sokin edi. Tepalik adog‘idagi shaharning quyi qismini ham olov qoplab olgandi. Yuqoriga ko‘tarilayotgan olomonni yorgancha bir ayol pastga tushib kelardi. Faqat yolg‘iz ugina quyiga enib borardi. Atrofni qurshab turgan hayot g‘ayritabiiy asnoda sas-sadosiz edi.
To‘ppa-to‘g‘ri olov ummoni sari borayotgan ayolga tikilib turib, men dahshatga tushdim. Xayolan ayolga yozg‘irdim: «Nega yolg‘iz sengina quyiga enib boryapsan? Nima, olovning qurboni bo‘lishni istaysanmi?» — «Yo‘q, o‘lgim kelmayapti, ammo g‘arb tomonda sening uying joylashgan, shuning uchun men sharqqa qarab ketyapman».
Men a’zoyi-badanimda kuchli og‘riqni his etib o‘zimga keldim, ayolning nigohi go‘yoki lovullab yonayotgan olov qo‘ynidagi ikki qora nuqtaga aylangandiyu meni yarador qilgandi.
Men ko‘zlarimda yosh bilan o‘zimga keldim.
Ayol hatto mening uyim yo‘nalishi bo‘ylab yurishdan ham nafratlanishi endi menga ayon edi. Nima bo‘pti, ko‘ngli buyurganini qilsin. Men sirtdan bu o‘y bilan kelishib tursam-da, bari bir — ayolning ayni chog‘dagi his-tuyg‘ularining qizig‘i yo‘q — ayol qalbining tub-tubida, o‘zimga nisbatan muhabbatning hech qursa uchqunlari saqlanib qolganiga umid ko‘zini tikkim kelardi. Men o‘zimning bu xudbinligim ustidan kular va shu barobarida ushbu uchqunni alanga oldirishni istardim.
Ayni chog‘da bu ro‘y berib o‘tgan tush ustida xayolga cho‘mib turib, mening yuragimda ham ayolga nisbatan jinday iliqlik saqlanib qolgan, deb ishonch bilan ayta olamanmi?
Bu tush mening his-tuyg‘ularimning aksi edi. Ayol mening tushimda boshidan kechirgan bu kechinmalar aslida men tomondan o‘ylab topilgan edi. Bular mening his-tuyg‘ularim edi. Va yana tushda his-tuyg‘ular yolg‘onga qorishmay, qanday bo‘lsa shundayligicha namoyon bo‘ladi, hayotga yaqinroq turadi.
Bu o‘y-xayollar meni og‘ir qayg‘uga soldi.
Shodiqul Hamroyev tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 5-son